O‘zbekiston jahon iqtisodiyoti trendlarida

O‘zbekiston jahon iqtisodiyoti trendlarida

Tinchlik kengashida ishtirok

21 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan AQSh rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Tinchlik kengashi Nizomini ta’sischi mamlakat sifatida Davos shahrida imzolash marosimida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Shveysariyada bo‘ldi. Mamlakatimiz yetakchisi AQSh Prezidentiga yo‘llagan maktubida ushbu tashabbus Yaqin Sharqdagi ko‘p yillik mojarolarni hal etish, keng mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanayotganini ta’kidladi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp raisligida o‘tgan tadbirda Ozarbayjon, Armaniston, Argentina, Bahrayn, Bolgariya, Vengriya, Indoneziya, Iordaniya, Qozog‘iston, Qatar, Marokash, Mo‘g‘uliston, Paragvay, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya va boshqa davlatlar rahbarlari, bosh vazirlari va tashqi ishlar vazirlari ham qatnashdi.

Tinchlik kengashining tashkil etilishi O‘zbekiston tashqi siyosatining tinchlikni ta’minlash borasidagi tashabbuslari va ko‘p qirrali hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalariga mosdir. Yangi tuzilma BMTning Xavfsizlik Kengashi rezolyusiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo sektoridagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejani amalga oshirish doirasida shakllantirilmoqda.

Tinchlik kengashi mojaroning keskinlashuv xavfini kamaytirish, G‘azo sektorida iqtisodiy va ijtimoiy tiklanish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan. Bu farovon iqtisodiyot va tinch-osoyishta hayotga ega Yangi G‘azoni barpo etish, istiqbolda Falastin davlatini tuzish imkoniyatini vujudga keltirmoqda.

Kengash Nizomini imzolab, O‘zbekiston uni ta’sis etgan davlatlardan biriga aylandi. Bu mamlakatimizning kengash faoliyatida izchil ishtirok etishga hamda barcha ta’sischi davlatlar va xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda uning vakolatlarini hayotga tatbiq etishda amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini anglatadi.

Tinchlik kengashi Nizomini imzolash marosimi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi. Yetakchilar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Ko‘p tomonlama, shu jumladan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Davos shahriga amaliy tashrifi doirasida “Blackrock” kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi bilan uchrashdi. Ushbu yetakchi kompaniya bilan investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Kompaniyaning O‘zbekistondagi bir qator korxonalar kapitaliga kirish, qo‘shma investitsiya mexanizmlarini ishlab chiqish va mamlakat investitsiya muhitini yaxshilash uchun xalqaro ekspertizani jalb qilish bo‘yicha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.

Davos shahridagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu yetakchi moliya instituti bilan strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Bankning mamlakatimiz bilan hamkorligi barqaror strategik tusga ega. O‘zbekiston YeTTBning mintaqadagi eng yirik hamkori bo‘lib qolmoqda. Bankning investitsiyalari hajmi qariyb 7 mlrd. dollarga yetdi. 2025 yilda amaliyotlar, shu jumladan, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan mablag‘larning hajmi 1 mlrd. dollardan oshdi. YeTTBning “yashil” energetikani rivojlantirish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ekologik dasturlarni amalga oshirish, moliya bozorini isloh qilish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi yuqori baholandi.

Uchrashuv chog‘ida joriy yil uchun hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, xususiy sektor va infratuzilmani rivojlantirish, temir yo‘l transportini raqamli transformatsiya qilish hamda boshqa masalalar belgilab olindi. Ayollar va yoshlarni zamonaviy kasblar va biznesga o‘qitish bo‘yicha dasturlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

Iordaniya delegatsiyasi bilan uchrashuv

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 fevral kuni Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Senati Raisi Faysal Aqif Misqal al-Fayoz boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. O‘tgan yili Samarqandda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Iordaniya keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama aloqalar va almashinuvlar faol tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi va qo‘shma korxonalar soni ortib bormoqda. Parlamentlarda tashkil etilgan “do‘stlik guruhlari” ishini “yo‘l xaritasi” asosida faollashtirish, ularning davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarning samarali amalga oshirilishini ta’minlashdagi rolini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi. Savdo, sanoat kooperatsiyasi, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, joriy yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi va yetakchi kompaniyalar biznes forumini natijador qilib o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.

Pokistonga davlat tashrifi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifiga binoan 5-6 fevral kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Tashrif davomida O‘zbekiston-Pokiston o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalariga e’tibor qaratildi. Tashrif doirasida siyosiy muloqotni, hukumatlararo, parlamentlararo, ishbilarmonlik va mintaqalararo aloqalarni mustahkamlashning asosiy jihatlari har tomonlama ko‘rib chiqildi.

5 fevral kuni Islomobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif tor doirada muzokara hamda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdilar. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Pokiston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning amaliy jihatlari atroflicha muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda o‘zaro aloqalar faol tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Siyosiy muloqot mustahkamlanib, parlamentlararo va idoralararo almashinuvlar jadal rivojlanmoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro savdo hajmi salkam 500 mln. dollarga yetdi. O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi 230 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar ko‘paydi. Banklararo korrespondentlik munosabatlari mustahkamlanmoqda. To‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Ishbilarmon doiralar o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatish maqsadida O‘zbekiston – Pokiston Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi. Yaqin kelajakda o‘zaro tovar ayirboshlashni 2 mlrd. dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Amaldagi Imtiyozli savdo bitimi doirasidagi mahsulotlar turini, shuningdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun fitosanitariya ruxsatnomalari ro‘yxatini yanada kengaytirish hamda O‘zbekistonning Lahor va Karachidagi savdo uylaridan faol foydalanish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

Transport-logistika aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish, shuningdek, “Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” transport yo‘lagini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Ikki mamlakat hududlarining o‘zaro aloqalari iqtisodiy hamkorlik rivojining asosiy drayverlaridan biri sifatida belgilandi. O‘zbekiston – Pokiston hududlararo forumini tashkil etishga kelishilib, uning birinchi uchrashuvini shu yil Xorazm viloyatida o‘tkazish taklifi bildirildi.

Ziyorat turizmi sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari alohida muhokama qilindi. Ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash maqsadida joriy yilda Pokistonda O‘zbekiston madaniyati haftaliklari va O‘zbekiston kinosi kunlarini o‘tkazishga kelishib olindi. Davlatimiz rahbari Boburiylar merosini targ‘ib qilish uchun Lahorda qo‘shma madaniyat markazini tashkil etishni taklif qildi.

Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan Qo‘shma deklaratsiya va Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi. Bundan tashqari, tashrif davomida ko‘pgina hujjatlar imzolangan bo‘lib, O‘zbekiston – Pokiston Ishbilarmonlik kengashini tashkil etish to‘g‘risida bitim; O‘zbekiston – Pokiston hududlararo forumini tashkil etish to‘g‘risida shartnoma; Ikki mamlakat mudofaa vazirliklari o‘rtasida “yo‘l xaritasi” shular jumlasidan.

Shuningdek, Port xizmatlari va chegirmalar taqdim etish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida; Konchilik va geologiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida; Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida; Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va rivojlanish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida; Farmatsevtika mahsulotlarini nazorat qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida; To‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida hamkorlik to‘g‘risida; Raqamli va axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida; Radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida; Ekologiya va tabiiy ofatlar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida; Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bir qator bitimlar va Favqulodda vaziyatlarni boshqarish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolandi.

6 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardoriy bilan tor doirada va delegatsiyalar ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi. O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, do‘stlik hamda strategik sheriklikni mustahkamlashning joriy holati va dolzarb yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini rivojlantirish hamda ishbilarmonlik almashinuvlarini faollashtirish muhimligi ta’kidlandi. Yaqin istiqbolda o‘zaro savdo hajmini 2 mlrd. dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish va amalga oshirish masalalari alohida muhokama qilindi. Hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Hududlararo forumning birinchi yig‘ilishini shu yil Xivada o‘tkazishga kelishib olindi.

Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar dolzarb mintaqaviy va xalqaro kun tartibi bo‘yicha pozitsiyasi o‘xshashligi hamda bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini yana bir bor tasdiqladilar. Madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirish hamda ta’lim, ekologiya, sport va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni ilgari surishga o‘zaro intilish qat’iy ekani qayd etildi.

Mudofaa kuchlari Bosh qo‘mondoni – Qurolli Kuchlarning quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni, feldmarshal Asim Munir bilan uchrashuvda harbiy va harbiy-texnik sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, xavfsizlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki mamlakatning yetakchi mudofaa sanoati korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini faollashtirish, harbiy mutaxassislarni tayyorlash dasturlarini kengaytirish, tajriba almashish va qo‘shma o‘quv tadbirlarini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi. Transport-logistika sohasida istiqbolli infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi. Harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

6 fevral kuni davlat tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida ikki mamlakat rahbari ishtirokida qo‘shma biznes forumi o‘tkazildi. Tadbirda ikki mamlakatning 300 dan ziyod yetakchi sanoat korxonalari va savdo kompaniyalari, tarmoq tashkilotlari hamda ishbilarmonlik tuzilmalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi. Pokiston tomonidan PEL, Waves Singer, Sadaqat, Fauji, Platinum, Fast Cables, National Fruit, Amson Group, Shaigan, Hans International, Secure Logistics Group, NLC, Fairmont, Go Dairy, Engro, Herbion, AGP, Arco, Habib Rafiq, Pakistan Steel Mills, Siddiq Sons, Uniworth, Diners, Fatima Group, Fateh Group, Hub Leather, Siddiq Leather, Royal Leather, Davis, Ahsan Dyeing va boshqa ko‘plab kompaniyalar qatnashdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida iqtisodiy sheriklikning muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi. Farmatsevtika va tibbiyot, yengil sanoat, kon-metallurgiya tarmog‘i va geologiya, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish shular jumlasidan. Pokiston kompaniyalari O‘zbekistondagi dori vositalari, biotexnologiyalar va tibbiy asbob-uskunalarni mahalliylashtirish loyihalariga taklif etildi. Toshkent farmatsevtika parkida pokistonlik investorlar uchun qulay sharoitlar yaratiladi.

Xalqaro brendlar uchun tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishda katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalarini ishonchli boshqaruvga berish va pokistonlik hamkorlar uchun alohida charm sanoati zonalarini tashkil etishga tayyor. Go‘sht, kartoshka va guruchni birgalikda yetishtirish, shuningdek, urug‘chilik va seleksiya sohasida Pokiston Milliy genomika instituti bilan sheriklik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, transport-logistika sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish savdo hajmini yanada oshirishning muhim sharti ekani qayd etildi. “Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” yo‘nalishi bo‘ylab yuk tashish, Lahor va Islomobod shaharlariga esa aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi, Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasi ilgari surilmoqda. Joriy yilning aprel oyidan Karachiga yuk reyslari va Lahorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lovchi reyslari qatnay boshlaydi.

Tashrif yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga “Nishoni Pokiston” ordenini topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, davlatimiz rahbariga Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universitetining faxriy doktori va professori unvonlarini berish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Pokiston poytaxtidagi ko‘chalardan biriga “Toshkent”, yangidan barpo etiladigan boqqa esa Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berildi va bu O‘zbekiston-Pokiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlash ramzi bo‘ldi.

OIIB delegatsiyasi bilan uchrashuv

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 fevral kuni Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szou Szyai boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuv avvalida mamlakatimiz yetakchisi ushbu nufuzli ko‘p tomonlama moliyaviy institut rahbarini lavozimga kirishgani bilan samimiy tabrikladi. Uchrashuvda O‘zbekistonning Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan strategik sherikligini kengaytirishning amaliy masalalari atroflicha muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda bank bilan ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Amaldagi va istiqbolli qo‘shma loyihalar portfeli 7 mlrd. dollardan oshdi. O‘tgan yilning o‘zida moliyalashtirish hajmi 1 mlrd. dollardan ziyodni tashkil etdi.

O‘zbekiston Prezidenti xususiy sektor, ayollar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish va ilgari surish, kambag‘allikni qisqartirish dasturini amalga oshirishga ko‘maklashish, muqobil energetika, energiya samaradorligi, suv ta’minoti, ijtimoiy xizmatni rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda samarali hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etdi.

OIIBning mintaqaviy ahamiyatga ega yirik infratuzilmaviy loyihalarda faol ishtirok etishi muhimligi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, Szou Szyai mamlakatimizdagi o‘zgarishlar ko‘lamini yuqori baholab, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etishga tayyorligini bildirdi.

"Iqtisodiy sharh" jurnali №2/2026

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar