– Faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz? Bundan oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? Zimmangizdagi vazifani qanday tushunasiz?
– Deyarli ikki yildan beri hokim yordamchisi bo‘lib ishlab kelyapman. Bu lavozimga kelishimdan avval Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Apparati Umumiy bo‘limida yetakchi mutaxassis bo‘lib ishlaganman. Mazkur vazifadagi faoliyatim davrida muayyan tajriba va ko‘nikmaga ega bo‘ldim, bu esa hozirgi faoliyatim uchun ham juda qo‘l keldi. Hokim yordamchisi sifatida asosiy vazifalarimizdan biri – mahalladagi har bir xonadonni birma-bir o‘rganib chiqib, ularning yashash sharoitiga qarab toifalarga ajratib olish hamda, eng avvalo, yashash sharoiti og‘ir xonadonlarga qanday yordam ko‘rsatish kerakligini aniqlashdan iborat. Chunki qaysi xonadonga qanaqa ko‘mak berilishini aniqlamasak, unga boshqa yordam ko‘rsatish, masalan, kredit berishni tavsiya qilsak, u hali tadbirkorlik qilib keta oladigan darajada bo‘lmasligi mumkin. Unga kredit ajratib, battar kambag‘al qilib qo‘ysak, bundan yomoni yo‘q. Shuning uchun har bir xonadonga alohida yondashish talab qilinadi. Bundan tashqari, aholi bandligini ta’minlash, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kredit va subsidiyalar ajratish ham muhim ish yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
– Mahallangiz haqida qisqacha so‘zlab bersangiz. Mahalla infratuzilmasi qay ahvolda? Aholining ijtimoiy tarkibi qanday? Hududda qanday muammolar dolzarb bo‘lib turibdi?
– Mahallamiz shahar markazidan 3 km uzoqlikda joylashgan, umumiy maydoni 46 gektarni tashkil etadi. Jami xonadonlar soni 1278 ta bo‘lib, 5340 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Mahallamizning infratuzilmasi yaxshi ahvolda: avtomobil yo‘llari, ichki ko‘chalar asfaltlangan, shag‘al to‘shalgan, ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy gaz, telekommunikatsiya, internet aloqalari bilan ta’minlanish darajasi ham yuqori. Bundan tashqari, hududda qurilish bozori mavjud bo‘lib, qurilish mollarini ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatish sohasidagi korxonalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Aholining ijtimoiy tarkibi 3 toifaga bo‘lingan, ya’ni 5 foizi – 1-toifa (kam ta’minlangan), 62 foizi – 2-toifa (o‘rta) va 33 foizi – 3-toifa (yuqori). Ishga yaroqli aholi ulushi – 71 foiz (davlat xizmatchilari, tadbirkorlar, norasmiy ishchilar va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar), aholi tarkibining qolgan qismini voyaga yetmaganlar, nafaqa oluvchilar (pensionerlar) va mehnatga layoqatsiz, nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil qiladi. Hududimizda aholini “boqimandalik” kayfiyatidan chiqarish dolzarb muammolardan biri deb o‘ylayman. Sababi, faqat nafaqa puli olib, davlat tomonidan beriladigan yordam puliga yashashga o‘rganib qolganlar ham yo‘q emas. Bu muammoning yechimini topish maqsadida, ularni qo‘shimcha daromad keltiradigan ishlar bilan band qilish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga undash kabi ishlarni olib boryapmiz. Inson hamisha o‘zi uchun harakat qilishi zarurligini uqtirishga harakat qilyapmiz.
– Mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar mavjud? Hududda yirik tadbirkorlar bormi? Ularni mahallaning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish ishlariga qanday jalb qilish mumkin? Ular bilan qanday ishlayapsiz? Misollar keltira olasizmi?
– Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish uchun imkoniyatlarimiz ko‘p, chunki hududda qurilish bozori joylashgan va qurilish mollarini ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish sohasida tadbirkorlar faoliyat olib bormoqda. Ular mahallamizning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish ishlarida muhim hissalarini qo‘shib kelishmoqda. Masalan, “Uy-joy qurilish” MChJ, “Invest stroy Nukus” MChJ korxonalari uy-joy qurish ishlarini amalga oshiradi, “Nukus Med Tex” MChJ korxonasi tibbiy shprits ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Bu mahallani rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu korxonalarda 300 dan ortiq ish o‘rni mavjud bo‘lib, ular bilan hamkorlikda ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy harakatlarni olib boryapmiz. Shuningdek, boshqa yirik tadbirkorlik sub’yektlari ham mavjud bo‘lib, ulardan tushadigan soliq tushumlari tufayli mahallamiz imkoniyatlari yanada kengaymoqda.
– O‘tgan vaqt davomida mahallada aholini kambag‘allik holatidan chiqarish borasida nima ishlar qilindi? Bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish uchun yana nimalar qilish kerak?
– Mahallada 39 ta kambag‘al xonadonni kambag‘allikdan chiqarish maqsadida biz har bir xonadon uchun alohida individual dastur ishlab chiqqanmiz, oilaning har bir a’zosi uchun zarur chora-tadbirlarni belgilab olganmiz. Masalan, oila a’zolarini kasb-hunarga o‘qitish, o‘zini o‘zi band qilishi uchun kredit yoki subsidiya ajratish va boshqa moddiy yordamlar ko‘rsatganmiz. Shulardan 6 ta oilaga subsidiya asosida uy sharoitida daromad topishi uchun har xil yo‘nalishda, masalan, tikuvchilik uchun tikuv mashinalari, go‘zallik saloni uchun asbob-uskunalar, shirinliklar va non mahsulotlarini tayyorlab sotish uchun non pishirish pechkalari va muzlatkichlar olib berganmiz. 18 ta oila a’zosiga o‘zini o‘zi band qilishi uchun xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi sohalarida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib, doimiy daromad topishi uchun imtiyozli kreditlar ajratganmiz. Bundan tashqari, 7 ta ishsiz oila a’zosini doimiy, mavsumiy va jamoatchilik ishlariga joylashtirib, 23 ta oila a’zosiga kasbga o‘qitish va boshqa turdagi moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirish, aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun, birinchi navbatda, ularga davlatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyatlar, imtiyozlar haqida ko‘proq targ‘ibot ishlarini olib borishimiz zarur, deb hisoblayman. Shu imkoniyatlardan samarali foydalanishlari uchun ularga qo‘shimcha daromad topib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari mumkinligini tushuntiryapmiz. O‘z sohasida yaxshi natijalarga erishgan tadbirkorlar bilan ularning qanday qilib shu darajaga yetgani va bunday natijaga erishish uchun nimalar qilish zarurligi haqida o‘quv-seminarlari va uchrashuvlar tashkil etib kelyapmiz. Aholining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun yanada ko‘proq targ‘ibot ishlarini amalga oshirib borsak, albatta, o‘z natijasini beradi, deb hisoblayman.
– 2023 yilda mahallalarning reytingi joriy etildi, yakka tartibdagi dasturlar amaliyoti yo‘lga qo‘yildi, mahallalarning faol a’zolari soni 5 nafardan 7 nafarga oshirildi. Bu ishlar faoliyatingizda qanday aks etdi? Ish samaradorligi ortdimi?
– Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident Farmoniga muvofiq, mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish, mahallabay ishlashga mas’ul bo‘lgan shaxslar faoliyatini samarali tashkil etish va ularning hamkorligini ta’minlash hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishda ko‘maklashish maqsadida qilingan ishlar hozirda o‘z natijalarini beryapti, deb hisoblayman. Besh kishilik mahalla a’zolari tarkibiga endilikda soliq inspektori va ijtimoiy xodim ham qo‘shilib, mahalla yettiligi tashkil etilgani natijasida mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish samarasi sezilarli darajada o‘sganligining guvohi bo‘lyapmiz. Masalan, soliq inspektori tadbirkorlarga soliq xizmatlarini ko‘rsatish, byudjet tushumlari haqida ma’lumot berish va soliq bilan bog‘liq barcha masalalarda yordam bersa, ijtimoiy xodim og‘ir ahvolga tushib qolgan hamda shu holga tushish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar va oilalarni aniqlash, ularning ehtiyojlariga qarab kompleks yondashuvlarni yo‘lga qo‘yishga mas’uldir. Bu o‘zgarishlar mahallaning jamiyat hayotidagi o‘rnini oshirish hamda sohada boshqaruv tizimining takomillashishi natijasidir, desam adashmagan bo‘laman.
– So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shundan kelib chiqib, siz mas’ul bo‘lgan mahallada qanday bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi? Hududda hal etilishi lozim bo‘lgan qanday dolzarb masalalar mavjud?
– Ma’lumki, keyingi yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. O‘zim mas’ul bo‘lgan mahalla misolida aytadigan bo‘lsam, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida mahallamiz infratuzilmasini rivojlantirish, aholini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 19,5 km uzunlikda ichimlik suvi quvurlari, 2,5 km uzunlikda elektr energiyasi tarmoqlari, 1,2 km uzunlikda tabiiy gaz tarmoqlari o‘rnatildi, 1 dona transformator yangisiga almashtirilib, hozirda elektr energiyasi, gaz va ichimlik suvi muammolari to‘liq bartaraf etildi. Bundan tashqari, 19,8 km uzunlikdagi ichki ko‘chalar va trotuarlarga shag‘al, beton va asfalt qoplamalari yotqizildi. Mahallamiz uchun dolzarb masala – transport yo‘nalishida marshrut qatnovlarini ko‘paytirish hisoblanadi. Shu muammo bartaraf etilsa, aholining maktab, tibbiyot punktlari va boshqa yo‘nalishlarga qatnashda ancha vaqti tejalgan bo‘lardi. Ayni paytda bu masalani ijobiy hal etish bo‘yicha zaruriy choralarni amalga oshiryapmiz.
– Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularni Vatanga qaytishga undash borasida mahallangizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Misollar keltiring.
– Mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning oila a’zolari holidan xonadonbay xabar olish, muammolari va ehtiyojlarini o‘rganish hamda hal etishda yordam ko‘rsatish, shuningdek, ularning moddiy, ijtimoiy va yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha manzilli ishlarni doimiy ravishda amalga oshirib kelyapmiz. Xususan, oila a’zolarining qiziqishlarini o‘rganish orqali 3 ta oila a’zosi kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘rgatuvchi o‘quv markazlariga yo‘naltirildi hamda o‘qishni tamomlagandan keyingi bandligi ta’minlandi. 7 nafar fuqaroga kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yishda hamda tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar olishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan, nogironligi bo‘lgan 18 nafar fuqaroga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari, 4 kishiga esa ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi.
– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?
– Amaliy tajribamdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini ko‘tarish uchun ularning dunyoqarashini kengaytirish, fikrlash darajasini, dunyoviy bilim va tajribasini oshirish lozim deb bilaman. Bundan tashqari, ish jarayonida hamon qog‘ozbozlik, ortiqcha rasmiyatchilik holatlari ham uchrab turadi. Bu ham ish samaradorligiga ta’sir qilmasdan qolmaydi. Shuning uchun ortiqcha rasmiyatchilikdan voz kechish zarur.
Bir taklif – hokim yordamchilarining xorijiy davlatlarga tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilsa, ularning ish samaradorligiga ijobiy ta’sir qilgan bo‘lar edi.
Barcha hokim yordamchilari yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmoqda, kerakli imkoniyatlar berilmoqda. Biz ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanishimiz va tinimsiz o‘z ustimizda ishlashimiz zarur, deb hisoblayman. Hokim yordamchilari tadbirkorlik asoslarini chuqur o‘zlashtirib olishi zarur, chunki boshqalarni tadbirkorlikka jalb etish va o‘rgatish uchun o‘zi mukammal darajada bilim va tajribaga ega bo‘lishi lozim. Buning uchun tadbirkorlik sohasida yuqori natijalarga erishgan yirik tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etish, o‘quv-seminarlariga borib, ulardan saboq olish, zarurat tug‘ilsa, tadbirkorlik bo‘yicha kurslarga qatnashib, sohaning barcha sir-asrorlarini o‘qib-o‘rganishlari koni foydadir. Agar ushbu tadbirlar doimiy tashkil qilinadigan bo‘lsa, bu ham, albatta, o‘z ijobiy natijasini beradi.
Jamoliddin Turdimov, CERR
"Iqtisodiy sharh" jurnali №10/2024
Izoh qoldirish