Asosiy tarmoqlardagi tiklanish va iste’molning jonlanishi o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiy o‘sishning drayveri bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, biznes muhiti ko‘rsatkichlarida mo‘tadil dinamikaga ega bo‘lib turgan qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishbilarmonlik muhitini rag‘batlantirishga alohida e’tibor berilishi kerak.
Ishbilarmonlik muhiti - bu Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan 2020 yildan buyon korxonalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar asosida hisoblab chiqiladigan oylik tahliliy ko‘rsatkich. Korxonalarning so‘rovnomalarda ishtirok etishi ularga iqtisodiy vaziyatni rasmiy statistik ma’lumotlardan oldin baholash imkonini beradi va ularning kutilmalari iqtisodiy faollikni belgilovchi asosiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi. Biznes muhiti indeksining o‘sishi joriy holat va kelgusidagi kutilmalarning ijobiy dinamikasi bilan belgilandi.
O‘zbekistonda biznes muhiti ko‘rsatkichi dinamikasi
Iyun oyidagi so‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda biznes muhiti yaxshilangani qayd etilgan. Biznes muhiti indeksi o‘tgan oyga nisbatan 5 bandga o‘sib, 53 bandni tashkil etgan.
Joriy iqtisodiy holatni “yaxshi” deb baholagan respondentlar ulushi o‘tgan oyga nisbatan 3 foiz bandga (f.b.) oshib, 40 foizni tashkil etdi. Bu qulay ishbilarmonlik muhitiga tadbirkorlarning ishonchi ortganidan dalolatdir.
Respondentlarning 38 foizi so‘nggi 3 oy ichida o‘z mahsulotlari/xizmatlariga bo‘lgan talab oshganini qayd etgan, bu may oyiga nisbatan 4 foiz bandga yuqori. Ushbu dinamika iqtisodiyotda iste’molchi faolligining bosqichma-bosqich tiklanayotganidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, respondentlarning 25% keyingi 3 oy ichida narxlarning ko‘tarilishini kutayotgani (bu o‘tgan oy darajasiga bilan bir xil), respondentlarning 10 foizi esa (o‘tgan oyga nisbatan 1 foiz yuqori) narxlarning pasayishini kutayotganligini bildirgan.
Shunday qilib, inflyasion kutilmalari saqlanib qolayotgan bo‘lsada, ishbilarmonlik kayfiyatining yaxshilanishi kuzatilmoqda: ko‘proq korxonalar mavjud vaziyatni qulay deb baholamoqdalar va talabning oshishi kuzatilmoqda. Ushbu ko‘rsatkichlar mamlakatda biznes faolligining bosqichma-bosqich tiklanayotganidan dalolat beradi.
Keyingi iqtisodiy o‘sish uchun zarur shart-sharoitlar
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi onlayn so‘rovnomasi natijalariga ko‘ra, narxlar oshishini qayd etgan respondentlarning ulushi o‘tgan oyga nisbatan 4 foiz bandga, kelajakda narxlarning o‘sishini kutayotganlarning ulushi esa 3 foiz bandga kamaydi. Aholining o‘rtacha daromadlari 5%ga oshgan.
Shu bilan birga, Respublika Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning aprel-iyun oylarida xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36 foizga oshgan.
Shunday qilib, biznes muhiti, iste’mol va pul o‘tkazmalari bo‘yicha kuzatilgan ijobiy tendensiyalar respublikada iqtisodiy faollikni yanada tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratmoqda.
Biznes muhitining yaxshilanishi bilan bir qatorda iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarida ijobiy tendensiya kuzatilmoqda.
Shunday qilib, sanoatda ishbilarmonlik muhitining ko‘rsatkichi 37 dan 55 bandgacha, qishloq xo‘jaligida - 52 dan 55 bandgacha o‘sdi.
Shu bilan birga, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishbilarmonlik muhitining ko‘rsatkichlari deyarli o‘zgarmadi hamda mos ravishda 37 va 52 bandni tashkil etgan, bu iqtisodiyot tarmoqlarining bir xil bo‘lmagan tiklanishidan dalolat beradi.
Qishloq xo‘jaligida 3 oy davomida bandlikning o‘sishini qayd etgan korxonalarning ulushi 28% dan 31%gacha o‘sdi, barqaror talabni kutayotganlarning ulushi esa deyarli o‘zgarmadi - 29%ga nisbatan 28%.
Sanoatda sezilarli yaxshilanish kuzatilmoqda: joriy holatini "yaxshi" deb baholaganlar ulushi 29%dan 38%gacha, talabning o‘sishini qayd etganlar esa - 31%dan 35%gacha oshgan. Bundan tashqari, narxlarning pasayishini kutayotganlarning ulushi 7%dan 9%gacha oshgan.
Qurilishdagi ko‘rsatkich yanada barqaror: hozirgi holatni "yaxshi" deb baholaganlar ulushi deyarli o‘zgarmadi - may oyida 37%ga nisbatan 36%. Shu bilan birga, biznes sharoitining yaxshilanishini kutayotganlar ulushi sezilarli darajada oshdi - 69%dan 73%gacha.
Xuddi shunday tendensiyalar xizmat ko‘rsatish sohasida ham kuzatilmoqda: hozirgi vaziyatni "yaxshi" deb baholagan tadbirkorlarning ulushi 39% dan 42% gacha, kelajakda biznes o‘sishini kutayotganlar esa 73% dan 74% gacha oshgan. Shu bilan birga, xizmatlarga talab may oyida 39% dan iyun oyida 41% gacha oshdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirishdagi asosiy to‘siqlar haqida
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlili natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’yektlarini tadbirkorlikni rivojlantirishdagi asosiy to‘siqlar sifatida moliyalashtirish va soliq ma’muriyatchiligidagi muammolarni ko‘rsatishgan.
Moliyalashtirishni asosiy muammolardan biri sifatida ko‘rsatgan tadbirkorlar ulushi may oyidagi 16%dan iyun oyida 15%gacha kamaydi. Shunga qaramay, ushbu muammo qishloq xo‘jaligi sohasida eng dolzarb bo‘lib, tahlil qilingan davrda moliyalashtirish muammolariga duch kelgan tadbirkorlar ulushi 17%dan 25%gacha oshgan.
Shu tariqa, moliyalashtirish muammolariga duch kelgan tadbirkorlar ulushining biroz pasayishi va boshqa sohalarda biroz o‘sishi kuzatildi.
Elektr va gaz ta’minoti kabi infratuzilma bilan bog‘liq muammolar tadbirkorlik sub’yektlari orasida, ayniqsa, sanoat tarmog‘idagilar uchun tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.
Bank-moliya sohasini o‘rganish sektori, tel.: (78) 150 02 02 (441)
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi, tel.: (78) 150 02 02 (417)
Izoh qoldirish