O‘zbekiston va Ozarbayjon tahlil markazlari hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston va Ozarbayjon tahlil markazlari hamkorlikni kengaytirmoqda

Joriy yilning 5 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida (Markaz) Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiy ilmiy tadqiqot instituti (IITI) vakillari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida uchrashuv tashkil etildi.

Mintaqadagi yetakchi tahliliy markazlarning ikkinchi O‘zbekiston Iqtisodiy forumida ishtirok etish doirasida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Xurshed Asadov Ozarbayjon Iqtisodiy ilmiy tadqiqot instituti (IITI) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Markaz direktori o‘rinbosari Xurshed Asadov va Markaz sho‘’ba mudiri Abdurashid Bozorov va Ozarbayjon tomonidan IITI ilmiy xodimi Natig Madatov va ilmiy xodimlar Shukur Guliyev, Elsevar Latifli ishtirok etishdi.

Markaz ekspertlarining qayd etishicha, O‘zbekiston Ozarbayjon Respublikasini mintaqadagi asosiy hamkorlardan biri deb hisoblaydi va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini ta’kidlaydi. Xususan, O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi 5 yilda qariyb 7 barobarga o‘sdi – 2021 yilda 118,8 million dollarga yetdi, joriy yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha tovar ayirboshlash miqdori o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 157% o‘sib, 130,4 million dollarga yetgan. Markaz rahbariyatining qayd etishicha, mamlakatlar o‘rtasidagi barqaror rivojlanishning asosiy omili O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlarining yaqin o‘zaro hamkorligi bo‘lmoqda.

Uchrashuv davomida mehmonlarga Markazning hozirgi tadqiqotlari haqida, xususan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shuningdek, bugungi kunda Markaz nafaqat ilmiy-tahliliy faoliyat bilan, balki hukumat Akseleratori kabi muhim sohada ham shug‘ullanayotgani ta’kidlandi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi platformasidagi Akselerator O‘zbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish dasturi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari hamkorlari bilan Garvard universiteti metodologiyasi bo‘yicha hamkorlikda amalga oshirilayotgan markaz tashabbuslaridan biridir.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, mamlakatning jahon sahnasidagi, jumladan, Markaziy va Janubiy Osiyodagi yangilangan tashqi siyosati hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini batafsil ko‘rib chiqdilar.

O‘z navbatida, Ozarbayjon tomoni O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlar va islohotlar juda muhim va o‘z vaqtida amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida ikki mamlakat ilmiy markazlari o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, istiqboldagi rejalar hamda “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Ozarbayjon va O‘zbekiston Respublikalarida ilmiy markazlarning iqtisodiy islohotlarni shakllantirishdagi o‘rni, belgilangan asosiy vazifalari, asosiy tadqiqot mavzulari va kelajakda hamkorlik qilish mumkin bo‘lgan muhim yo‘nalishlar to‘g‘risida ma’lumot almashish, treninglar va ilmiy konfrensiyalar o‘tkazish, kadrlar salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.

IITI vakillarining ta’kidlashlaricha, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi maqsadlarini o‘rganishga Ozarbayjon tomoni yuqori darajada qiziqish bildirmoqda.

Shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Janob Mikayil Jabborov O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hukumatlararo komissiyaning hamraisi (Ozarbayjon tomonidan tayinlangan qo‘shma rais) ekanligini aytib o‘tdi. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar yaratishiga alohida urg‘u berib o‘tdi.

Tomonlar O‘zbekiston va Ozarbayjon ekspert-tahliliy guruhlarining hamkorlikdagi faoliyati, ilmiy tadqiqotlarning nazariy va amaliy ahamiyati, kelgusidagi tadqiqot yo‘nalishlari bilan bog‘liq masalalarni alohida muhokama qildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ikki tadqiqot markazlari o‘rtasida ilmiy-tadqiqot dasturlari asosida kelgusida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Ma’lumot uchun: Ozarbayjon Iqtisodiyot vazirligining Iqtisodiyot ilmiy tadqiqot instituti yaqinda qayta tashkil etilgan bo‘lib, institut Iqtisodiyot vazirligiga iqtisodiy islohotlarni shakllantirish, islohotlarni monitoring qilish, metodiologik ko‘mak berish va iqtisodiy samaradorlikni yanada oshirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish kabi asosiy vazifalarni bajaradi. Ushbu Institut jami 130 ga yaqin ilmiy xodimlar va ekspertlar faoliyat yuritishiga mo‘ljallangan. Shuningdek, institut tarkibida 30 ga yaqin mutaxassis ekspertga ega o‘quv trening markazi faoliyat yuritadi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar