Shu yilning o‘tgan davrida ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy-huquqiy sohadagi bir qator xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o‘rni yaxshilandi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohaga oid ustuvor xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash bo‘yicha 2021 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasining birinchi chorakdagi ijrosi muhokama qilindi, deb xabar qilmoqda Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.
Jahon bankining Statistik salohiyat indeksida O‘zbekiston 2020 yilda 2019 yilga nisbatan 16 pog‘onaga ko‘tarilib, 146 ta mamlakat orasida 61-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Jahon mamlakatlari demokratiyasi indeksida mamlakatimizning o‘rni 2020 yilda 2 pog‘onaga yuqorilab, 167 ta mamlakat ichida 155-o‘rinni egallagan. Global innovatsion indeksda O‘zbekiston jami 100 balldan 24,54 ball bilan 2015 yilga nisbatan o‘z o‘rnini 29 pog‘onaga yaxshilab, 131 ta mamlakat orasida 93-o‘rinni, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari orasida esa 4-o‘rinni qayd etdi.
Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun indeksi”da O‘zbekiston xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritilib, 70,6 ball bilan 5 pog‘onaga yuqorilab, 190 ta davlat orasidan 134-o‘rinni (2019 yilda – 139-o‘rin) egallagan.
Shu bilan birga yig‘ilishda xalqaro reytinglar va indekslarning tarkibiy indikatorlarida mamlakatimiz o‘rnini yanada yaxshilash maqsadida joriy yilda amalga oshirilishi mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasiga qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” va qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Izoh qoldirish