O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi

O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi
foto: UzA

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 dekabr kuni parlamentga murojaat bilan chiqish qilib, o‘z nutqida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash dolzarb ekanligi to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tdi va 2021 yilni “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash yili” deb e’lon qilishni taklif qildi[1]. Ushbu taklif jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Xuddi shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari forumida so‘zlagan nutqida ham yoshlarimizni “O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi” deb ta’rifladi.

Azaldan yurtimiz o‘zining bolajonligi, yoshlarning kamoloti barcha davrlarda ustuvor bo‘lib kelgani bilan ajralib turadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugun dunyo aholisining 16 foizini yoshlar tashkil qilmoqda. Yurtimizda esa bu ko‘rsatkich e’tirof etsa arzigulik – aholining 60 foizdan oshiq qatlami kelajagimiz davomchilari hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu ma’noda ham, O‘zbekistonni yoshlar mamlakati, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yoshlarni ish bilan ta’minlashda ularning iqtisodiy mustaqillikka erishishlari va hayotda o‘z o‘rinlarini topib ketishlarida kichik biznes va tadbirkorlik sohasining rivojlanishii eng asosiy omil va manba bo‘lib xizmat qiladi.

Shu bilan birga, iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida tadbirkorlikni rivojlantirish, uning qonuniy-me’yoriy asolarini mustahkamlashga qaratilgan iqtisodiy islohotlar dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Kam sarmoya talab qiladigan, tez modernizatsiya qilinadigan va bozor konyukturasining o‘zgaruvchan talablariga yaxshi moslasha oladigan biznes yuritish zamon talabiga aylandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kichik biznes bozorni zarur tovar va xizmatlar bilan to‘ldiradigan, iqtisodiyotni tarkibiy negizini belgilab beradigan eng muhim sektor hisoblanadi.

Yurtimizda tadbirkorlik azaldan xalqimiz uchun xos bo‘lgan va jamiyatda yuksak qadrlangan. Xususan, Amir Temur o‘z saltanatida tadbirkorlar, shijoatli insonlarni g‘oyat qadrlagan: “Tajribamda ko‘rilganki, azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, jang ko‘rgan, mard, shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir. Chunki tajribali bir kishi minglab kishiga ish buyuradi.”

Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, xususan, yoshlarning biznes g‘oyalarini amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Hududlarda oilalarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishga, ularning barqaror va qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lishiga, milliy hunarmandchilik yanada rivojlanishiga, xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslari amalga oshirilishiga, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalari ro‘yobga chiqishiga hamda shu asosda aholining bandligi ta’minlanishiga zamin yaratilmoqda.

Aholining mehnat orqali daromad topishga bo‘lgan qiziqishini keskin oshirish, ayniqsa muhtoj oilalarning hunarmandchilik, kasanachilik va boshqa tadbirkorlik faoliyatini, shuningdek, hududlarda foydalanilmayotgan binolarda ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni, aholi tomorqalari va bo‘sh ekin maydonlaridan unumli foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bilan bog‘liq loyihalarni imtiyozli shartlarda moliyalashtirishni tizimli ravishda davom ettirishni taqozo etmoqda. Respublika hududlarida aholining daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishiga, oilaviy tadbirkorlik rivojlanishiga har tomonlama ko‘maklashish va mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirishning mustahkam qonunchilik va huquqiy asosi shakllangan bo‘lib, u muntazam ravishda takomillashtirib borilmoqda. Bu soha uchun soliq va moliyaviy munosabatlarda katta imtiyozlar belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni tadbirkorlik faoliyati rivojlanishi va biznesning qonuniy manfaatlari muhofazasini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyati tubdan takomillashtirilishini nazarda tutadi. Farmonda Savdo-sanoat palatasining tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashish, davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik, tadbirkorlik sub’yektlarini o‘qitish va kadrlar tayyorlash, tashqi iqtisodiy faoliyat va investitsiyalarni jalb qilish kabi aniq va eng muhim vazifalari belgilab berilgan.

Xalq farovonligini oshirish maqsadida “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, tomorqani rivojlantirish kabi dasturlar qabul qilindi. Bu dasturlar aholi bandligini ta’minlash, oilalar uchun daromad manbai yaratishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrdagi «Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–5242-son, 2018 yil 27 iyundagi ««Yoshlar-Kelajagimiz» Davlat dasturi to‘g‘risida»gi PF–5466-son Farmonlari, 2018 yil 26 apreldagi «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-3680-son, 2018 yil 7 iyundagi «Har bir oila — tadbirkor» dasturini amalga oshirish to‘g‘risida»gi PQ–3777-son va 2018 yil 14 iyuldagi «Aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–3856-son qarorlari asosida imtiyozli kreditlar oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan aholi hamda tadbirkorlik sub’yektlariga yillik 8 foiz stavkada 3-6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ajratiladi. Bunda, 2020 yil 1 yanvardan boshlab kreditlar AT Xalq banki, «Mikrokreditbank» ATB va «Agrobank» ATB orqali O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida ajratish imkoniyatlari yaratildi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni ijro etish, jumladan, biznes sohasi vakillari va davlat organlari o‘rtasida samarali muloqot va foydali hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, xususiy mulk va tadbirkorlikning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli muhofaza qilish kafolatlarini kuchaytirish, biznes-muhitni takomillashtirish masalalari bo‘yicha, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlariga sifatli davlat xizmatlari taqdim etilishini ta’minlash davlat organlari va tadbirkorlik tuzilmalarining o‘zaro hamkorligini, ayniqsa, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini endi boshlagan davrlarda ularni qo‘llab-quvvatlashning yangi samarali tizimlari yaratilmoqda.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish borasidagi ishlarni samarali amalga oshirish maqsadida Prezidentning 2020 yil 18 fevraldagi farmoni hamda qaroriga muvofiq, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika darajasida tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni kamaytirishga mas’ul lavozimlar joriy qilinib, vertikal tizim yaratildi.

Tadbirkorlikning rivojlanishi ko‘p omillarga, birinchi navbatda tadbirkorning bilimi, tajribasi va ishbilarmonligiga bog‘liq. Bugungi kunning tadbirkori menejment, rahbarlik usullari asoslari, iqtisodiy masalalar bo‘yicha biznesni rejalashtirish, xo‘jalik faoliyatini tahlil etish, chiqimlarni kamaytirib, foydani ko‘paytirish, shuningdek, huquq va psixologiya sohasi kabi bilimlarni egallashi zarur. Chunki zamonaviy ishlab chiqarish juda murakkab, texnika vositalari va texnologiyalar muttasil takomillashib bormoqda.

Rivojlangan davlatlar tajribasi tadbirkorlik milliy iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishda, uni barqaror sur’atlar bilan rivojlantirishni ta’minlashda, texnik hamda texnologik qayta jihozlash, yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirishda o‘ta muhim rol o‘ynashidan, ichki bozorni zarur tovar va xizmatlar bilan to‘ldirishning asosiy manbayi ekanligidan yaqqol dalolat beradi. O‘zbekiston uchun xususiy tadbirkorlikning mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta’minlash yoki o‘zini o‘zi band qilish, uning daromadini oshishidagi ahamiyati, ayniqsa, muhimdir.

Yoshlar mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda ham katta kuch. Respublikamizda 230 mingga yaqin yosh tadbirkor va fermerlar, mohir hunarmandlar faoliyat olib bormoqda. Ularning safi yanada kengayishi uchun davlat tomonidan zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

Faqatgina “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi doirasida yosh avlod vakillarining 8 mingtaga yaqin biznes loyihasiga 1 trillion 630 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi, natijada 40 mingga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Navqiron avlod tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashda respublikamizda tashkil etilayotgan “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzarlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini egallagan yoshlar mustaqil faoliyatini boshlashmoqda. Qishloq joylarida esa “Har bir yoshga – bir gektar” loyihasining amalga oshirilishi natijasida 65 mingga yaqin yosh dehqonlarga 54 ming gektardan ziyod yer ajratib berildi.

Bundan tashqari yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida Prezident qarori qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020 yil 13 oktyabrdagi PQ-4862-son qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosi aholi, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlar hamda biznes sohasi vakillarini qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari bo‘lib xizmat qiladi. Jumladan qarorda aholini, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, mikromoliyalash tizimini takomillashtirish, tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish hamda yagona davlat tashkiloti tomonidan muvofiqlashtirib borish nazarda tutilgan.

Mazkur qarorda belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash “Nazorat rejasi” ning 5-bandida “Mikrokreditbank” ATB tomonidan nodavlvat ta’lim tashkilotlari maxsus sertifikatini olgan, tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan yoshlar va xotin-qizlarga o‘z biznesini tashkil etish uchun 33 million so‘mgacha miqdordagi mikrokreditlar ta’minotsiz ajratiladi. Mikrofirma va kichik korxona ta’sis etgan shaxslarga uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining kafilligi va boshqa ta’minot turlari asosida 225 million so‘mgacha miqdorda mikrokreditlar ajratiladi. “Mikrokreditbank”ka kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qib, sertifikat olgan yoshlarga imtiyozli foizlarda mikrokreditlar ajratish choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi. Bunday kreditlar 3 yil imtiyozli davri bilan 7 yil muddatga beriladi. Bank tomonidan ushbu maqsadlar uchun kelgusi yilda 45 million dollarlik mikrokreditlar ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Endilikda “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida har 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshlar biriktiriladi. Tijorat banklarining hududlarda faoliyat boshlagan “Loyihalar fabrika”lari yoshlarimizning ilg‘or g‘oyalari asosida loyihaviy taklif va biznes rejalarini tayyorlab beradi.

Yoshlar loyihalarini moliyalashtirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida alohida jamg‘arma tashkil etilib, ushbu jamg‘armaga 100 million dollar mablag‘ ajratiladi. Ushbu jamg‘arma yoshlarning loyihalariga qulay shartlarda va past foizlarda kredit beradi. Bu 2021 yilning o‘zida yilda kamida 500 ming yoshga ish joyi yaratish imkonini beradi. Shuningdek, respublikamiz hududlarda “ustoz-shogird” an’anasi yanada kuchaytirilib, ana shu ezgu ishga jalb etiladigan hunarmand ustalarni Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi.

Yurtimizda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini tashkil etish tajribasidan foydalangan holda barcha shahar va tumanlarida “Yoshlar kichik sanoat zonalari” tashkil etiladi. Ushbu sanoat zonalarida yoshlar loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish uchun zarur bo‘ladigan barcha infratuzilma ob’yektlari joylashtiriladi.

Tijorat banklarining hududlarda faoliyat boshlagan “Loyihalar fabrika”lari yoshlarimizning ilg‘or g‘oyalari asosida loyihaviy taklif va biznes rejalarini tayyorlab beradi. Yoshlar loyihalarini moliyalashtirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida alohida jamg‘arma tashkil etilib, ushbu jamg‘armaga 100 million dollar mablag‘ ajratiladi. Ushbu jamg‘arma yoshlarning loyihalariga qulay shartlarda va past foizlarda kredit beradi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, fermer va dehqon xo‘jaliklarini qo‘shmaganda tadbirkorlik sub’yektlari soni qariyb 408 mingtaga yetgan. Shundan 90 ming 161 tasi xususiy korxonadir. E’tiborlisi, xususiy korxonalar soni bo‘yicha poytaxtdan keyingi o‘rinlarni mehnat resurslari nisbatan yuqori bo‘lgan Farg‘ona, (11 061 ta), Qashqadaryo (9 200 ta), Namangan (7 188 ta) viloyatlari band etdi. Bu esa ushbu hududlarda yoshlar bandligini ta’minlashda jiddiy siljishlar bo‘lishiga katta umid uyg‘otadi.

Mamlakatda yuqoridagi kabi iqtisodiy loyihalarni amalga oshirilishi aholi, ayniqsa yoshlar uchun yangi-yangi ish o‘rinlari yaratilishi va aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

[1] https://president.uz/uz/lists/view/4057

Nigora Abduraxmanova,

Nodira Sirojiddinova

Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar ta’limi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar