O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolandi

O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Viktor Orban O‘zbekiston Respublikasi bilan Vengriya o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Tashrif doirasida ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjat imzolandi.

Ular Hududlararo hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, Tashqi ishlar idoralari o‘rtasida 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi o‘rtasida anglashuv memorandumi, Mehnat munosabatlari sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, Atom energetikasi sohasida kadrlar tayyorlashda hamkorlik to‘g‘risida, Innovatsiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumlari, Madaniyat sohasida hamkorlik dasturi, Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari va chorvachilik sohalaridagi hamkorlik rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, Irrigatsiya sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hadli bitimlardir.

Marosimda ikki mamlakat vazirlikliklari rahbarlari imzolangan hujjatlarni almashdilar.

Tashrif doirasida O‘zbekistonda Debretsen universitetining ta’lim dasturlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim ham imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda Vengriya bilan munosabatlar faol rivojlanib, sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.

– Bugun ochiq va amaliy ruhda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston-Vengriya munosabatlarining deyarli barcha yo‘nalishlarini atroflicha muhokama qildik. Birinchi navbatda iqtisodiy hamkorlik masalalariga jiddiy e’tibor qaratdik. So‘nggi to‘rt yilda tovar ayirboshlashni deyarli uch barobarga o‘sgan. Bu ko‘rsatkichni kelgusida bir necha barobarga oshirish niyatidamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buning uchun ikki mamlakat bozorlariga mahsulotlar yetkazib berishni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, baliqchilik, kartoshkachilik va boshqa sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirishga kelishib olingani aytildi.

Tashrif doirasida ikki mamlakat Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi samarali o‘tgani, ko‘plab bitim va shartnomalar imzolangani qayd etildi.

Ikki mamlakatning barcha hududlarini faol jalb etgan holda, har yili Mintaqalar forumini o‘tkazishga qaror qilingani ta’kidlandi.

Bosh vazir Viktor Orban O‘zbekiston Prezidenti sa’y-harakatlari tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanayotganini qayd etdi.

– Vengriya bilan O‘zbekiston hamkorligiga asos bor edi. Lekin biz savdo aylanmasini juda past darajadan boshlagan edik. Oqilona siyosat va qat’iyat evaziga tovar ayirboshlashda o‘sishga erishilmoqda. Prezident Mirziyoyevning tashabbuslari bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlari ochilmoqda. Bir nechta “flagman” loyihalar samarali amalga oshirilgani uchun ishbilarmonlar erkinlik va ishonchni his etib, harakat qilmoqda, – dedi Viktor Orban.

Shuningdek, mehmon o‘tgan yili koronavirus bilan bog‘liq qiyin epidemiologik vaziyatda Vengriyaga ko‘rsatgan yordami uchun xalqimizga minnatdorlik izhor etdi.

Xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha ikki mamlakatning qarash va yondashuvlari o‘xshash hamda yaqin ekani yana bir bor e’tirof etildi. Vengriya tomoni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish rejalarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, ta’lim sohasida aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Fan, madaniyat va sport sohalaridagi aloqalarni faollashtirishga ham kelishib olingani ma’lum qilindi.

O‘zbek olimi Isoq Ibrohim vengriyalik mashhur Herman Vamberining do‘sti va shogirdi bo‘lgan, salkam o‘ttiz yil Budapeshtda yashab, ilmiy faoliyat olib borgan. U mashhur venger yozuvchisi Yanosh Aronning “Ajoyib ohuning hikoyati” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Ushbu asar yaqinda davlatimiz rahbarining so‘zboshisi bilan Toshkentda nashr etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbek va venger xalqlari o‘rtasidagi tarixiy do‘stlikning yorqin ifodasi bo‘lgan ushbu kitobni Vengriya Bosh vaziri Orbanga taqdim etdi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar