Joriy yilning 19 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov videokonferensiya shaklida “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni Podshohligi) kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi, O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashi hamraisi Muhammad Abunayyan bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar amaldagi qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish, shuningdek, muqobil energiya sohasida investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi negizida quvvati 1500 MVt bo‘lgan kombinatsiyalashgan siklli issiqlik elektr stansiyasi qurilishining borishi muhokama qilindi hamda Buxoro viloyatida umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasi qurish ishlarini boshlashni jadallashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Kompaniya yangi keng ko‘lamli investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali O‘zbekistonda o‘z ishtirokini kengaytirish niyatida ekanligi ma’lum qilindi. Xususan, tomonlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy quvvati 1,5 GVtgacha bo‘lgan yangi shamol elektr stansiyalarini qurish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Bu loyihalar O‘zbekiston Hukumatining 2030 yilga borib mamlakat elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi miqdorini 3 GVtga yetkazishga qaratilgan mamlakat energiya balansini diversifikatsiya qilishga oid dasturning bir qismidir. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi bilan yiliga uglerod chiqindilarini 1,6 mln tonnaga kamaytirish hamda O‘zbekiston Hukumati tomonidan 2030 yilga borib mamlakat energiya quvvatlarining 25%ni qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tkazish bo‘yicha belgilangan maqsadlariga erishish kutilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashi faoliyati muhokama qilindi. Jumladan, sog‘liqni saqlash, neft-gaz sohasi, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish va turizm sohalaridagi qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi. Muloqot doirasida tomonlar Savdo, iqtisod, investitsiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi Hukumatlararo komissiyasining to‘rtinchi yig‘ilishini, shuningdek, O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashining ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Muzokaralar yakunida amalga oshirilayotgan va ishlab chiqilayotgan loyiha va tashabbuslarni ilgari surishni jadallashtirish maqsadida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun: “ACWA Power” kompaniyasi elektr stansiyalarini, shuningdek, suvni chuchuklantirishga mo‘ljallangan sanoat inshootlarini qurish, loyihalash, moliyalashtirish va ulardan foydalanishga ixtisoslashgan. Kompaniya tahminan 3500 kishini ish bilan ta’minlaydi. Saudiya Arabistoni kompaniyasi xalqaro maydondagi faoliyatini Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi 12 mamlakatda amalga oshiradi. “ACWA Power” portfeli 38,7 GVt elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi quvvatlaridan iboratdir.
Izoh qoldirish