O‘zbekiston tashqi siyosati do‘stona munosabatlarga tayangan

O‘zbekiston tashqi siyosati do‘stona munosabatlarga tayangan

Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotan siyosatning amaliy samarasi, mevasi, natijasidir.

Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida faoliyat yurita boshlagan ilk yillardanoq, O‘zbekistonning xalqaro doiradagi nufuzini yanada oshirishga kirishdi. Oldimizga qo‘yilgan katta maqsadlarni yuksak minbarlardan turib baralla aytdi. Ana shu ortga qaytmas islohotlar samarasini bugun har jabhada o‘zgarishlarda yaqqol his etib, ko‘rib, bilib turibmiz.

O‘zbekistonning o‘ziga xos siyosat yo‘li turli xalqaro uchrashuv va muloqotlarda o‘z aksini topib boryapti. Prezidentimiz tomonidan yuksak minbarlarda ilgari surilgan tashabbuslar faol qo‘llab-quvvatlanayotgani ham bor gap. Dunyodagi eng yirik tuzilma — BMT Bosh Assambleyasining 72–75-sessiyalarida aytilgan gaplar asosida maxsus dastur va hujjatlar qabul qilingani bunga misol. Bunday tuzilmalarda o‘z fikri va so‘zini ayta olish siyosatimizning asosiy jihatlaridan biriga aylanmoqda.

Kuni kecha Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan BRIKS birlashmasi davlatlarining sammiti ham ana shunday jihatlari bilan alohida ajralib turdi. Ya’ni davlatimiz rahbari “BRIKS plyus” formatidagi sammitdagi nutqida hozirgi dunyo oldidagi global va o‘tkir muammolarni o‘rtaga tashladi. Ularga yechim topish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.

“... Afsuski, bugungi kunda dunyo jadal bo‘linib bormoqda. Insonlarga ulkan azob-uqubatlar, og‘ir iztirob va o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotishlar keltirayotgan urush va mojarolar soni ortmoqda.

Jahon iqtisodiyoti va savdosining parchalanib borayotgani tengsizlik, texnologik uzilishlar va proteksionizmni kuchaytirmoqda. Mamlakatlar o‘rtasida yangi to‘siqlar vujudga kelmoqda”, dedi davlatimiz rahbari o‘z nutqida.

Ha, bugun dunyo beqaror. Qarorlar o‘zgaruvchan, bozorlar ishonchsiz. Bunday sharoitda esa murosa eng birinchi dastakdir. Kelishib, murosa qilib ish qilinmas ekan, natija haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. E’tiborlisi, O‘zbekiston siyosati, avval boshdanoq, shunga yo‘g‘rilgan. O‘zbekiston har bir davlat bilan do‘stona hamkorlik qilishni istaydi. Jumladan, BRIKS a’zolari bilan ham. Binobarin, hozirgi kunda tuzilmaga a’zo to‘qqiz davlatning dunyo iqtisodiyotidagi o‘rni katta. Shu bilan birga, 3,24 milliard kishi BRIKS davlatlarida yashaydi. Bu dunyo aholisining 40 foizidan ko‘proq, degani. Tahlillarga ko‘ra, 2030 yilga borib, jahon yalpi ichki mahsulotining 50 foizi ushbu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. So‘nggi yillarda tashkilotning xalqaro ta’sir doirasi kengayib, unga kirish istagini bildirayotganlar ham ko‘paymoqda.

Dunyo nufusining qariyb yarmi, yalpi ichki mahsulotining yarmi — bu katta iste’mol bozori, degani. Dunyo bozorida raqobat kuchayib, xomashyo narxlari tez-tez o‘zgarayotgan hozirgi sharoitda sanaot va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga intilayotgan mamlakatimiz uchun esa katta imkoniyat. O‘zi, umuman, ichki imkoniyatlarni ishga solish hisobiga joriy yilning to‘qqiz oyida mamlakatimiz iqtisodiyoti 6,6 foizga oshgani, eksport qariyb 19 foiz o‘sgani xalqaro aloqalar mustahkamlanishga asos yaratadi. Chunki barqaror rivojlanish kuzatilgan iqtisodiyotga qiziqish doim yuqori bo‘lgan.

Dastlab besh mamlakatni birlashtirgan mazkur tuzilma tarkibi yil sayin kengayib, hudud, aholi va YaIM ko‘rsatkichi bo‘yicha sayyora miqyosida yirik uyushmaga aylanib boryapti. Uning faoliyati esa izchil, faol, pragmatik, ochiq va shaffof muloqot, hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

BRIKSning navbatdagi sammitida Qozon deklaratsiyasini qabul qilindi. Hujjatda umumiy manfaatlar asosida strategik sheriklik aloqalarini yanada rivojlantirish qayd etildi. Global jarayonlarga kam rivojlanayotgan mamlakatlar, xususan, Afrika davlatlarini kengroq ishtirok etishga chaqirildi. Ukraina urushini muloqot orqali tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha vositachilik takliflari keltirildi. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish kabi masalalar aks ettirildi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida geosiyosiy raqobat, milliy egoizm va mafkuraviy qolpilardan xoli bo‘lgan konstruktiv muloqot yo‘li bilan global murosaga erishish bo‘yicha bildirilgan da’vatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. O‘zbekiston bundan buyon ham BRIKS davlatlari bilan sheriklik aloqalarini faol rivojlantirish niyatida ekanligi, ushbu birlashma doirasida ochilayotgan yangi imkoniyatlardan samarali foydalanishi aytildi.

“Biz, shuningdek, innovatsiya, raqamli iqtisodiyot, “yashil” taraqqiyot va energetika, to‘siqlarsiz elektron tijorat kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz”, — dedi davlatimiz rahbari o‘z nutqida.

Statistika idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning sakkiz oyida O‘zbekiston 188 mamlakat bilan savdo aloqalarini amalga oshirgan. Tashqi savdo aylanmasi hajmi 42,7 milliard dollariga yetgan.

Sammit doirasida davlatimiz rahbari Turkiya, Xitoy, Misr, Hindiston, Vetnam kabi davlatlar yetakchilari, shuningdek, Yangi taraqqiyot banki, “Sberbank” singari moliyaviy tashkilotlar rahbarlari bilan bilan uchrashib, muzokaralar o‘tkazgani bu boradagi ko‘rsatkichlar yanada ortishiga zamin yaratadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Tatariston Respublikasi davlat mukofoti — "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlanishi esa O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi munosabatlar nechog‘lik yuqori cho‘qqiga chiqqanligini anglatadi.

Umuman olganda, bugungi kunda O‘zbekiston yuritayotgan siyosat mazmun-mohiyati hamkorlikni rivojlantirish orqali xalqlar farovonligini ta’minlash, do‘stlikni mustakamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qalandar ABDURAHMONOV,

akademik

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar