O‘tgan hafta davomida, ya’ni 21 – 27 fevral kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 2 495,3 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 10,5% ga ko‘p, deb xabar bermoqda "O‘zRTXB" axborot xizmati.
Bunda sotuvlarning 88,3% - birja savdolari; 0,5% - ko‘rgazma-yarmarka savdolari; 10,9% - elektron davlat xaridlari va 0,3% - avtoraqamlarning onlayn-autsioniga to‘g‘ri keldi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 731,5 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 45,4 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.
Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn autsion orqali 3 526 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 8,7 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 5,2% birinchi toifadagi avtoraqamlarga; 7,7% ikkinchi; 8,8% uchinchi; 11,8% to‘rtinchi; 23,3% beshinchi va 43,3% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.
Birja savdolari
Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 2 203,8 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:
Shakar
Birjaning shakar bozorida narxlar pasayishi qayd etildi. Hafta davomida birja savdolari orqali 7 855,0 tonna shakar sotildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 8 308,5 ming so‘mdan 8 264,5 ming so‘mgacha pasaygan.
Sement
O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 207,9 ming tonna sement qo‘yildi va ulardan 135,4 ming tonnasi, ya’ni 65,2% sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 27,1 ming tonnani tashkil qildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 572,9 ming so‘mdan 556,8 ming so‘mgacha, ya’ni 2,8% ga pasaydi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 310 xaridor ishtirok etdi.
Suyultirilgan gaz
Birjaning suyultirilgan gaz bozorida narxlar pasayishi qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 4 411,0 tonna suyultirilgan gaz qo‘yildi va ularning barchasi, ya’ni 100% hajmda sotildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda suyultirilgan gaz bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 3 774,4 ming so‘mdan 3 730,5 ming so‘mgacha, ya’ni 1,2%ga pasaygan.
O‘tkazilgan birja savdolari natijasida suyultirilgan gaz bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 3 809,4 ming so‘mni tashkil etdi.
Izoh qoldirish