2026 yil 13 may kuni O‘zbekiston kapital bozori tarixidagi eng yirik IPO yakunlandi. Milliy investitsiya fondi - UzNIF aksiyalarini bir vaqtning o‘zida London fond birjasi va “Toshkent” respublika fond birjasida joylashtirgan birinchi o‘zbek emitentiga aylandi.
18 may kuni fond aksiyalari London fond birjasida to‘liq savdolarga o‘tdi. Shu kuni Toshkent fond birjasida ham savdolar boshlanib, xalqaro va mahalliy investorlar uchun O‘zbekiston davlat aktivlari portfeliga bozor mexanizmi orqali kirish imkoniyati yaratildi.
UzNIF joylashuvi mamlakat tarixidagi birinchi xalqaro IPO hamda Yangi O‘zbekiston moliyaviy tizimidagi eng muhim voqealardan biri bo‘ldi. Ilk bor xalqaro investorlarga yagona bozor instrumenti orqali mamlakat davlat aktivlariga diversifikatsiyalashgan kirish imkoniyati taklif etildi.
Fond energetika, kommunal infratuzilma, telekommunikatsiya, bank va transport sohalaridagi 13 ta yirik davlat korxonasida ulushlarga ega. 2025 yil yakuni holatiga ko‘ra, portfelning umumiy sof aktivlar qiymati 2,44 mlrd dollarga baholangan.
Fond aktivlarining 32,4 foizi - transport sohasiga, 19,1 foizi - energetikaga, 15,2 foizi - telekommunikatsiyaga, 14,9 foizi - kommunal xizmatlar va 13,4 foizi - bank sektoriga to‘g‘ri keladi.
Fondning eng yirik aktivlari qatoriga Uzbekistan Airways, Uzbektelecom, Uzbekhydroenergo gidroenergiya kompaniyasi, Temir yo‘l infratuzilma kompaniyasi hamda SQB banki kirdi. Uzbekistan Airways sof aktiv qiymati taxminan 403 mln dollarga baholangan.
IPO joylashuvining ahamiyatini oshirgan asosiy omillardan biri Franklin Templeton kompaniyasining fond ishonchli boshqaruvchisi sifatida ishtirok etgani bo‘ldi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi fond aktivlarini professional boshqarish uchun Franklin Templeton kompaniyasini jalb qildi va 2025 yilda boshqaruv vakolatlari rasman ushbu kompaniyaga topshirildi.
Xalqaro moliya bozori uchun Franklin Templeton ishtirokining o‘zi korporativ boshqaruv sifati, bitim tuzilmasining shaffofligi va fondning uzoq muddatli strategiyasiga nisbatan ishonch belgisi sifatida qabul qilindi.
Franklin Templeton’ning UzNIF bo‘yicha rahbari Marius Dan IPOni “ O‘zbekiston kapital bozorlari uchun tarixiy daqiqa” deb ta’rifladi va uni “O‘zbekistondan dastlabki xalqaro aksiyadorlik bitimi” sifatida belgiladi.
Valyuta liberallashuvidan London birjasidagi IPOgacha
O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya fondining IPOsi qariyb o‘n yillik iqtisodiy islohotlar natijasiga aylandi. 2017 yildan boshlab O‘zbekiston ochiq va integratsiyalashgan iqtisodiyot sari bosqichma-bosqich harakat qildi. Mamlakatda valyuta bozori liberallashtirildi, valyuta konvertatsiyasi bo‘yicha cheklovlar bekor qilindi, bank tizimi orqali valyuta operatsiyalari legallashtirildi hamda ikki xil valyuta bozori amaliyoti tugatildi.
Bu davr mobaynida aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 1781 dollardan 3900 dollargacha oshdi, ishsizlik darajasi 10,5 foizdan 4,9 foizgacha pasaydi, aholining real daromadlari esa 83 foizdan ortiq o‘sdi.
Shu bilan birga, mamlakat tashqi savdo siyosati ham o‘zgardi. Import bojlarining o‘rtacha darajasi 15,3 foizdan 7 foizgacha tushirildi, oziq-ovqat mahsulotlarining 59 ta toifasi bo‘yicha nollik import tariflari joriy etildi. O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichiga chiqdi. Shu fonda mamlakat eksporti 2017–2025 yillarda 2,7 barobarga oshib, 12,9 mlrd dollardan 35,5 mlrd dollarga yetdi.
O‘zgarishlar ichki iqtisodiyotni ham qamrab oldi. Don mahsulotlari va paxta sohasi kabi ayrim tarmoqlarda davlat narx cheklovlari bekor qilinib, iqtisodiyotda bozor mexanizmlari kengaydi.
Eng sezilarli o‘zgarishlar investitsiya sohasida kuzatildi. 2017 yilda asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi taxminan 14 mlrd dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 47 mlrd dollarga yetdi. To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi esa besh barobardan ziyod o‘sib, 2,4 mlrd dollardan 12,5 mlrd dollargacha ko‘tarildi.
Erkin iqtisodiy zonalar soni 3 tadan 46 tagacha oshdi. Mamlakatda 700 ga yaqin sanoat zonalari, jumladan 200 ta yoshlar sanoat zonasi va 500 ta kichik sanoat zonalari tashkil etildi. 2025 yil yakuniga kelib davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari doirasida umumiy qiymati 29,2 mlrd dollar bo‘lgan qariyb 2,8 mingta loyiha amalga oshirilayotgan edi.
Shu bilan bir vaqtda kapitalning uzoq muddatli oqimi uchun institutsional asos ham shakllantirildi. O‘zbekiston ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish bo‘yicha 54 ta bitim va investitsiyalarni himoya qilish hamda rag‘batlantirishga oid 50 dan ortiq kelishuv imzoladi.
Tarkibiy islohotlar, makroiqtisodiy barqarorlik va ichki bozor o‘sishining uyg‘unlashuvi xalqaro investorlar nigohida O‘zbekiston haqida yangi tasavvurni shakllantirdi hamda mamlakatning global kapital bozoriga chiqishi uchun zamin yaratdi.
Xalqaro bozor uchun signal
London fond birjasidagi xalqaro joylashuv doirasida fondning global depozitar tilxatlari (GDR) joylashtirildi. Har bir GDR UzNIF’ning 64 700 ta aksiyasiga teng bo‘ldi. Joylashtirish narxi bir GDR uchun 25 dollar etib belgilandi.
Joylashuv natijasida taxminan 603,6 mln dollar mablag‘ jalb qilindi va fond qiymati qariyb 1,95 mlrd dollarga baholandi. Bitim doirasida fond kapitalidagi 31 foiz ulush sotildi. Qo‘shimcha joylashtirish opsioni to‘liq ishga tushsa bitim hajmi taxminan 691 mln dollargacha oshishi mumkin.
UzNIF IPOsiga talab taklif hajmidan to‘rt barobardan ortiq bo‘ldi. Bitimning eng yirik cornerstone investorlari sifatida BlackRock, Franklin Templeton, Redwheel va Allan & Gill Gray Foundation ishtirok etib, taxminan 300 mln dollarlik GDR sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Joylashuvning xalqaro koordinatori sifatida Jefferies kompaniyasi qatnashdi. Shuningdek, Abu Dhabi Commercial Bank, Raiffeisen Bank International, WOOD & Company va Auerbach Grayson ham bitim tashkilotchilari qatoriga kirdi.
London fond birjasi uchun UzNIF joylashuvi 2026 yildagi eng yirik IPO hamda 2021 yildan buyon yopiq investitsiya fondlari orasidagi eng katta IPO bo‘ldi. Joylashtirish hajmi bo‘yicha bitim joriy yilda Yevropadagi eng yirik IPOlar qatoriga kirdi.
Joylashuvning asosiy qismi xalqaro investorlar hisobiga to‘g‘ri keldi. Bitimning qariyb 97 foizi London transhi orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, mahalliy bozor ulushi taxminan 3 foizni tashkil qildi.
“Toshkent” respublika fond birjasida 47,94 mlrd dona aksiya joylashtirildi. IPO jarayonida umumiy qiymati 214,61 mlrd so‘m yoki taxminan 17,78 mln dollar bo‘lgan 4943 ta bitim tuzildi. Mahalliy chakana investorlar uchun aksiyalar 5 foizlik chegirma bilan taklif qilindi.
IPO yakunlanganidan keyin bozor fondga mustaqil baho bera boshladi. Toshkent fond birjasidagi savdolarning birinchi kuni dastlabki soatlardayoq bitimlar hajmi 1 mlrd so‘mdan oshdi. 1100 dan ortiq bitim amalga oshirildi va aksiyalar qiymati chakana investorlar uchun joylashtirish narxiga nisbatan 37 foizdan ziyod o‘sdi.
Savdo sessiyasining o‘rtasiga kelib, xarid bo‘yicha buyurtmalar hajmi sotuv buyurtmalaridan qariyb uch barobar yuqori bo‘ldi. Birja bozorda xarid bo‘yicha talab 50,8 mln aksiyani tashkil qildi, sotuv takliflari esa 17 mln aksiya darajasida bo‘ldi.
Ijobiy dinamika xalqaro maydonda ham kuzatildi. Savdolarning dastlabki bosqichida fondning GDRlari 25 dollarlik joylashtirish narxiga nisbatan 28 dollargacha ko‘tarildi va keyinchalik 27 dollar atrofida barqarorlashdi.
IPO jarayonida fondning 2025–2035 yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi ham tasdiqlandi. Tegishli qaror 15 may kuni UzNIF aksiyadori tomonidan qabul qilindi.
Fond hujjatlarida 2025 yil fondning shakllanish va aktivlarni to‘liq bozor tamoyillari asosida boshqarish modeliga o‘tish davri sifatida baholangan. Birinchi bosqich yakunlari bo‘yicha ishonchli boshqaruvchi va kuzatuv kengashi faoliyati qoniqarli deb topildi.
Yana bir necha yil oldin bunday miqyosdagi o‘zbek emitentining xalqaro kapital bozoriga chiqishi ehtimoli past deb qaralardi. Bugun esa UzNIF IPOsi O‘zbekistonning global moliyaviy tizimga integratsiyalashuvidagi yangi bosqich ramzi sifatida qabul qilinmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish