Hokim yordamchilari – xalq orasida (“Birlik” mahallasi)

Hokim yordamchilari – xalq orasida (“Birlik” mahallasi)

Hokim yordamchisi etib tayinlangandan keyin ishni nimadan boshladingiz? O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida nimalar aniqlandi? O‘tgan vaqt davomida qanday natijalarga erishildi?

2022 yil yanvar oyida bu mas’uliyatli lavozimga tasdiqlanganman. Ishlar aholi qatlamini va tadbirkorlik sub’yektlarini xatlovdan o‘tkazishdan boshlangan. Faoliyat boshlangan davrda ustuvor e’tibor aholini to‘g‘ri toifalarga ajratish, kambag‘al, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni aniqlashga qaratilgan bo‘lsa, endilikda individual dasturlar asosida tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirish va shu orqali mahallada istiqomat qiluvchilarning turmush farovonligini oshirish ishlariga urg‘u berilmoqda. Bu orqali ishsizlarning bandligi ta’minlanib, ularning xohish-istagiga ko‘ra imtiyozli kreditlar va subsidiyalar ajratilmoqda. To‘liq xatlovdan o‘tkazilgandan keyin aholi orasidan kambag‘al oila va tadbirkorlikka qiziqqan fuqarolarni aniqlashtirib oldik. Aholining ijtimoiy holatiga keladigan bo‘lsak, o‘rtahol xo‘jaliklar ko‘pchilikni tashkil etadi.

– Mahallangizning joylashuvi, iqtisodiy holati haqida to‘liqroq gapirib bersangiz. Hududda hozirgi paytda qanday dolzarb muammolar mavjud? Sizda ushbu masalalarni hal qilish bo‘yicha aniq reja bormi? Bo‘lsa, unda nima ishlar belgilangan?

Mahalla tuman markazidan 4 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, o‘rta darajadagi mahalla hisoblanadi. Ushbu MFYda 737 ta xonadon mavjud bo‘lib, 3855 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Mahalla hududi, asosan, xonadonlardan iborat bo‘lib, aholining asosiy qismi dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Mahallada jami 42 ta tadbirkorlik sub’yekti mavjud. “Birlik” MFYda 1 ta maktab, 2 ta xususiy bolalar bog‘chasi bor. Aholi asosan o‘z tomorqasida band. Shuningdek, aholining bir qismi mavsumiy ishlar bilan ham shug‘ullanadi. O‘rganishlar natijasida hududda yil boshida 56 nafar ishsiz fuqaro borligi aniqlandi. Mahalladagi eng dolzarb muammo ham shu. Ularga zarur moliyaviy ko‘mak berilib, kredit va subsidiyalar ajratildi. Ishsizlarning 14 nafariga oilaviy tadbirkorlikni boshlashi uchun imtiyozli kredit ajratildi. Yana 4 nafariga subsidiya berildi, 2 kishiga dehqon xo‘jaligi tashkil etishi uchun auksion orqali yer ajratildi. Shu ishlar orqali aholi bandligi ta’minlandi. Natijada, yuqoridagi ko‘rsatkich hozirgi kunga kelib ancha kamaydi va ayni paytda 6 tani tashkil etmoqda. Qolgan ishsizlar muntazam jamoat ishlariga jalb etib kelinmoqda. Bu ham ularning moliyaviy ahvolini yaxshilaydi.

Mahallaning iqtisodiy holati, yetakchi rivojlanish drayveri haqida gapiradigan bo‘lsak, asosiy drayverimiz qishloq xo‘jaligi, xususan, sabzavotchilik. Shu yo‘nalish bo‘yicha aholiga yer ajratib berganmiz, 64 ta kambag‘al oilaga dehqon xo‘jaligi ochib berilgan. Tuman zaxira yer fondiga qaytarilgan yer hududlaridan auksion orqali kambag‘al oilalarga dehqon xo‘jaligi bilan shug‘ullanish maqsadida ijaraga yer olib, qonuniy rasmiylashtirilib berildi. Shuningdek, ularga o‘z ish faoliyatlarini davom ettirishlari uchun kreditlar ajratildi.

Kitob tumanida yetakchi yo‘nalish qishloq xo‘jaligi bo‘lganligi bois aholining katta qismi dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Biroq, qishloq xo‘jaligi uchun suv masalasi bizda jiddiy muammo hisoblanadi. Aholi faqat artezian quduq suvlaridan foydalanadi. Daryodan keladigan oqova suvlarini hududimizga olib kelishda muammolar bor, chunki mavjud kanallar yaroqsiz holga kelib qolgan. Har doim ham quduqlardagi artezian suvlaridan foydalanib bo‘lmaydi. Yaroqsiz kanallarni ta’mirlash bo‘yicha bir qator takliflarni tuman hokimligiga kiritganmiz. O‘zimiz ham qarab turganimiz yo‘q. Fermer xo‘jaliklari bilan kelishib, hokimiyat yordamida hashar yo‘li bilan kanallarni ta’mirlab chiqdik. Shu bilan bir qatorda, ichimlik suvi bo‘yicha ham muammolar uchrab turadi. Bizning hisob bo‘yicha mahalladagi 130 ta xo‘jalikka ichimlik suvi yetib bormagan.

– Tajribangizga tayangan holda ayting-chi, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Sizningcha, hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima ishlar qilish kerak?

Kitob tumani tog‘li hudud hisoblanadi. Kambag‘allikni keltirib chiqaruvchi asosiy omillardan biri – doimiy, rasmiy ish o‘rinlarining kamligi. Tumanda katta zavod-fabrikalar ko‘p emas. Xususiy tadbirkorlik sub’yektlari anchagina, lekin ular aholini to‘liq doimiy ish bilan ta’minlay olmaydi. Shunday bo‘lsa ham, aholini ish bilan band qilishga intilamiz. Buning uchun turli xil moliyaviy yordam instrumentlaridan foydalanamiz.

Hududimizda ham katta zavod-fabrikalar qurilsa, kambag‘al aholi qatlami deyarli qolmaydi. Chunki doimiy ish bilan ta’minlangan, rasmiy ishlab turgan odam kambag‘allikdan tezda chiqib ketadi.

– Mahallangiz rivojining asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri nima? Nega ushbu yo‘nalishlar tanlab olindi? Tanlangan yo‘nalishlarni tezkor rivojlantirish uchun qanday ishlar qilinmoqda?

Boshida aytib o‘tilganidek, asosiy drayver – sabzavotchilik. Hududimiz ota-bobolarimiz davridan buyon sabzavot yetishtirish bilan shug‘ullanib kelgan. Shu sababli aholi bu borada yaxshi tajribaga ega. Dehqonchilikning sir-asrorlaridan yaxshi xabardor. Hududning yerlari ham shunga mos – unumdor yerlar. Asosiy drayver yo‘nalishga qo‘shimcha sifatida chorvachilik va issiqxonachilikni ham keltirib o‘tish mumkin. Bu yo‘nalishlar keyingi yillarda ancha rivojlanib bormoqda.

– Mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar mavjud? Hududda yirik tadbirkorlar bormi? Ularni mahallani iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish ishlariga qanday jalb qilish mumkin? Ular bilan qanday ishlayapsiz? Bunga misollar keltira olasizmi?

Mahallada yirik tadbirkorlar unchalik ko‘p emas. Ularning asosiy qismi boshqa hududlarda tadbirkorlik faoliyatini yuritadi. Hududimizdagi tadbirkorlar, asosan, hashar yo‘li bilan qilinadigan ishlarda, mahalla infratuzilmasini yaxshilashda yoki kambag‘al oilalarga homiylik ko‘magi ko‘rsatish bo‘yicha baholi qudrat yordam ko‘rsatishadi. Lekin shunga qaramasdan, mahallada kichik tadbirkorlikni rivojlantirish ustida ishlamoqdamiz.

– Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularni Vatanga qaytishga undash borasida mahallangizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Misollar keltiring.

Migratsiya masalasiga keladigan bo‘lsak, bu masala bo‘yicha ham alohida xatlov o‘tkazildi. Ro‘yxat bo‘yicha 155 nafar fuqaro chet ellarda mehnat faoliyati bilan mashg‘ul. Ularni o‘z yurtiga qaytarish bo‘yicha reja ishlab chiqilgan. Bugunga qadar ularning 57 nafari vataniga qaytarildi. Xususan, Rossiyada ishlayotgan fuqarolar bilan ham telefon orqali bog‘lanildi. Xorijda daromadi yaxshi bo‘lmagan fuqarolarni ortga qaytarib, o‘zimizda ish bilan ta’minladik. Masalan, 8 nafar fuqaroga oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi uchun sharoit qilib berildi. Bir necha fuqaroga chorvachilik bilan shug‘ullanishi uchun kredit ajratildi. Qolgan fuqarolarga o‘zlarining qiziqishlaridan kelib chiqib, bilim olish va tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha kasb malakalarini egallashlari uchun monomarkazlarga o‘qitishga yuborildi. Shu orqali ularning oldingi ishlaridan daromad jihatidan yuqoriroq ish bilan ta’minlandi.

– 2023 yilda mahallalarning reytingi joriy etildi, yakka tartibdagi dasturlar amaliyoti yo‘lga qo‘yildi, mahallalarning faol a’zolari soni 5 nafardan 7 nafarga oshirildi. Bu ishlar faoliyatingizda qanday aks etdi, ish samaradorligi ortdimi?

Mahalla faollarining ish samaradorligi oshishida bu qarorning o‘rni, albatta, katta bo‘ldi. Chunki mas’ullarning vazifalari yanada aniqlashdi, hamma o‘z ishi bilan shug‘ullana boshladi, shu yo‘l bilan yaxshi natijalarga erishish mumkin. Masalan, hokim yordamchilarining asosiy vazifasi – kambag‘al oilalarning iqtisodiy-ijtimoiy ahvolini o‘rganish, ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun zarur yordam ko‘rsatish, muammolari bilan shug‘ullanish, shu orqali, ularni kambag‘allikdan chiqarishdan iborat. Shuningdek, hokim yordamchilari mahallani yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ham ishlab chiqishi mumkin.

Mahallada istiqomat qiluvchi fuqaro biror muammo bilan oldimizga kelganda, u tezda tegishli xodimga biriktiriladi, bu esa masalaning o‘sha joyda hal bo‘lishiga olib keladi. Misol uchun, bolalar nafaqasi masalasida oldinlari hokim yordamchilari ancha vaqt va mehnat sarflagan bo‘lsa, endilikda bu jarayon onlayn shaklga o‘tkazildi, natijada, ish samaradorligi va tezligi oshdi.

– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?

Aholining kredit oldi-berdi jarayonlari natijalari bilan yaqindan tanishligim bois, bundan yaxshi xabardorman. So‘nggi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini kambag‘allikdan chiqarish masalalari bo‘yicha kredit va subsidiyalar olish tartibi oldingidan ancha osonlashdi, mablag‘larni onlayn tarzda rasmiylashtirish va olish imkoniyati yaratildi.

Biroq, o‘z tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, kreditlar masalasida muammolar hali ham uchrab turibdi. Aholi kreditlarni naqd shaklda olishni istaydi. Shuningdek, ajratilayotgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari masalasi ham dolzarbligicha qolmoqda, chunki ular ancha yuqori. Kambag‘al oilalar oladigan kreditlar, foiz stavkalari yuqoriligi bois, ham kredit foizlarini to‘lash, ham oilasiga daromad olib kelishda qiyinchilikka uchramoqda. Bu esa xo‘jaliklarning kambag‘al aholi toifasidan chiqib ketishini qiyinlashtiradi.

Shu muammolarni hisobga olib, mening fikrimcha, kambag‘al aholi qatlami uchun foizsiz kreditlar yoki kam foizli kreditlar joriy qilinsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

– Keyingi yilda mahallani rivojlantirish bo‘yicha qanday ustuvor vazifalar belgilandi? Bu yo‘nalishda yana qanday rejalaringiz bor?

2024 yilgi barcha rejalarimiz mahalla farovonligini oshirishga qaratilgan. Qishloq xo‘jaligi bizda eng asosiy ustuvor yo‘nalish bo‘lganligi bois takliflar ham shu yo‘nalish bilan bog‘liq. Aholi orasidagi eng katta talab ham shu yo‘nalish bo‘yicha. Foydalanilmayotgan va bo‘sh yotgan yer maydonlarini zaxiraga o‘tkazib, aholining dehqonchilik bilan shug‘ullanishlari uchun foydalanishga berish taklifi bilan chiqqanmiz. Agar yer ajratilib, dehqonchilik qilish uchun moliyaviy ko‘maklar berilsa, aholi daromad topadi, tadbirkorligini yuritadi, natijada, kambag‘allikdan tez orada chiqadi.

Mahalla joylashgan hududda 4 ta yirik qayta ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan zavod mavjud bo‘lib, bir necha yillar avval ularning faoliyati turli sabablarga ko‘ra to‘xtab qolgan edi. Mutasaddi davlat organlari va tashkilotlar ko‘magida ularning faoliyatini qayta tiklash uchun zarur kredit mablag‘lari ajratildi. Ularga mahalla aholisini ish o‘rni bilan ta’minlash sharti evaziga kerakli sharoitlar yaratib berildi. Shulardan 2 tasining ishi yaqin orada qayta tiklanish arafasida. Bu yirik korxonalar 50-60 ga yaqin mahallada istiqomat qiluvchi fuqarolarni ish bilan ta’minlay oladi. 2025 yilning yanvar oylariga borib, shu zavodlar ish faoliyati to‘liq tiklanishi kutilyapti.

Zaxira yerlaridan ajratilib berilsa, kelgusi yilda 20 ta dehqon xo‘jaligi sub’yekti yaratish ham rejamizda bor.

Shuningdek, mikroloyihalarga keladigan bo‘lsak, yiliga kamida 10-20 ta mikroloyihani amalga oshiramiz. Masalan, 2024 yil hisobi bo‘yicha 30 mikroloyiha ishga tushgan. Jarayonda yana 2 ta mikroloyiha mavjud, yil yakuniga qadar u loyihalar ham to‘liq ishga tushadi. Har bir mikroloyiha 4-5 tadan yangi ish o‘rni yaratadi. Xulosa qilib aytganda, mavjud har bir kichik imkoniyatdan ham unumli foydalanishimiz zarur! Shunda maqsadga erishamiz.

Jamoliddin Turdimov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

"Iqtisodiy sharh" jurnali №12/2024

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar