O‘zbekiston jahon iqtisodiyoti trendlarida (2025 yil dekabr-yanvar)

O‘zbekiston jahon iqtisodiyoti trendlarida (2025 yil dekabr-yanvar)

Lotin Amerikasi davlati rahbarining ilk tashrifi

11 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xalqaro avtomobil federatsiyasining Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni, jumladan, savdo-iqtisodiyot, madaniy-gumanitar, ta’lim va boshqa sohalarda kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. O‘zaro savdoni ko‘paytirish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va kimyo sanoati, raqamlashtirish, turizm hamda sport sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish va o‘zaro manfaatli sohalarda amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini tasdiqladilar. Muzokaralar yakunida Qo‘shma bayonot, shuningdek, O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi doirasida bozorga kirish masalalari bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani to‘g‘risidagi bayonnoma hamda Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuv mexanizmini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolandi.

O‘zbekiston yetakchisi Lotin Amerikasi davlati Prezidenti tomonidan O‘zbekistonga ilk bor amalga oshirilayotgan ushbu tashrif tarixiy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Mazkur sammit ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishda yangi davrni boshlab berishi ta’kidlandi.

Turkmanistonda qo‘shilmaslikning ustuvor yo‘nalishlari

11-12 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Ashxobodda bo‘lib, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan muzokaralar olib bordi va Xalqaro forumda ishtirok etadi.

Muzokaralar davomida Turkmaniston Prezidentining yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sherikligini yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuvda ta’kidlanganidek, yil boshidan buyon O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida tovar ayirboshlash qariyb 1 mlrd. dollarga yetdi. “Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Yuk tashish hajmi 30 foizga oshdi, jumladan, Turkmanboshi porti orqali yetkazib berish faollashdi. Faol gumanitar va hududlararo almashinuvlar davom etmoqda. Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi va Hududlar forumining bo‘lajak yig‘ilishlarida savdo hajmini karrasiga oshirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari, xususan, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda qo‘shma kooperatsiya loyihalarini samarali ilgari surish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari Turkmaniston doimiy betarafligining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025 yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

O‘zbekiston 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilishni rejalashtirayotganini inobatga olib (mamlakatimiz harbiy bloklarda qatnashmaslik tamoyili asosida 120 ta davlatni birlashtirgan ushbu tashkilotga 1992 yilda qo‘shilgan), Prezidentimiz forumdagi o‘z chiqishida O‘zbekistonning Qo‘shilmaslik harakatidagi bo‘lajak raisligi davrida biz tinchlik va zo‘ravonlikdan xolilik madaniyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha global harakatni rag‘batlantirish, siyosiy muloqot asosida davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, jahonda bag‘rikenglik, hamjihatlik va birdamlik muhitini qaror toptirishga ko‘maklashishni bosh ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilash niyatida ekanimizni bildirdi.

O‘zbekistonning raisligi davomida kelgusi avlodlar manfaatlari yo‘lida mojarolarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2027 yilni Preventiv diplomatiya yili deb e’lon qilish rejalashtirilgan. Uning doirasida konferensiya va forumlar tashkil etish, parlament, jamoat va yoshlar delegatsiyalarining o‘zaro almashuvlarini qamrab oladigan tadbirlar dasturi qabul qilinadi.

Prezidentimiz global miqyosda keskinlik saqlanib qolayotgan va davlatlar o‘rtasida ishonch zaiflashayotgan hozirgi sharoitda tinchliksevarlik va vositachilik tamoyillariga umumiy sodiqlik har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganini ta’kidladi. Aynan shu sababli ham O‘zbekiston Turkmanistonning 2025 yilni “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlab, BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyusiyasining hammuallifi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, o‘zaro ishonch, hurmat va jipslik tamoyillari Markaziy Osiyoni tinchlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik makoniga aylantirish borasidagi siyosatning ham asosi ekanligini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan, Turkmanistonning konstruktiv va tinchliksevarlik siyosati Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashning muhim omili hisoblanishiga alohida urg‘u berildi.

O‘zbekiston yetakchisi o‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlikka asoslangan gumanitar hamkorlikni ilgari surish muhimligini ta’kidlab, 2026 yilda Toshkentda “Madaniyatlar muloqoti” qo‘shma xalqaro gumanitar forumini tashkil etish va “Yoshlar tinchlik va ishonch yo‘lida” mintaqaviy dasturini joriy etishni taklif qildi. Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida O‘zbekiston dunyoda adolatli va barqaror tartibotni barpo etishga bundan buyon ham amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini ta’kidladi.

Rossiyada YeOII va MDH uchrashuvlarida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi.

Kun tartibidan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, transportni rivojlantirish va o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari o‘rin oldi.

O‘zbekiston Prezidenti nutqining avvalida YeOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish mamlakatimiz tashqi iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi. Keyingi to‘rt yilda kuzatuvchi davlat maqomidagi hamkorlik davrida O‘zbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki baravarga oshdi va 20 mlrd. dollarga yaqinlashdi. O‘zbekiston savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni joriy etish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohalarida YeOIIning bir qator tarmoq dasturlarida faol ishtirok etmoqda.

Savdo, sanoat, moliya tizimi, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda 40 ga yaqin chora-tadbirni o‘z ichiga olgan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan 2026 yilgacha hamkorlik rejasi tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. 2026 yilda qo‘shma Ishchi guruhning beshinchi yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazish rejalashtirilgan.

Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining bu galgi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston va YeOII o‘rtasida bojxona chegaralari orqali o‘tkazilayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotni almashish to‘g‘risida bitim tuzish yuzasidan muzokaralarni boshlash qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, davlatimiz rahbari o‘zaro tovar ayirboshlashda savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish muhimligini ta’kidladi. Texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya standartlariga yondashuvlarni uyg‘unlashtirish uchun MDH va YeOII institutlari faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu ma’noda, O‘zbekiston yetakchisi ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va talablarni birxillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish taklifini bildirdi. Texnik jihatdan tartibga solish, sertifikatlashtirish va bojxona ma’murchiligidagi tafovutlar bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish uchun tarif va notarif to‘siqlar bo‘yicha “O‘zbekiston – YeOII” qo‘shma Muvofiqlashtiruvchi guruhini tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Sanoat sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida mamlakatimiz rahbari mashinasozlik, energetika, agrosanoat majmui, kimyo va boshqa sohalardagi loyihalar ro‘yxatini birgalikda tuzishni taklif qildi. O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qo‘shilishi munosabati bilan hamkorlikning strategik yo‘nalishlarini birgalikda belgilash hamda ustuvor infratuzilmaviy va “yashil” loyihalarni, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni qamrab olgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish tashabbusi bildirildi.

Raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish haqida gapirar ekan, O‘zbekiston Prezidenti bojxona ma’murchiligini raqamlashtirish va yuk tashishda “uzluksiz” modelga o‘tish masalalari ustuvor vazifa ekanligini qayd etdi. O‘zbekiston YeOIIning, eng avvalo, biotibbiyot, yangi materiallar, agrotexnologiyalar, energetika va robototexnika yo‘nalishlaridagi texnologik platformalariga qo‘shilishdan ham manfaatdor. So‘zi yakunida davlatimiz rahbari O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan keng qamrovli va o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga qat’iy intilishini tasdiqladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 dekabr kuni Sankt-Peterburgda o‘tgan MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ham ishtirok etdi. Uchrashuvda 2025 yildagi birgalikdagi ishlarning asosiy yakunlari sarhisob qilindi va 2026 yil uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda o‘zaro tovar ayirboshlashni oshirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro investitsiyalar o‘sishini rag‘batlantirish va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, energetika va raqamlashtirishda sheriklikni mustahkamlash, fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida qo‘shma loyihalarni kengaytirish, shuningdek, hududlar o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Tinchlik mukofoti bilan taqdirlash. Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrif doirasida 2025 yil 31 mart kuni Davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma va Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasini imzolagan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonga Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shgani uchun Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston-AQSh muloqoti

23 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Prezidentlar oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini, shuningdek, O‘zbekiston – AQSh strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollarini batafsil ko‘rib chiqdilar. Davlatimiz rahbari Prezident Donald Trampning 2025 yilda ichki va tashqi siyosatda erishgan muvaffaqiyatlariga yuksak baho berib, uning o‘tkir xalqaro inqirozlar va mojarolarni hal etish borasidagi samarali sa’y-harakatlarini alohida ta’kidladi.

Ikki tomonlama siyosiy muloqot va almashinuvlar, ayniqsa, yetakchilar darajasida faollashib, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab bergani va uni aniq mazmun bilan boyitgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Fuqaro aviatsiyasi, avtosanoat, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, energetika va kimyo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa sohalarda o‘nlab mlrd. dollarlik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Amaldagi loyiha va dasturlarni samarali ilgari surish hamda yangilarini ishlab chiqish maqsadida Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashi tashkil etildi. Qo‘shma Investitsiya fondini ta’sis etish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda. Hududlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi mexanizmi ishga tushirildi. O‘zbekistonning uchta viloyati delegatsiyalari Amerika shtatlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun ushbu mamlakatda bo‘ldi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Shu ma’noda, ko‘p tomonlama hamkorlik, jumladan, “S5+1” formatining ahamiyati ta’kidlandi.

Suhbat yakunida tomonlar oliy darajadagi faol muloqotlarni davom ettirish niyatini tasdiqladilar hamda amaliy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma tashabbus va dasturlarni ilgari surishga kelishib oldilar. O‘zbekiston Prezidenti Amerika yetakchisini o‘zi uchun qulay muddatda mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Iqtisodiy diplomatiyaning kuchayishi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz mamlakat tashqi siyosati uchun 2025 yil ko‘p jihatdan natijador bo‘lganini qayd etdi. Yil davomida 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi. “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi ko‘p tomonlama muloqotlar sermahsul bo‘ldi. So‘nggi yillarda 11 ta davlat bilan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 19 taga yetdi, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Tojikiston bilan ittifoqchilik munosabatlari yo‘lga qo‘yildi. 2017 yildan buyon xorijiy davlatlarda 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonalari ochilib, ularning soni 60 taga, diplomatik aloqa o‘rnatilgan davlatlar soni esa 165 taga yetdi.

Ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar doirasida 2025 yilda umumiy qiymati 160 mlrd. dollarlik investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari bo‘yicha bitimlar imzolandi. Tarixda ilk bor tashqi savdo aylanmasi 80 mlrd. dollardan oshib, eksport 33,5 mlrd. dollarga yetdi, xorijiy investitsiyalar esa 43 mlrd. dollardan oshdi. 75 ta davlatga eksport hajmi qariyb 4,5 mlrd. dollarga ko‘paydi. Elchilar uchun ular faoliyat yuritayotgan davlatlardan eksport tushumlari, turistlar oqimi hamda ushbu mamlakatlarga qonuniy mehnat migratsiyasi samaradorlik mezoni bo‘lishi qayd etildi. Iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish orqali eksport va investitsiya hajmini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Shu nuqtai nazardan elchilarga Yaqin Sharq, Yevropa, Osiyo va Afrika davlatlari yo‘nalishlarida eksportni kengaytirish vazifalari qo‘yilgan bo‘lib, Yevropa bozorlariga chiqishda transport xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar ishlab chiqish, tranzit yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va logistika zanjirlarini qisqartirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Yangi eksport yo‘nalishi sifatida Afrika qit’asi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Elchilar istiqbolli loyihalar topish, ularni olib kelib, ishga tushirishdan manfaatdor bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Shu munosabat bilan aniq investitsiya yoki eksport loyihasini yakuniga yetkazgan elchilarni moddiy rag‘batlantirish amaliyoti joriy etilishi belgilandi.

Bir qator yo‘nalishlarda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanmayotgani tanqid qilindi. Xususan, xalqaro grantlar jalb qilish bo‘yicha salohiyat yetarli darajada ishga solinmagani qayd etildi. Qayd etilganidek, xalqaro tashkilotlar va donor mamlakatlar har yili 200 mlrd. dollarga yaqin grant dasturlarini e’lon qilmoqda. Shu bois grantlar bilan ishlash bo‘yicha yagona, tizimli va samarali yondashuvni joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalarida hududlar va diplomatik vakolatxonalar o‘rtasidagi hamkorlik yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi. Viloyat hokimlari elchilar bilan birgalikda hududlarda ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlarni tizimli ravishda xorijda ilgari surishi, mahalliy korxonalarning tashqi bozorlarga chiqishida faol ishtirok etishi zarurligi ta’kidlandi. Navbatdagi ustuvor yo‘nalish sifatida fuqarolarimizni xorijda qonuniy va yuqori daromadli ish o‘rinlari bilan ta’minlash belgilandi. “Kabinet diplomatiyasi”dan voz kechib, joylarda ishlash, vatandoshlar bilan bevosita muloqot qilish vazifasi qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilab, uning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish, milliy manfaatlarni himoya qilish va xalqaro maydonda mamlakatimizning o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligi ta’kidlandi. Prezidentimiz qayd etganidek, yangi konsepsiya mamlakatimizning uzoq muddatli strategik maqsadlarini, ichki islohotlarimiz mantig‘ini, shuningdek, iqtisodiy diplomatiya, xavfsizlik, investitsiya, eksport, transport-logistika, suv va iqlim masalalaridagi milliy manfaatlarimizni yaxlit va o‘zaro bog‘liq holda aks ettirishi lozim.

"Iqtisodiy sharh" jurnali №1/2026

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar