Prezidentning “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Yangi hujjat mamlakatda iqtisodiy faollikni oshirish, raqobat muhitini mustahkamlash hamda biznesni yashirin iqtisodiyot aylanmalaridan chiqarib, to‘liq rasmiy faoliyat yuritishga rag‘batlantirishga qaratilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2024 yilda YaIMdagi kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 34,8% (505 trln so‘m)ni tashkil etdi. Shundan:
- yashirin iqtisodiyot 24,1% (122 trln so‘m),
- norasmiy iqtisodiyot esa 75,9% (384 trln so‘m).
Kuzatilmaydigan iqtisodiyot — bu vakolatli organlar tomonidan rasmiy ro‘yxatga olinmagan va statistik kuzatuvlar doirasiga kiritilmagan iqtisodiy faoliyat bo‘lib, unga yashirin, norasmiy va noqonuniy iqtisodiyot turlari kiradi.
Yashirin iqtisodiyot legal, ammo deklaratsiya qilinmagan faoliyat turlarini o‘z ichiga oladi, masalan, mehnat munosabatlari rasmiylashtirilmagan holda ishlash. Bu iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatib, soliq tushumlarini kamaytiradi va tengsiz raqobat muhitini yaratadi.
Norasmiy iqtisodiyot fuqarolarning ro‘yxatdan o‘tmagan tadbirkorlik va ishlab chiqarish (xizmatlar) faoliyatini o‘z ichiga oladi va rasmiy mehnat bozorida ishlash imkoniyati bo‘lmagan guruhlar uchun bandlikni ta’minlaydi.
Noqonuniy iqtisodiyot esa qonunchilikka xilof bo‘lgan barcha turdagi faoliyatlarni o‘z ichiga oladi.
Sohalar bo‘yicha kuzatilmaydigan iqtisodiyot darajasi quyidagicha: qishloq xo‘jaligi – 63%, qurilish – 41%, xizmat ko‘rsatish – 40 %, ishlab chiqarish – 9 %. Bu ko‘rsatkichlar iqtisodiy faoliyatning turli sohalardagi ochiqlik darajasini va norasmiy faoliyat ulushini aniq ko‘rsatib beradi.
2030 yilga qadar maqsadli ko‘rsatkichlar
Farmonga muvofiq, YaIMga nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini kamaytirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi. 2024 yilda ushbu ko‘rsatkich 34,8% bo‘lgan bo‘lsa, 2030 yilga kelib uni 23%ga tushirish rejalashtirilgan. Bu o‘zgarish yashirin iqtisodiyot ulushini taxminan 1,3 barobar qisqartirishni anglatadi va iqtisodiy faoliyatning oshkora bo‘lishiga xizmat qiladi.
Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida naqd pulsiz to‘lovlarning ulushi ham sezilarli oshirilishi mo‘ljallangan. 2024 yilda bu ko‘rsatkich 66%ni tashkil etgan bo‘lsa, uni 2030 yilga kelib 75%ga yetkaziladi. Bu esa naqdsiz to‘lovlar ulushining 1,2 barobar o‘sishini ta’minlab, xizmatlar bozorida shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytiradi.
Iqtisodiy faol aholi tarkibida rasmiy bandlikni oshirish ham muhim maqsadlardan biri hisoblanadi. 2024 yilda rasmiy sektordagi band aholi umumiy iqtisodiy faol aholiga nisbatan 49% ni tashkil etgan. 2030 yilgacha ushbu ko‘rsatkichni 64%ga yetkazish, ya’ni 1,3 barobar oshirish rejalashtirilgan. Bu mehnat bozorida rasmiylashtirish jarayonlarini tezlashtiradi va aholi daromadlarining shaffofligini ta’minlaydi.
Farmonda mamlakatning xalqaro reytinglardagi mavqeini yaxshilash ham ko‘zda tutilgan. Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekistonning o‘rni 2024 yilda 103-pog‘ona bo‘lgan. 2030 yilda mamlakatni 73-o‘ringa ko‘tarish choralari belgilangan. 30 pog‘onalik bu siljish iqtisodiy muhit erkinlik, biznes yuritish sharoitlari yaxshilanishi va investitsiyaviy jozibadorlikning oshishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Korrupsiyani qabul qilish indeksidagi natijalarni yaxshilash bo‘yicha ham aniq ko‘rsatkichlar belgilandi. 2024 yilda O‘zbekiston 121-o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, 2030 yilga kelib mamlakat ushbu reytingda 91-o‘ringa chiqishi mo‘ljallangan. Ya’ni 30 pog‘onalik ijobiy o‘sish korrupsiyaga qarshi islohotlar samaradorligini ko‘rsatadi.
Qabul qilingan farmon iqtisodiy shaffoflikni oshirish, raqamli to‘lovlarni keng joriy etish va fuqarolarning rasmiy bandligini kuchaytirish orqali mamlakatda barqaror va ochiq iqtisodiy muhit yaratishga xizmat qiladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish