“O‘zbekgidroenergo” AJ “Loyihalar fabrikasi”dan o‘rin olgan yangi GESlarni qurish, modernizatsiya qilish borasidagi investitsiyaviy loyihalarning amaliy ijrosida faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlaridan davlat kafolatisiz kredit jalb qilish borasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) – keng qamrovli hisob-kitob operatsiyalarini qamrab oladi. Bunda, MHXS orqali aniq, majburiy qoidalar belgilanadi. MHXS moliyaviy hisobdorlik, MHXS tamoyillari hamda asosiy hisobotlar turlariga tayanadi. MHXSga muvofiq, aktivlar, majburiyatlar, kapital, daromad hamda xarajatlar moliyaviy hisobdorlikning asosiy elementlari hisoblanadi.
MHXSning asosiy tamoyillarini quyidagilar tashkil qiladi:
Ish haqini hisoblash. Bu tamoyil orqali pul mablag‘lari harakatlaridan qat’i nazar, muayyan bir davr uchun hisoblangan holat namoyon bo‘ladi.
Uzluksiz harakat tamoyili. Jamiyatning yaqin kelajakda hech bir to‘siqsiz ish faoliyatini davom ettirishi, tashqi investitsiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etish va halqaro kreditlarni davlat kafilligisiz olish imkoniyatini yaratadi.
MHXSga muvofiq, hujjatlar 4 ta hisobotdan iborat bo‘ladi:
– korxonaning hozirgi moliyaviy holati bo‘yicha hisobot;
– umumiy daromad bo‘yicha hisobot;
– kapitalning o‘zgarib borishi bo‘yicha hisobot;
– pul oqimlari harakati bo‘yicha hisobot.
“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan ana shu maqsadda “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi hamda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Jamiyat tomonidan nafaqat xalqaro standartlar (MHXS) asosida moliyaviy hisobotlarni tayyorlash, balki, Jamiyat va uning tizim korxonalarida MHXS asosida doimiy va uzluksiz hisobdorlik faoliyati yuritilmoqda. Ushbu jarayonga malakali, yetuk va tajribali mutaxassislar jalb etildi, deb ma’lum qilmoqda “O‘zbekgidroenergo” AJ Axborot xizmati.
Ayni vaqtda, Jamiyat va tizim korxonalarining mol-mulklarini MHXSga o‘tkazish maqsadida, haqqoniy qiymatni aniqlash uchun “Grant Thornton Valuation” MChJ baholash tashkiloti bilan tegishli tartibda baholov ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, Jamiyat va tizim korxonalarining moliyaviy hisobotlari MHXS asosida to‘laqonli yuritilishini tasdiqlash maqsadida, butun dunyo tan olgan, jahonning audit tashkilotlari to‘rtligiga kirgan “PricewaterhouseCoopers” MChJ auditorlik tashkiloti jalb etildi.
Eng muhimi, Prezidentimizning tegishli topshiriqlariga asosan, xalqaro kredit reytingini olish uchun, jahon moliyaviy bozorida tan olingan, kuchli uchlikka kiruvchi reyting agentliklaridan biri hisoblangan “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi bilan izchil ishlar olib borilmoqda. Joriy yilning sentyabr oyida “O‘zbekgidroenergo” AJning moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari asosida xalqaro kredit reytingiga ega bo‘lishi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 29 yilligida milliy gidroenergetika tarmog‘ining o‘ziga xos yutug‘idir.
“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan olib borilayotgan sa’y-harakat, bu kabi izlanishlar zamirida xalqaro kredit reytingini olish, davlat kafolatisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlarni jalb qilish hamda yaqin kelajakda London birjasida obligatsiyalar chiqarish rejalashtirilmoqda.
Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasida MHXSga o‘tish ushbu yo‘nalishda milliy iqtisodiyot tarixida yangi sahifa ochish bilan barobardir. Zero, mazkur xalqaro kredit reytingiga hozirga qadar yurtimizda energetika tizimida faoliyat yurituvchi biror-bir aksiyadorlik jamiyatlari ega emas. Bu esa, o‘z navbatida, Jamiyatning moliyaviy hisobotlari MHXSga muvofiq buxgalteriya hisobining milliy standartlari bo‘yicha moliyaviy hisobot taqdim etishdan ozod etilishini anglatadi.
Shu o‘rinda, “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibidagi korxonalar O‘zbekistonda birinchilar qatorida “ISO 50001 Energetika menejment tizimlari” xalqaro standartini joriy etishga muvaffaq bo‘lganligini qayd etish joiz.
O`zDSt ISO 50001:2019 “Energetika menejmenti tizimi. Qo‘llash bo‘yicha talab va yo‘riqnomalar” milliy muvofiqlik standartlari bo‘yicha sertifikatlar ilk marotaba energetika tizimida “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibidagi GESlarga taqdim etilgan.
Izoh qoldirish