O‘zgidrometeorologiya ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyining ilk o‘n besh kunligida ketma-ket yog‘ingarchiliklar bo‘lishi hisobiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida 12−15 mm, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 18−20 mm, respublikaning qolgan hududlarida 20−40 mm, tog‘li va tog‘oldi hududlarda esa 50−60 mm dan ortiqroq yog‘ingarchilik kuzatilgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Nigora Xodjayeva AOKAda o‘tkazilgan brifingda mamlakatda kuzatilayotgan yog‘ingarchiliklarning qishloq xo‘jaligiga ta’siri bo‘yicha berilgan savollarga javoblar berdi. Quyida vazirlik mutaxassislari tomonidan tayyorlangan ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etamiz.
G‘allachilikka ta’siri va ko‘riladigan choralar:
Mart oyining birinchi o‘n besh kunligida tuproqning 10 sm chuqurligida harorat o‘rtacha 7 daraja iliqni ko‘rsatgan. Ya’ni ertalab soat 5 da 6 daraja, kech soat 17 da 8 darajaga teng bo‘lgan.
Boshoqli don yetishtirishda:
- yog‘ingarchilik miqdorining ko‘p bo‘lishi o‘simlikka berilgan azotli, fosforli va kaliyli mineral o‘g‘itlarning to‘liq o‘simlik tomonidan o‘zlashtirilishi hamda tuproqda namlik zaxirasi to‘planishi;
- parvarishlanayotgan boshoqli don ekinlari hamda lalmikor hududlardagi qishloq xo‘jaligi ekinlarining o‘sishi va rivojlanishi;
- tuproqda namlikning yetarli bo‘lishi va havo haroratining past bo‘lishi, boshoqli don ekinlarining qo‘shimcha poya hosil qilishiga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, tuproqning haydov qatlami namga to‘yinadi, g‘alla maydonlarining har gektariga bir marta sug‘orish uchun sarflanadigan 750−900 metr kub suv iqtisod qilinadi. Buning hisobiga suv omborlariga yillik iste’mol uchun suv zaxiralari yig‘iladi.
Bugungi kundagi ob-havo sharoiti qishloq xo‘jaligi ekinlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinmi?
G‘alla maydonlarida erta bahorgi azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirilgan bo‘lsa, rivoji tezlashadi, ammo ozuqa yetarli bo‘lmagan maydonlarda g‘alla nihollarining rivoji susayadi hamda unib-o‘sishga quvvat yetmaganidan sarg‘ayib ketish extimoli mavjud.
Erta bahorda havoning nisbiy namligi 60 foizdan yuqori bo‘lib, o‘rtacha kunlik havo harorati 7−15 daraja iliq bo‘lganda, sariq zang kasalligi, agar ushbu namlikda o‘rtacha kunlik havo harorati 15−25 daraja bo‘lganda esa qo‘ng‘ir zang kasalligi keng tarqalishiga sharoit yaratiladi.
Seryog‘in kelgan yillarda g‘allazorlarda zamburug‘li kasalliklar (sariq va qo‘ng‘ir zang, un shudring, septorioz, ildiz chirish) keng tarqalishi ko‘p yillik tajribalarda kuzatilgan.
Erta bahordagi yetarli namlik va nisbatan issiq ob-havo g‘allazorlarda begona o‘tlarning jadal rivojlanishiga olib keladi.
Tinimsiz yog‘ingarchilikning kuzatilganda boshoqli don yetishtirishda qanday choralar ko‘rilishi zarur?
G‘alla maydonlarida sug‘orishni tartibga solish lozim. Agarda sug‘orishga e’tiborsizlik qilinadigan bo‘lsa, dala sharoitida namlik yuqori bo‘lib, g‘alla maydonlarida zamburug‘li kasalliklar va turli xil begona o‘tlarning rivojlanishiga imkon yaratiladi.
Sizot suvlari yaqin joylashgan hamda havoning nisbiy namligi yuqori bo‘lgan hududlarda kasalliklarning oldini olish uchun doimiy kuzatuv ishlari olib boriladi.
Respublika hududlarida bugungi kun sharoitida, g‘allachilikdagi zararning oldini olish maqsadida zang va boshqa kasalliklarga, begona o‘tlarga hamda zararkunanda hashoratlarga qarshi kimyoviy kurashish uchun 1,5−2 marta to‘liq ishlov berishga yetarli kimyoviy vositalar zazirasi yaratilgan. Dalaga chiqish imkoniyati bo‘lishi bilan g‘alla maydonlarida to‘liq profilaktik ishlov berish ishlari amalga oshiriladi.
Chigit yetishtirishdagi ta’siri va ko‘riladigan choralar:
Mart oyida ob-havo seryog‘in kelganda chigit ekish ishlari qanday tashkil etiladi?
Tuproqda namlikning me’yordan ko‘p to‘planishi chigit ekiladigan maydonlarda tuproqning namlik rejimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, chigit ekish uchun kuzda shudgor qilib qo‘yilgan maydonlarda yerda namlik zaxirasi oshib, chigitni tuproqning tabiiy namligida undirib olish imkonini beradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining 440 ming gektardan ortiq sho‘ri yuviladigan paxta maydonlarida bahorgi yog‘in-sochin suvlaridan sho‘r yuvish ishlarida foydalanish yaxshi samara beradi.
Bunda, tuproqning mexanik tarkibi va yerlarning sho‘rlanish darajasidan kelib chiqib, sho‘r yuvish uchun olingan pollar yomg‘ir va sel suvlari bilan to‘lib, qariyib bir martagacha sho‘r yuvish uchun sarflanadigan daryo suvlarini tejalishiga erishiladi.
Bundan tashqari, respublika bo‘yicha 332 ming gektar pushta olib, nam suvi berib chigit ekiladigan Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Namangan, Jizzax, Farg‘ona, Samarqand va Navoiy viloyatlari hududlarida kuzda va erta bahorda olib qo‘yilgan pushtalar yomg‘ir suvi bilan to‘lib, tabiiy namlik zaxirasi yaratiladi.
Lekin ketma-ket yog‘in yog‘ishi hisobiga bahorgi dalada bajariladigan agrotexnik tadbirlar yer tekislash, pushta olish, pushtani sug‘orish, ekish oldi yerga ishlov berish (boronalash) va ekish ishlarini maqbul muddatlardan kechikadi. Shu bois:
- bunday paytlarda chigit ekishda dehqon va fermerlar, ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan olim va mutaxassislar tavsiyalariga hamda ilg‘or tajribalariga tayangan holda ishlarni tashkil qilishlari kerak bo‘ladi;
- paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ushbu yog‘ingarchiliklardan keyin har bir hududning tuproq-iqlim sharoitini inobatga olib chigit ekishga yer tayyorlash va chigit ekishni optimal muddatlarda hamda sifatli o‘tkazishga alohida e’tibor qaratishlari lozim;
- bahorning iliq kunlarida chigit ekish ishlari bir kunga kechiktirilsa tuproqning 1 sm dagi namligi, agar 3−4 kunga kechiktirilsa 3−4 sm qatlamidagi namlik ko‘tarilib (bug‘lanib) ketadi.
Bog‘ va tokzorlarga ta’siri va ko‘riladigan choralar:
Mevali bog‘ va daraxtlar hamda tokzorlarga yog‘ingarchilikning ta’siri qanday?
Respublikada barcha toifa xo‘jaliklarida jami 337 ming gektar bog‘ va 182 ming gektar uzumzorlar mavjud. Tinimsiz har kuni yog‘ayotgan yomg‘ir bugungi kunda gullash fazasiga kirgan o‘rik, shaftoli, bodom bog‘lari hosildorligiga zarar yetkazmaydi. Faqat changlanish muddatini sekinlashtirishi mumkin. Qolgan mevali bog‘larda bugungi kunda gullash fazasida emasligi sababli zarari kuzatilmaydi.
Aksincha, oxirgi 2020−2021 yilda yangi barpo etilgan 88 ming gektar mevali bog‘ va 75 ming gektar uzumzorlarga tuproqdagi namlik hisobiga ildiz tizimi yaxshi rivojlanishiga katta foydasi bor. Ayniqsa lalmi yerlarda parvarishlanayotgan bog‘larning yer osti suvlarining zaxirasi ta’minlanadi.
Izoh qoldirish