Tadbirkor haqida qisqacha ma’lumot:
Usmonova Barchinoy 1968 yil 16 yanvarda Sirdaryo viloyati Guliston tumanida tug‘ilgan. 1989-1991 yillarda Sirdaryo viloyati, Guliston tumanidagi 11-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi, 1991-2000 yillarda shu tumandagi 1-umumta’lim maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, 2000-2003 yillarda Guliston tumanidagi 20-MTM mudirasi, 2003-2016 yillarda esa tumandagi 13-MTM mudirasi lavozimlarida ishlagan.
Turmush o‘rtog‘i Usmonov Husanboy oilaviy bog‘cha va maktabning xo‘jalik ishlari mudiri lavozimida ishlaydi. 3 nafar farzandi bor. Qizi Marhaboxon viloyat onkologiya shifoxonasida shifokor, katta o‘g‘li Otabek oilaviy umumta’lim maktabida ilmiy bo‘lim mudiri va o‘qituvchi, kichik o‘g‘li Umidjon Toshkent moliya institutining 3-bosqich talabasi.
Ayni paytda “Shirintoy va kichkintoy Sabina” MChJga qarashli davlat- xususiy sherikchiligidagi “SEVINCH” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi, “SEVINCH” xususiy maktabi direktori, “AGRO YOUTH” ishlab chiqarish korxonasi rahbari hamda “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Sirdaryo viloyat hududiy bo‘limi raisi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tadbirkorlikda erishgan katta yutuqlari uchun “Tashabbus-2018” ko‘rik tanlovi respublika bosqichining xizmat ko‘rsatish sohasida “Eng yaxshi tadbirkor ayol” nominatsiyasi g‘olibi, 2019 yil Qirg‘iziston Respublikasida o‘tkazilgan Xalqaro ko‘rik-tanlovda hunarmandchilik bo‘yicha 1-o‘rin sohibasi bo‘lgan, 2021 yil “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni, 2022 yil “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni, 2023 yil “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
– Biznes karerangizni qanday boshlagansiz? Undan oldin nima ish bilan mashg‘ul bo‘lgansiz? Avvalgi faoliyatingiz biznes muvaffaqiyatingizga qanday hissa qo‘shgan?
– O‘quvchilik yillarimda boshlang‘ich sinf rahbarim Venera opa Abdurahmonovaning shogirdlariga ko‘rsatayotgan mehr-muhabbatini, o‘quvchilarga muomalasini ko‘rib menda bu kasbga mehr paydo bo‘lgan. Ustozimga havas qilib, kelajakda men ham, albatta, o‘qituvchi bo‘laman, bolalarga dars beraman, deb niyat qilganman.
Maktabni tugatganimdan so‘ng Guliston davlat pedagogika institutining boshlang‘ich ta’lim fakultetida o‘qidim. Institutni tamomlagandan so‘ng, 11 yil davomida tumanimizning Muhammad Hakimov nomli 1-umumta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishladim. O‘sha paytlarda menga hududimizda tashlandiq va qarovsiz holga kelib qolgan maktabgacha ta’lim muassasasi borligini aytishib, uni ishlata olish-olmasligimni so‘rashdi. Men bu taklifni bajonidil qabul qildim. Lekin bog‘chaning faqat nomigina qolgan, o‘zi allaqachon pillaxonaga aylanib ketgan ekan. Uni to‘la ta’mirlab, bog‘cha holatiga keltirdim. 20 yil davomida o‘sha bog‘chada mudiralik qildim. Lekin bu davlat bog‘chasi edi.
Bog‘cha mudirasi sifatida muayyan tajriba to‘plaganimdan keyin xususiy bolalar bog‘chasi tashkil etish fikriga keldim va uni tashkil etdim. Unga “SEVINCH” deb nom berdim. Keyinchalik turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda “SEVINCH” xususiy maktabi va “AGRO YOUTH” ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qildik.
Mamlakatimizda tadbirkorlik uchun yaratib berilayotgan qulay sharoitlar tufayli maqsadlarimizga tezda erishdik. Shu tariqa, xususiy bog‘cha va maktab egalariga aylandik.
Tadbirkorlikda erishgan muvaffaqiyatlarim tufayli meni “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Sirdaryo viloyat hududiy bo‘limi raisi lavozimiga saylashdi.
– Siz ayolsiz, katta bir oilaning bekasi, 3 farzandning onasi, 5 nevaraning buvisisiz. Mana shularning o‘ziyoq har qanday ayolning juda ko‘p vaqti va diqqatini oladi. Shunga qaramasdan, biznes bilan shug‘ullanib, taniqli tadbirkor darajasiga yetishdingiz. Bu qanday yuz berdi? Masalan, bunda yaratilgan imtiyozlar, qo‘llab-quvvatlash va sharoitlarning ahamiyati qanday bo‘ldi?
– Xususiy bog‘cha ochish niyatida 2014 yil viloyat hokimiga murojaat bilan chiqqanman va rad javobini olganman. Lekin shunda ham to‘xtamadim. 3 yil davomida tinimsiz harakat qildim, bog‘cha qurish uchun imtiyozli kredit olish maqsadida banklarga bordim. Banklardan esa nafaqat imtiyozli, balki bog‘cha ochish uchun umumiy asosdagi kreditning o‘zi yo‘q, degan rad javoblarini olaverdim.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz Prezidenti lavozimiga saylanishlari bilan vaziyat keskin o‘zgardi. Saylovdan keyin Davlatimiz rahbari ilk selektor yig‘ilishini maktabgacha ta’lim masalasidan boshladilar va o‘sha yig‘ilishda xususiy bog‘chalar qurilishi haqida ham gapirdilar. Men bundan juda xursand bo‘lib ketdim. Viloyat hokimining qabuliga go‘yo qushday uchib bordim.
Viloyat hokimi mening tashabbusimga xayrixohlik bildirdi va yordam berishga tayyor ekanligini aytdi. 3 yildan beri qurishga ruxsat ololmay yurgan bog‘chamni 3 oyda qurib bitkazdim. 2018 yil 12 aprelda Prezidentimizning Sirdaryo viloyatiga tashrifi vaqtida 140 o‘rinli xususiy bog‘cham ochilib, o‘z ish faoliyatini boshladi.
Ta’limning uzluksizligini ta’minlash maqsadida ushbu bog‘cha negizida 2023 yilda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan xususiy umumta’lim maktabi ham ochdim.
Tadbirkorlikni boshlashdan avval juda ko‘p tadbirkorlarning ish faoliyati bilan tanishib chiqdim. Ulardan ko‘p narsa o‘rgandim. Biznesni boshlashdan oldin, eng avvalo, nimani yaxshi tushunishingiz haqida o‘ylab ko‘rishingiz kerak ekan. Shunda siz yangi g‘oyalarga ega bo‘lishingiz va ehtimoliy xatolarning oldini olishingiz mumkin. Asosiysi, o‘zingizni va vaqtingizni bag‘ishlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlik sizni xursand qilishi kerak, bu tadbirkorning foydasiga xizmat qiluvchi asosiy omillardan biridir.
2020 yildan buyon “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Sirdaryo viloyat xududiy bo‘limi raisiman. Sirdaryo viloyatining 11 ta tumani bo‘yicha tizimli ishlashni yo‘lga qo‘yganmiz. Bugungi kunga kelib, viloyatimizda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib olgan, eksport salohiyatiga ega tadbirkor ayollar soni 700 nafardan ortiq. Lekin tadbirkorlikni boshlash istagidagi ayollar soni bundan kamida 4-5 baravar ko‘proq. Biz viloyatimizdagi tadbirkor ayollar bilan bir qatorda bu sohaga endi kirmoqchi bo‘layotganlarni ham har taraflama qo‘llab-quvvatlash mexanizmini yaratganmiz.
2022 yilda tadbirkorlik faoliyatimni kengaytirish maqsadida Sirdaryo viloyatida hunarmandchilikning avval urf bo‘lmagan gilam, adras to‘qish turini yo‘lga qo‘ydim. Marg‘ilon shahridan kerakli uskunalarni olib kelib, 50 nafar ishsiz ayollarni o‘qitib, shu sohaning mutaxassisiga aylantirdim. Hozirgi kunda bu ayollar o‘z ishining ustasiga aylanib ulgurishdi va o‘zlari shogirdlar yetishtirib chiqarmoqda.
– Sizning biznesda erishgan muvaffaqiyatlaringizga nima imkon berdi?
– Faoliyatimizni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan omillarning asosiysi Prezidentimizning 2018 yil 5 aprelda imzolangan “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3651-sonli qarori bo‘ldi. Mazkur qaror bilan tadbirkorlar uchun juda katta imtiyozlar berildi:
– jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga berilgan yer uchastkalarini, shu jumladan, faoliyat yuritayotgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining bo‘sh turgan yer uchastkalarini nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining binolarini qurish uchun bepul asosda ijaraga berish;
– bo‘sh yotgan davlat mulki ob’yektlarini, shu jumladan, faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining binolarini “nol” xarid qiymatida sotish;
– xususiy sherikning mol-mulki negizida tashkil qilingan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini moddiy-texnik va moliyaviy ta’minlash;
– davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga (oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan tashqari) foydalangan elektr energiyasi va tabiiy gaz xizmatlari narxining 50 foizi miqdorida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan oylik kompensatsiyalar to‘lash;
– olis va chekka hududlarda joylashgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga (oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan tashqari) har bir tarbiyalanuvchi bola uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 75 foizi miqdorida subsidiya to‘lash;
– nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘z faoliyatini amalga oshira boshlagandan keyin o‘n yil mobaynida barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod qilish va h.k.
Bunday katta imtiyozlar berilgandan keyin yana ham shijoat va g‘ayrat bilan faoliyatimni davom ettirdim.
– Biznesingizning katta qismi ta’lim tizimi bilan bog‘liq. Bu juda nozik va murakkab soha hisoblanadi. Shu bois biznesingizning ijtimoiy ahamiyatini baholash mumkinmi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Masalan, qancha ish o‘rinlari yaratildi? Sizning tashkilotlaringizning ehtiyojmand guruhlarga nisbatan ijtimoiy siyosati qanday?
– Pedagog sifatida yangi pedagogik texnologiyalar, innovatsion loyihalar yaratish asosida yuksak bilimli va har tomonlama intellektual rivojlangan maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalash yo‘lida mehnat qilib, muayyan natijalarga erishdim, deya olaman. Faoliyatimda yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini yuksaltirish, barkamol avlodni voyaga yetkazish, o‘zligini anglatish, milliy qadriyatlarni rivojlantirish masalalariga katta e’tibor qaratdim.
Tashkil etgan muassasamda 140 nafar bolajonga 25 nafar o‘qituvchi va murabbiy, ulardan 3 nafari “Ayollar daftari”dagi ayollar, 5 nafari “Yoshlar daftari”dagi yosh xodimlar bo‘lib, bolalarga 4 ta (rus, ingliz, koreys va o‘zbek) tilda ta’lim-tarbiya berishmoqda. Zamon talablariga asoslangan 12 ta to‘garak tashkil etilgan. Muassasa tarbiyalanuvchilarining 35 foizi kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlaridir.
Tarbiyalanuvchilarning tayanch va harakat a’zolarida uchraydigan ayrim yengil nuqsonlarni bartaraf etish maqsadida tizimli uqalash, parafin muolajalari yo‘lga qo‘yilgan. Nutqida uchraydigan nuqsonlarni bartaraf etish maqsadida logoped, defektolog xizmatlari tashkil etilgan. Muassasada tashkil etilgan zamonaviy texnik attraksion o‘yingohida 8 ta turdagi jihozlar mavjud bo‘lib, bolalarni maza qilib ko‘ngil ochishlariga imkon beradi.
Shogirdlarimdan 4 tasi Guliston shahri, Guliston, Sayxunobod va Mirzaobod tumanlarida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etishgan.
Muassasada haftaning shanba kunlari nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” deb e’lon qilingan.
Guliston shahri 4-mavzesining barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida mahallada 500 nafar oila farzandlari o‘yingohga taklif etiladi.
Maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilarini maktab ta’limiga tayyorlashda umumiy o‘rta ta’lim maktablari bilan hamkorlik ishlarini samarali olib bormoqdamiz. Maktabning kam ta’minlangan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun repetitorlik kurslari tashkil etilgan. Ta’lim-tarbiya sifatini oshirish maqsadida tarbiyachilarning salohiyatini oshirdik va 25 ta ish o‘rni yaratdik. Pedagog xodimlarimizdan 3 nafari oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi.
2021 yil o‘zimga tegishli 11,4 gektar yer maydonida ishlab chiqarish kooperatsiyasi tashkil etib, 29 nafar “Yoshlar daftari”dagi shaxslarga yangi ish o‘rni yaratib berdim. Hunarmandchilikning adras va gilam to‘qish turi bo‘yicha 50 nafar ayolni ish bilan ta’minladim.
Korxona xodimlari uchun har bir bayram va tadbirda turli mukofotlar, bayram dasturxonlari tashkil etiladi, xizmat faoliyati davomida o‘zining mehnatkashligini namoyon qilgan fidoyi xodimlar pul va qimmatbaho sovg‘alar ko‘rinishida rag‘batlantirib kelinmoqda.
– So‘nggi yillarda yaratilgan ishbilarmonlik muhiti, hisobot talablari va nazoratchi tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarni qanday baholaysiz? Bu sohada boshqa muammolar bormi va nimalarni yanada yaxshilash kerak, deb o‘ylaysiz?
– Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan biz tadbirkorlarga juda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratib berilmoqda. Jumladan, Davlatimiz rahbarining 2024 yil 23 yanvarda imzolangan “Tadbirkorlik sub’yektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-39 sonli qarori bu boradagi ishlarning izchil davomi bo‘ldi, deyish mumkin. Unga ko‘ra, 2024 yil 1 fevraldan boshlab qonunchilik talablariga rioya etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlarini aniqlash va qo‘shimcha rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi Tadbirkorlik sub’yektlarining barqarorlik reytingini yuritish boshlandi. Yuqori barqarorlik reytingida bo‘lgan tadbirkorlar har yili 20 avgust – Tadbirkorlar kuni arafasida davlat mukofotlari hamda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan rag‘batlantirilishi, ushbu tadbirkorlar faoliyatida soliq tekshiruvlari o‘tkazilmasligi, shuningdek, ushbu toifadagi tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) bir kun muddatda tekshiruvlarsiz amalga oshirilishi bizga bo‘lgan e’tiborning yaqqol namunasi hisoblanadi.
Hokimiyat, iqtisodiyot, moliya, bojxona, soliq, statistika kabi davlat organlari hozirda tadbirkorlarga ko‘mak berib, tegishli maslahatlarini tadbirkorlardan ayamasdan, astoydil xizmat qilib kelmoqda.
– Kelgusi rejalaringiz haqida gaplashsak. Siz qanday loyihalarni rejalashtirmoqdasiz? Mamlakatimizda 2024 va 2030 yillarga mo‘ljallangan islohotlarni chuqurlashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazifalar rejalaringizga qanday ta’sir qiladi?
– Tadbirkorlar uchun mamlakatimizda yaratilgan qulay shart-sharoitlar meni kelgusida yanada yaxshiroq ishlashga, biznesimni kengaytirishga ilhom bermoqda. Qisqacha aytadigan bo‘lsam, men o‘z oldimga quyidagi vazifalarni qo‘yganman:
- 2024-2030 yillarda Sirdaryo viloyatida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish. Tadbirkorlikni boshlash istagida turgan fuqarolarga tadbirkorligini rivojlantirishida yaqindan ko‘mak berish. O‘qitish orqali ularning huquqiy savodxonligini oshirish va ularga tadbirkorlik sirlarini o‘rgatish;
- Yangi ish o‘rinlari yaratish orqali ishsiz ayollar sonini keskin kamaytirish;
- O‘z tadbirkorligimni yanada kengaytirish. Kelajakda ta’lim klasterini yaratish orzum bor;
- Sirdaryo viloyatida yashovchi nogiron ishsiz ayollar uchun kasanachilikni yanada rivojlantirish – bu ularga juda qulay, chunki ayollar o‘z uylarida o‘tirib ham biznes bilan shug‘ullana olishlari mumkin bo‘ladi;
- Viloyatimizda hunarmandchilikning gilam, adras, do‘ppi, maxsi, zargarlik, zardo‘zlik, qo‘lda to‘qish turlarini yanada kengaytirish;
- Germaniya, Shveysariya loyihalari asosida tadbirkor ayollarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida qisqa muddatli o‘quv seminarlarini tashkil etish. Barcha vositalar yordamida tadbirkorlar ishlarini ommalashtirish. Tovarlarni realizatsiya qilishda ko‘maklashish;
- Har xil muammo va kamchiliklarni bartaraf etishda tadbirkor ayollarga metodik qo‘llanmalar va flayerlar tarqatish.
Muxtasar aytganda, Yangi O‘zbekistonda ayollar uchun ham oila, ham biznesni birday yuritish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Faxr bilan aytishim mumkinki, kechagina oddiy o‘qituvchi bo‘lgan, bugun esa yurtimizga taniqli tadbirkor darajasiga yetgan mening faoliyatim bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Shunday ekan, men yurtimning barcha ayollarini qo‘rqmasdan biznes bilan shug‘ullanishni boshlashga da’vat etishga o‘zimni ma’naviy jihatdan haqli hisoblayman. Rahbarlari yurtning taraqqiyot darajasini ayollarga bo‘lgan hurmat bilan o‘lchayotgan yurtda bu bizning qo‘limizdan keladi, albatta!
Odil Olimjonov suhbatlashdi.
"Iqtisodiy sharh" №5/2024
Izoh qoldirish