Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish va yangilash uchun 273,8 mln AQSh dollari miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda OTB saytida xabar qilingan.
OTB mablag‘lari Surxondaryodagi Darband — Denov yo‘lining 106 kilometrini yangilashga yo‘naltiriladi. Shuningdek, ular yordamida SARES-2 koridoriga (O‘rta yer dengizi va Sharqiy Osiyo) kiruvchi A380 (G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beyneu) avtomobil yo‘lining 87 kilometrini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlanadi.
Loyiha doirasida yo‘llar kengaytiriladi va rekonstruksiya qilinadi, bunda safar vaqtlari va avtomobillarni ta’mirlash xarajatlarini qisqartirish ko‘zda tutilgan. Piyodalar uchun infratuzilma, jumladan, avtobus bekatlari yaxshilanadi.
Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligi ta’minlanadi, yo‘l belgilari yangilanadi. Darband va Denov shaharlari yaqinida yo‘l qismidagi yukni kamaytirishga yordam beradigan harakatda tortish tizimlari o‘rnatiladi.
«Dengizlardan olisda joylashgan mamlakatni qo‘shni davlatlar bilan bog‘lashda avtomobil yo‘llari muhim o‘rin tutadi. Yo‘llarning sifati va xavfsizligini oshirish O‘zbekistonning transport salohiyatini ochishga yordam beradi. Yo‘l tarmog‘i joriy imkoniyatlar talablariga javob beradi, ammo uning xavfsizligini ta’minlash kerak», — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov.
Loyiha iqtisodiyotning tiklanishini tezlashtiradi, savdo va turizmga yordam beradi va yaqin atrofdagi aholini ish bilan ta’minlaydi.
«Muhandislik yechimlari xavfsizlik, iqlimga chidamlilik va iqtisodiy samaradorlik bo‘yicha xalqaro standartlarga javob beradi», — deya ta’kidlagan OTB mintaqaviy transport direktori Xideaki Ivasaki.
OTB shuningdek, loyiha amalga oshirilayotgan joylarda tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun grant sifatida 150 000 dollar ajratadi. Ularga moliyaviy savodxonlik, marketing va tadbirkorlik yo‘nalishlari o‘rgatiladi.
Izoh qoldirish