Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Xonimlar va janoblar!
Qadrli mehmonlar!
Avvalambor, “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasining barcha ishtirokchilarini chin qalbimdan samimiy qutlayman.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish janoblariga Forumni qo‘llab-quvvatlaganlari uchun alohida rahmat aytmoqchiman.
Bugungi davramizda Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani Janobi Oliylarini hamda
Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon Janobi Oliylarini ko‘rib turganimdan xursandman va ularga chuqur minnatdorlik izhor etaman.
Fursatdan foydalanib, anjumanimizda bevosita qatnashayotgan, asosiy hamkor davlatlarning tashqi ishlar vazirlari va yuqori martabali vakillariga, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jahonning yetakchi moliya institutlari rahbarlariga ham tashakkur bildiraman.
Murakkab pandemiya sharoitiga qaramasdan, siz, azizlarning Forumimizdagi ishtirokingiz ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan yuksak e’tibor hamda qat’iy intilishingizni yaqqol tasdiqlaydi.
Saxovatli va serquyosh O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz!
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Markaziy va Janubiy Osiyo uzoq asrlar davomida xalqlar va sivilizatsiyalar o‘rtasida faol muloqotga xizmat qildi.
Ikki mintaqaning o‘zaro yaqin hamkorligi natijasida yangi bilim va falsafiy qarashlar, tibbiyot va astronomiya, jo‘g‘rofiya va matematika, geodeziya va me’morchilik, diplomatiya san’ati va davlat boshqaruvi sohasidagi yutuqlar, yuksak madaniy va ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlar keng yoyildi.
Mintaqalarimiz xalqlari bir necha bor umumiy davlatchilik tuzilmalari tarkibida, shu bilan birga, siyosiy, iqtisodiy va gumanitar makonda o‘zaro hamjihatlikda umr kechirganlar.
Ushbu hududda vujudga kelgan Xarappa sivilizatsiyasi, Yunon-Baqtriya va Kushon podshohligi, Turk xoqonligi, Xuroson va Movarounnahr, G‘aznaviylar, Temuriylar, Boburiylar va boshqa davlatlar insoniyat tarixida chuqur iz qoldirgan.
Markaziy va Janubiy Osiyo azaldan ishonchli savdo yo‘llari bilan bog‘lanib, Yaqin Sharq, Yevropa va Xitoy mamlakatlari uchun o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tagan.
Bu haqda qadimgi yunon tarixchisi Strabon ham o‘z asarlarida Oks daryosi – hozirgi Amudaryo bo‘ylab “Kaspiy va Qora dengiz orqali Yevropaga mahsulotlar yetkazilgan”ini qayd etgan.
Eramizdan avvalgi uchinchi-ikkinchi ming yilliklardayoq Haybar va Bolan dovonlari orqali o‘tgan savdo yo‘llari tarmog‘i bizlarni o‘zaro bog‘lab turgan.
Markaziy va Janubiy Osiyoda islom, buddaviylik, hinduiylik dinlari va turli xalqlarning noyob an’analari tarqalishi tufayli buyuk etnomadaniy mushtaraklik qaror topgan, Sharqning boy va rang-barang madaniyati shakllangan.
Xalqlarimiz o‘rtasidagi ana shunday o‘zaro qalin aloqalar jadal intellektual va ma’rifiy yuksalishni ta’minladi.
Bu jarayon dunyoga Charaka va Sushruta, Braxmagupta va Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy va Forobiy, Beruniy, Ibn Sino singari yana ko‘plab yetuk olim va mutafakkirlarni yetkazib berdi.
Ular insoniyat ilmiy va falsafiy tafakkurining bo‘lg‘usi rivojini bir necha asr oldindan belgilab berdilar.
Milliy adabiyotlarimiz mumtoz namoyandalarining nomlari butun dunyoga ma’lum va mashhurdir.
Bu birinchi navbatda Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Muhammad Haydar, Maxtumquli, Mirzo G‘olib, Abay, Rabindranat Tagor, Sadriddin Ayniy, Chingiz Aytmatov ijodiga daxldordir.
Ular o‘lmas asarlari bilan jahon xalqlari o‘rtasida tinchlik, ozodlik va insonparvarlik tamoyillarini, do‘stlik va o‘zaro ishonch g‘oyalarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shdilar.
Buyuk olimlar – Abu Rayhon Beruniy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari tarixi, ilm-fani va madaniyatining chinakam ensiklopediyasidir.
Hindistonning birinchi Bosh vaziri Javaharla’l Neruning Bobur haqidagi “u dilbar shaxs, Uyg‘onish davrining tipik hukmdori”, degan ta’rifi ko‘pchilikka yaxshi ma’lum.
Xususan, Bobur o‘zining fundamental asari “Boburnoma”da qayd etganidek, “o‘n oltinchi asrda Afg‘oniston hududi orqali Hindiston va Markaziy Osiyo o‘rtasida turli mollar ortilgan minglab tuyalardan iborat karvonlarning muntazam qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan”.
Uning farmoniga binoan savdo yo‘llari bo‘ylab karvonsaroylar, quduq va sardobalar bunyod etilgan.
Boburning nabirasi – Buyuk Akbarshoh ham bobosining ishlarini davom ettirgan holda, Hindiston tarixida bag‘rikeng va uzoqni ko‘ra biladigan hukmdor sifatida yorqin iz qoldirgan.
Ta’kidlash joizki, o‘sha vaqtlarda Markaziy va Janubiy Osiyoning savdo aloqalari Eron, Arabiston, Usmoniylar davlati, Xitoy, Rossiya singari boshqa mamlakatlar bilan ham faol olib borilgan.
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Hindiston hukmdori Avrangzeb 1695 yilda rus savdogari Semyon Malenkoyga mamlakatda savdo qilish uchun ruxsatnoma beradi. Mazkur farmon eski o‘zbek tilida yozilgani diqqatga sazovordir.
Afsuski, tarixiy vaziyat taqozosi bilan o‘n to‘qqizinchi asrda ikki qo‘shni mintaqaning aloqalari uzilib qoldi.
O‘zaro ziddiyatlar kuchayib, keskin mojarolarga aylanishi tufayli Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida to‘siqlar paydo bo‘lib, chegaralar yopildi.
Hamkorlik va bir-birini anglash davri tugab, uning o‘rnini qarama-qarshilik hamda ishonchsizlik muhiti egalladi.
Buning salbiy oqibatlarini biz hozirgi vaqtda samarali transchegaraviy yo‘llar mavjud emasligi, savdo-iqtisodiy aloqalar yaxshi rivojlanmagani hamda madaniy-gumanitar munosabatlar salohiyati to‘liq ishga solinmagani misolida ham sezib, his etib turibmiz.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Bugungi kunda dunyo turli tahdidlar, shu bilan birga, yangi imkoniyatlarni o‘zida mujassam etgan global geosiyosiy o‘zgarishlar davriga qadam qo‘ydi.
Shunday murakkab sharoitda qariyb ikki milliard aholi yashaydigan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni qayta tiklash muhim hayotiy zarurat va tabiiy jarayonga aylanmoqda.
O‘ylaymanki, xalqlarimizning ulkan tarixiy, ilmiy, madaniy-ma’rifiy merosi hamda iqtisodiyotlarimizning o‘zaro bir-birini to‘ldirish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, mavjud intellektual salohiyatni, birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni o‘zaro muvofiqlashtirish vaqti keldi.
Bu esa, hech shubhasiz, o‘zining qudratli ta’sir kuchini namoyon etadi.
Biz o‘zaro bog‘liqlik, hamkorlik, muloqot va eng asosiysi, ishonch izchil va barqaror rivojlanish, mintaqalarimiz aholisining turmush darajasi hamda farovonligini oshirishning harakatlantiruvchi kuchiga aylanishiga aminmiz.
Bunday yondashuv – davr talabidir.
Bularning barchasi bir tomondan, ziddiyat va ijtimoiy-iqtisodiy larzalardan xoli bo‘lgan mintaqalararo hamkorlik va sheriklik maydonini, ikkinchi tomondan, mahsulotlar, xizmatlar, investitsiya va innovatsiyalarning keng bozori shakllanishi uchun zarur sharoitlarni yaratadi.
Biz ushbu xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusini ilgari surar ekanmiz, quyidagi omillardan kelib chiqqanimizni ta’kidlashni istar edim.
Birinchidan, qo‘shni mamlakatlar bilan tinchlik va do‘stlik, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, konstruktiv siyosat olib borish Markaziy va Janubiy Osiyodagi barcha davlatlarning umumiy manfaatlariga javob beradi.
Ikkinchidan, biz mamlakatlarimiz va mintaqaning uzoq muddatli istiqboli, kelgusi rivojlanishining asosiy drayveri bo‘lib xizmat qiladigan barqaror savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya aloqalarini shakllantirish tarafdorimiz.
Pandemiya insoniyat duch kelayotgan yangi tahdidlarni kuchlarimizni birlashtirish va muvofiqlashtirish orqaligina yengish mumkinligini ko‘rsatdi.
Biz o‘zaro hamkorlikni iqtisodiyotni raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirish va innovatsiyalarni keng joriy etish orqali mustahkamlashga ob’yektiv ehtiyoj sezmoqdamiz.
Uchinchidan, Afg‘oniston Islom Respublikasi Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqligini amalda ta’minlashning muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi.
Ishonamizki, mintaqaviy sherikligimiz ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish, uning iqtisodiy tiklanishi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Bugun Afg‘oniston o‘zining eng yangi tarixidagi muhim burilish davrini boshdan kechirmoqda.
Biz donishmand afg‘on xalqi umummilliy murosaga erishish yo‘lida o‘zaro kelishuvlarga tayyor ekanini namoyish etishiga aminmiz.
Afg‘on zaminida ko‘pdan buyon kutilayotgan tinchlikka erishish uchun mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal etish
va bu jarayon xalqaro hamjamiyat tomonidan har taraflama qo‘llab-quvvatlanishi prinsipial muhim ahamiyatga ega.
Bu Afg‘onistonning umummintaqaviy jarayonlarga integratsiyasi uchun yangi istiqbollar eshigini ochadi.
To‘rtinchidan, xavfsizlik va barqarorlik – mintaqalarimizning izchil rivojlanishi va o‘zaro aloqalarimiz mustahkamlanishining asosiy shartidir.
Bizning xavfsizligimiz bo‘linmasdir va uni faqat konstruktiv muloqot hamda birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz orqali ta’minlash mumkin.
Hurmatli forum qatnashchilari!
Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi faol va ochiq muloqot ulkan savdo-iqtisodiy va madaniy-sivilizatsion salohiyatimizni to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun beqiyos imkoniyatlar yaratishiga ishonchim komil.
Shu munosabat bilan quyidagi takliflarni bildirmoqchiman.
Birinchi. Bizning ustuvor vazifamiz savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va o‘zaro sarmoyalarni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish hisoblanadi.
Mahsulot va xizmatlar hamda investitsiyalarning erkin harakati uchun, transport-kommunikatsiya va energetika infratuzilmalarini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish ushbu masalalar yechimiga amaliy hissa qo‘shgan bo‘lur edi.
Buning uchun ota-bobolarimiz majlis va qurultoylar, loyya jirg‘a, vasi mushavarat va sabxa kabi yig‘inlarda to‘planganlaridek, biz ham mamlakatlarimiz o‘rtasida dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun investitsiyaviy hamkorlik va kooperatsiyani chuqurlashtirish, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha yillik mintaqalararo forum o‘tkazishni taklif etamiz.
Bunday muloqotlar doirasida ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar yangi ish o‘rinlarini yaratish, iqtisodiyotlarimiz salohiyatini rivojlantirish va ularning barqaror o‘sishini ta’minlashga qaratilgan aniq dastur va loyihalarni uyg‘unlashtirish imkoniyatini beradi.
Shuningdek, mintaqalarimiz davlatlari o‘rtasida ko‘ptomonlama Iqtisodiy hamkorlik bitimini tuzish masalasini qo‘shma ekspertlik tahlilidan o‘tkazishga doir tashabbusni ilgari suramiz.
Ikkinchi. Markaziy va Janubiy Osiyoda zamonaviy, samarador va xavfsiz transport-logistika infratuzilmasini yaratish.
Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘l tarmog‘i mintaqalarimiz o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik arxitekturasining asosiy bo‘g‘iniga aylanishi kerak.
Ushbu loyiha yetakchi xalqaro moliya institutlari tomonidan ham faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Bu temir yo‘l tarmog‘ining qurilishi har ikki mintaqaning tranzit salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish, Janubiy Osiyo va Yevropa mamlakatlari o‘rtasida Markaziy Osiyo va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududi orqali o‘tadigan eng qisqa yo‘lni ochish, shu bilan birga, yuklarning turib qolishi va tashish muddatlarini sezilarli darajada qisqartirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, ushbu transchegaraviy temir yo‘lni foydalanishga topshirish Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining inklyuziv iqtisodiy rivoji uchun mustahkam zamin yaratadi.
Mazkur temir yo‘l tarmog‘i Hind-Gang tekisligini Taksila, Gandara, Termiz singari tarixiy shaharlar orqali Yevroosiyoning janubiy hududi bilan bog‘lagan, Uttarapatxa nomi bilan ma’lum qadimgi shimoliy savdo yo‘lining o‘ziga xos zamonaviy shakli bo‘ladi.
Hindistonni Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘laydigan “Shimol – Janub” transport koridori mana shunday transmintaqaviy infratuzilmani hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etishning yorqin namunasidir.
Bundan tashqari, Transafg‘on temir yo‘l qurilishi loyihasi kelgusida mamlakatlarimizni Xitoy va Osiyo-Tinch okeani mintaqasining boshqa yetakchi davlatlari bilan bog‘lashi mumkin. Bu esa “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi maqsadlari bilan ham uyg‘undir.
Uchinchi. Istiqbolli raqamli platformalarni joriy etish Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini iqtisodiy rivojlantirishning lokomotiviga aylanishi darkor.
Savdo, tranzit, chegaralardan o‘tish borasida raqamli hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish va Qo‘shma harakatlar strategiyasini qabul qilish zarur.
Bu jarayonga mamlakatlarimiz va BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari yetakchi ekspertlarini keng jalb etish muhimdir.
To‘rtinchi. Bepoyon mintaqalarimiz hududida hamkorlikda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘llarini izlash.
So‘nggi vaqtda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi jadal o‘sib borayotgani, dunyoning ba’zi mintaqalarida aholi keskin oziq-ovqat taqchilligini boshidan kechirayotgani kuzatilmoqda.
Bunday tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha Dastur ishlab chiqish uchun BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) shafeligida mamlakatlarimiz qishloq xo‘jaligi vazirlarining uchrashuvini o‘tkazishni taklif etamiz.
Mazkur hujjat ishlab chiqarish kooperatsiyalariga oid loyihalarni amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish, qo‘shma loyihalarni tayyorlash va tegishli tadqiqotlar o‘tkazish kabi vazifalarni nazarda tutishi zarur.
Beshinchi. Xavfsizlik va barqarorlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda kuchlarni birlashtirish.
Biz terrorizm, ekstremizm, transmilliy, xususan, kibermakondagi jinoyatchilikka qarshi faqat birgalikda samarali kurash olib borishimiz mumkin.
Bu borada dastlabki qadam sifatida BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ishtirokida Giyohvandlikka qarshi qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Kuchlarni birlashtirish zarur bo‘lgan asosiy yo‘nalishlardan yana biri – terrorizm xavfiga qarshi kurash, deb hisoblaymiz.
Biz ushbu masalalar bo‘yicha ikki mintaqa vakillari ishtirokida maxsus ekspertlik uchrashuvini tashkil etishga tayyormiz.
Bu muloqotni joriy yil noyabr oyida BMTning Markaziy Osiyoda global terrorizmga qarshi strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilinganining o‘n yilligiga bag‘ishlab Toshkentda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiya doirasida uyushtirish ham mumkin.
Oltinchi. “Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishni rag‘batlantirish va ekologiya masalalari alohida e’tiborni talab etadi.
Markaziy va Janubiy Osiyoning barcha mamlakatlarida jadal sanoat va demografik o‘sish jarayoni global iqlim o‘zgarishlari sharoitida yuz bermoqda.
Bunday vaziyatda suv resurslari taqchilligi, atrof-muhit va atmosferaning ifloslanishi, tuproq qatlamining yemirilishi va cho‘llanish barchamizga daxldor muammolar hisoblanadi.
Tobora umumbashariy tus olib borayotgan Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyat ekologik tahdidlarning o‘ta salbiy ta’siriga yaqqol misol bo‘la oladi.
Bu fojeaning oqibatlarini yumshatish, kelgusida insoniyatni bunday ofatlardan ogoh etish uchun barcha choralarni ko‘rishimiz kerak. Bu borada tabiat bilan uyg‘un bo‘lishga intilib yashagan ajdodlarimizning tajribasiga tayanishimiz zarur.
Yettinchi. Biz Markaziy va Janubiy Osiyoning ulkan sayyohlik salohiyatini to‘liq ishga solish tarafdorimiz.
Bu haqda so‘z yuritganda, mashhur sayyohlik brendlarini, yangi va qulay sayyohlik mahsulotlari va yo‘nalishlarini, jumladan, qiziqish tobora ortib borayotgan “ziyorat turizmi”ni rivojlantirish, vaksinatsiya bo‘yicha o‘zaro tan olingan sertifikatlar asosida “Yangi sharoitdagi turizm” konsepsiyasini keng joriy etish zarur.
Butunjahon sayyohlik tashkiloti doirasida Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha xalqlarimizning tarixiy va madaniy merosini ommalashtirishga qaratilgan Dastur ishlab chiqishni taklif qilamiz.
Sakkizinchi. Ilmiy va madaniy-gumanitar almashuvlarni kengaytirish do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkam-lashning muhim shartlaridan biridir.
Shu munosabat bilan, O‘zbekistonda, Termiz shahrida YuNESKO shafeligida “Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy merosi” mavzusida xalqaro forum o‘tkazishni taklif etamiz.
Mamlakatlarimiz aholisining katta qismini tashkil etadigan yoshlarni jalb etgan holda, ta’lim va ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Yoshlar – bizning bebaho boyligimiz ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz.
Mamlakatlarimiz va xalqlarimizning taqdiri va kelajagi – aynan yosh avlodning qanday ta’lim va tarbiya olishi, ular uchun qanday shart-sharoit va “sotsial lift”larni yaratib berishimizga bevosita bog‘liq.
Yoshlar masalasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida doimiy faoliyat yuritadigan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari yoshlari kengashini tuzishni taklif qilaman.
To‘qqizinchi. Bugungi kunda ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasida yuksak marralarga erishish mamlakatlarimizning jadal rivoji yo‘lidagi muhim omil hisoblanadi.
Birgalikda qo‘shma tadqiqotlar va innovatsion ishlarni olib borish, ilmiy va o‘quv stajirovkalarini, tajriba almashish dasturlarini rag‘batlantirish zarur.
Shu munosabat bilan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining olim va tadqiqotchilari uchun soddalashtirilgan viza tartibini joriy etish, shuningdek, universitetlar va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha onlayn-platforma yaratishni taklif etamiz.
O‘ninchi. Mintaqalarimizning o‘zaro bog‘liqligi va taraqqiyoti sur’atini tizimli o‘rganish va tahlil qilish asosida chuqur o‘ylangan qarorlar qabul qilish hozirgi paytda har qachongidan ham dolzarbdir.
Mazkur Forum arafasida Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti ochildi.
Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ushbu tahlil markazi qoshida mamlakatlarimizning taniqli olimlari, tadqiqotchi va tahlilchilaridan iborat Ekspertlar kengashini tuzishni taklif qilamiz.
Bundan tashqari, bugungi konferensiya yakunlari bo‘yicha Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida, umuman, Yevroosiyo makonida doimiy va barqaror rivojlanishning muhim omili sifatida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash to‘g‘risida maxsus rezolyusiya loyihasini ishlab chiqib, BMT Bosh Assambleyasiga taqdim etishni taklif qilaman.
Ushbu hujjatda muloqotlarimizning umumiy yondashuvlari, asosiy tamoyil va yo‘nalishlarini aks ettirish lozim.
Rezolyusiya loyihasida bizning Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy bog‘liqligi bo‘yicha yuqori darajadagi doimiy forumlarni muntazam o‘tkazib borishga tayyorligimizni aks ettirish ham maqsadga muvofiqdir.
Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
Ushbu jarayonlarda mamlakatimizning tutgan o‘rni haqida so‘z yuritib, quyidagi fikrlarni alohida ta’kidlamoqchiman.
Bizning bugungi anjumanimiz yangi O‘zbekistonning shakllanishi va rivojlanishi bilan bog‘liq muhim tarixiy davrda bo‘lib o‘tmoqda.
Biz jamiyatimizning barcha sohalarida tizimli va tub demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirmoqdamiz.
Bu o‘zgarishlar keng ko‘lamli va ortga qaytmaydigan muqarrar tus oldi. Bu – xalqimizning prinsipial tanlovidir.
Markaziy Osiyo mintaqasida – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy yutug‘idir.
Umumiy sa’y-harakatlarimiz natijasida mintaqamizda o‘zaro ishonch va bir-birini qo‘llab-quvvatlash ruhiga asoslangan mutlaqo yangi muhit shakllandi.
Biz rivojlanish drayverlari hamda “yangi o‘sish nuqtalari”ni birgalikda aniqlash va muntazam muloqotlar uchun samarali maydon yaratdik. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini avgust oyi boshida Turkmanistonda o‘tkazishni rejalashtirganmiz.
Shuni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: O‘zbekiston konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doimo tayyor bo‘lgan ishonchli va barqaror, qat’iy pozitsiyaga ega sherikdir.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Aziz mehmonlar!
Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy va sivilizatsiyaviy mushtarakligi, xalqlarimiz va mamlakatlarimizning umumiy manfaatlari birgalikda farovon kelajakni bunyod etishimiz uchun mustahkam zamin yaratadi.
O‘zaro aloqalarni va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlamasdan turib, bugungi kunda mamlakatlarimiz duch kelayotgan xavf-xatar va tahdidlarni yengib bo‘lmasligini chuqur anglash vaqti keldi.
Biz farovonlik va taraqqiyotga erishish yo‘lida birgalikda rivojlanish istiqbollari bo‘yicha yaxlit yondashuvlarni ishlab chiqishimiz lozim.
Bizning oldimizda Markaziy va Janubiy Osiyo, umuman, butun Yevroosiyo mintaqasini barqaror, iqtisodiy rivojlangan farovon hududga aylantirish vazifasi turibdi.
Anjumanimizning barcha ishtirokchilariga samarali faoliyat tilayman.
E’tiboringiz uchun tashakkur.
Izoh qoldirish