O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi hozirgi vaziyat qanday – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlili

O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi hozirgi vaziyat qanday – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlili

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozoridagi talab o‘zgarishlarini doimiy ravishda tahlil qilib kelmoqda.

2022 yil fevral oyida respublika bo‘yicha 22 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari rasmiylashtirildi va joriy yilning yanvar oyiga (17,7 ming) nisbatan 24,1%ga ko‘paydi. 2021 yilning shu davriga (20,2 ming) nisbatan o‘sish sur’ati 8,7% , 2020 yilning fevral oyiga (16,9 ming) nisbatan 30%ni tashkil etdi.

Hududlar kesimida fevral oyidagi eng yuqori o‘sish sur’atlari Buxoro (50,8 %), Namangan (37 %), Farg‘ona (30,9 %) va Xorazm (29,6 %) viloyatlarida qayd etildi.

Ko‘chmas mulk bozorida bitimlar sonining kamayishi Toshkent (-13,4 %), Navoiy (-6,4 %) va Andijon (-1,9 %) viloyatlarida kuzatildi.

1-rasm. Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar sonining o‘zgarishi

Mutaxassislarning fikricha, 2020 yildagi koronovirus inqirozidan so‘ng O‘zbekistonda uy-joy ko‘chmas mulk bozori 2021 yilda to‘liq tiklandi.

Hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan ipoteka islohotlari, 2021 yilda ipoteka kreditlarining liberallashtirilishi va uy xo‘jaliklari daromadlarining tiklanishi O‘zbekistonda uy-joy ko‘chmas mulk bozorining yanada rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatdi.

Umuman olganda, O‘zbekistonda global xavf-xatarlar sharoitida arzon uy-joy, imtiyozli ipoteka kreditlari va subsidiyalar bo‘yicha davlat dasturlari orqali ushbu sektorda aholining xarid qilish qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash davom ettiriladi.

Ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlarning o‘zgarishi

Markaz natijalariga ko‘ra, fevral oyida ikkilamchi bozorda o‘rtacha uy-joy narxlari 1,7 %ga oshdi (yanvar oyida o‘sish – 1,4 %).

Hududlar kesimida uy-joy narxining eng yuqori o‘sish sur’atlari Sirdaryo (10,1%) va Surxondaryo (6,4%) viloyatlarida shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (4,5%) kuzatildi. Samarqand (-2,3%) va Andijon (-2,1%) va Namangan (-1,3%) viloyatlarida uy-joy narxining pasayishi qayd etildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Toshkent shahrida o‘tgan oyga nisbatan ikkilamchi bozorda o‘rtacha uy-joy narxlari 1,6 %ga oshgan. Tumanlar kesimida eng yuqori o‘sish Uchtepa (4,2 %), Yakkasaroy (3,4 %) va Yashnobod (2,9 %) tumanlarida kuzatilgan. Poytaxtimizning Shayxontohur (-2,1 %) va Bektemir (-1,9 %) tumanlarida ikkilamchi uy-joy bozorida o‘rtacha narxlarning pasayishi qayd etildi.

Poytaxtda ijara narxlarining qanday o‘zgarib borayotgani, O‘zbekistonda uy sotib olish uchun o‘rtacha qancha vaqt kerakligini va qaysi hududlarda bu ko‘proq vaqt talab etilishini va qaysi shaharlarda bu ko‘rsatkich nisbatan pastligini, shuningdek, ipoteka krediti olishga layoqatli aholi ulushi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlarni “Iqtisodiy sharh jurnalining 3-sonida bilib olishingiz mumkin bo‘ladi.

Xalilulloh Hamidov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Sektor mudiri

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi

tel: (78) 150 02 02 (417)

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar