– Mamlakatimizda 2022 yil 1 yanvardan ilk bor “mahallabay” tizimi joriy etilib, barcha mahallalarda “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Siz uchun bu lavozimning mohiyati nimada, uni qanday tushunasiz?
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 dekabrdagi PF-29-son Farmoniga muvofiq, respublikamizning har bir mahallasida hokim yordamchilari lavozimi tashkil qilindi. Men ham boshqa hamkasblarim qatori Xorazm viloyati Urganch shahar Toza-Bog‘ mahallasida hokim yordamchisi bo‘lib ish boshladim. Ishimning birinchi kunidan “Davlat siyosatini mahallagacha tushirish, aholi bandligini ta’minlash, ularning daromadini ko‘paytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, shu orqali kambag‘allikni qisqartirish”ni o‘zimga bosh maqsad qilib olganman.
Ushbu lavozimning mazmuni, qisqacha qilib aytadigan bo‘lsam, mahallani, har bir xonadonning, shuningdek, har bir fuqaroning yashash sharoitini uyma-uy yurish orqali o‘rganish, hududning o‘sish nuqtalarini aniqlash, mahallada muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar va mahalla faollari bilan hamkorlikda ishlash va doimiy fikr almashish vazifalarni to‘g‘ri belgilashda deb bilaman. Shuningdek, o‘z tadbirkorligini boshlagan, kengaytirmoqchi bo‘lganlarga ko‘maklashish, bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lmagan fuqarolarni o‘quv kurslarida o‘qitish, ishsiz aholini ish bilan band qilib, oilalar daromadini ko‘tarish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar olishga ko‘maklashish, mahallaning o‘sish nuqtasidan kelib chiqib, ularni lider tadbirkorlarga kooperatsiya orqali biriktirish, boshqa hokim yordamchilari bilan tajriba almashish, mahallada bo‘sh bino va yer maydonlarini aniqlash kabilar ham bizning asosiy vazifalarimiz qatoriga kiradi.
Zimmamizga yuklatilgan vazifalardan tashqari, har bir fuqaro muammolarini tinglash, ularni hal qilish, ijtimoiy ko‘maklashish, nogironligi bor va ijtimoiy qiynalgan aholi qatlamidan doimiy xabar olib turish va ko‘maklashish ishlariga ham birday mas’ulmiz.
Qisqa qilib aytganda, hokim yordamchisi davlatimizda olib borilayotgan islohotlarni, Prezidentimiz siyosatini mahalla darajasida aholiga tatbiq qilish, shuningdek, mahallaga tushib, aholini orqasidan ergashtirib, ularning barcha muammolarini hal qilib beradigan darajada ishlashni talab qiladigan mas’uliyatli lavozimdir. Hokim yordamchisi davlatimizda olib borilayotgan islohotlarni mahalla darajasida aholiga tatbiq qilish, aholini ortidan ergashtirib, ularning muammolarini hal qilib berish uchun mas’uldir.
– O‘zingiz va ushbu lavozimga qanday kelganingiz haqida batafsilroq so‘zlab bering. Hokim yordamchisi bo‘lgan mahallangizdagi ishlar bilan avval qanchalar tanish edingiz? Ilgarigi qanday ish tajribangiz hokim yordamchilariga yuklatilgan vazifalarni hal qilishga imkon bermoqda?
– Men Vapayev Shavkat Bahodirovich, 1986 yilda Xorazm viloyati Urganch shahrida tug‘ilganman. Oilaliman, bitta farzandim bor. Ma’lumotim - oliy. Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya institutini tugatganman. Hokim yordamchisi lavozimiga qadar Urganch shahar hokimligida turli lavozimlarda ishlaganman, Urganch shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i lavozimidan hokim yordamchisi lavozimiga o‘tganman.
Urganch shahar Toza-Bog‘ mahallasi ko‘p xonadonli uylardan iborat. Oldingi faoliyatimda har bir ko‘p xonadonli uylar bilan individual ishlaganim sababli mahalla bilan yaxshi tanishman. Zimmamdagi vazifalarni sidqidildan bajarishda oldingi ishlagan joylardagi tajribam ham qo‘l kelmoqda. Qolaversa, xalq bilan ishlab, yanada ko‘proq tajriba orttirmoqdaman.
– Mahallangiz haqida batafsil ma’lumot bering. U qayerda joylashgan, qishloqda yoki shahardami, kattaligi qanday, mahalla ahlining ishlashi uchun qanday yirik korxonalar mavjud, mahalla aholisi, asosan, qaysi faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi? Mahallada qanday ijtimoiy infrastruktura ob’yektlari bor (maktab, bog‘cha, tibbiy punkt va h.k.)?
– Men ishlayotgan mahalla Urganch shahrida joylashgan bo‘lib, 24,5 gektarni tashkil qiladi. Mahallada 40 ta ko‘p kvartirali uylar 1503 ta xonadondan iborat bo‘lib, 1510 ta oila, shuningdek, 4285 ta aholi istiqomat qiladi. Bundan tashqari mahallada 46 ta noturar ob’yektlar, 1 ta bog‘cha, 1 ta “Ishga marhamat” monomarkazi mavjud. Mahallada 83 ta tadbirkorlik sub’yektlari faoliyat yuritib kelmoqda. Mahalla aholisi, asosan, xizmat ko‘rsatish hamda savdo bilan shug‘ullanadi. Mahalla hududida yiik sanoat korxonalari mavjud emas.
– Mahalla aholisi bilan qanday aloqa o‘rnatdingiz, ular bilan tanishish qanday kechdi? Muammolar yuzasidan qancha murojaatlar tushmoqda, muammolarni hal etishda axborot platformasining ham yordami tegyaptimi?
– Birinchi ish kunimdanoq mahalla raisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va uchastka noziri bilan yaqindan tanishib, aholi uchun ishlayotganligimiz sababli bir jamoa bo‘lib ishlashga kelishib oldik. Ya’ni, bir fuqaroning yashash sharoitini o‘rganib, uyma-uy yurish orqali xonadonlarni xatlov qilib chiqdim. Mahalla aholisi bilan aloqa o‘rnatishda, avvalambor, mahalla faollari bilan yaqindan tanishib, ishlarni ular bilan hamkorlikda tashkillashtirdim. Mahallaning Telegram kanalini ochib, aholi o‘z muammolarini shu kanal orqali bildirishi uchun sharoit yaratdim, hozirgi kungacha ular bilan maslahatlashib, kelishib ishlamoqdaman. Mahalladagi ko‘pchilik muammolar maxsus platforma yordamida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hal etilmoqda.
– Hokim yordamchisi sifatida mahallangizda tadqiq va so‘rovlar o‘tkazgansiz. Iltimos, ularning natijalari haqida bizga batafsil ma’lumot bering, nimalarni aniqladingiz?
– Hokim yordamchisi sifatida aholi o‘rtasida ko‘p marotaba har xil mavzularda so‘rovnomalar o‘tkazdim. Misol uchun, aholining yashash sharoitini yaxshilash, ijtimoiy muhtoj qatlamlarga hamkorlikda ko‘mak berish uchun ular orasida o‘tkazilgan so‘rovnomada ko‘pchilik faol qatnashdi. Telegram kanaldagi so‘rovnoma yakunlaridan kelib chiqib, qaysi yo‘nalish ko‘p ovoz olsa, shu yo‘nalishni ish rejamga kiritib bormoqdaman. Masalan, moddiy qiynalgan, nogironligi, kasalligi bor aholi muammolarini yechishda sog‘liqni saqlash xodimlari, hamshiralar birgalikda ishlab, doimiy xabar olib turdik. Mahallamiz infrastrukturasini rivojlantirish bo‘yicha so‘rovnomada mahalla aholisi yo‘llarni asfaltlashtirish hamda piyodalar yo‘lakchasini ta’mirlash kerakligini bildirishgan edi. Bu masalalar aholi fikrini inobatga olgan holda mas’ullar oldiga qo‘yilib, hal etildi.
– Hududda aholining qaysi ijtimoiy guruhlari ko‘pchilikni tashkil qiladi, qancha kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, tadbirkorlik qanchalik rivojlangan? Mahallangizning “ijtimoiy portreti”ni raqamlar bilan ko‘rsatish mumkinmi?
– Xatlov natijasida mahallani 4 ta toifaga ajratib olganman.
1-toifa – daromadi kam, biroq daromad topishga harakat qilayotgan xonadonlar 101 ta (6,7%);
2-toifa – doimiy daromadga ega, qo‘shimcha daromad topish istagidagi xonadonlar 582 ta (38,7%);
3-toifa – ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan xonadonlar 78 ta (5,2%);
4-toifa – iqtisodiy ahvoli yaxshi va o‘ziga to‘q xonadonlar 742 ta (49,4%);
Shuningdek, mahallada 134 ta nogiron mavjud, 167 ta xonadon “Ijtimoiy himoya reyestri”da turadi. 9 ta oila “Temir daftar”, 57 ta xotin-qizlar “Ayollar daftari”, 7 nafar yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan.
Mahallada 46 ta tadbirkorlik binolari mavjud bo‘lib, 83 ta tadbirkorlik sub’yektlari faoliyat yuritmoqda.
– Tadqiqlar natijasida mahalla aholisi orasida kambag‘allikning qanday asosiy sabablari aniqlandi? Ularni bartaraf etish va mavjud muammolarni hal qilish uchun qanday yondashuvlarni ishlab chiqdingiz? Ushbu sohalarda qanday chora-tadbirlar ko‘ryapsiz va amalga oshirishni rejalashtiryapsiz?
– Mahalla aholisi orasida kambag‘allikning asosiy sabablariga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Ular xatlov natijasida, mahalla binosiga kelib, amaliy yordam so‘raydigan qatlam orasida aniqlangan sabablardan odamlarning ish topa olishmayotganligi, kasb-hunarga, uquvga ega emasligi va ayniqsa, oilalarda ishlovchi qatlamning to‘satdan kasallikka duchor bo‘lishi natijasida oila daromadining to‘xtab qolishi, boquvchisi bo‘lmagan va yolg‘iz onalar qaramog‘ida bolasi bo‘lishi bilan namoyon bo‘ladi. Qiynalgan oilalarni ushbu vaziyatdan chiqarish uchun o‘z rejamizga kiritib, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan, “Ayollar daftari” jamg‘armasidan, “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan, qolaversa, kelayotgan ishchi guruhlarning yordamlari va tadbirkorlarning homiyligi asosida ushbu oilalarning uylarini ta’mirlatish, jihozlash, shuningdek, oziq-ovqat, dori-darmonlar va davolatish ishlariga yordam berilmoqda. Shuningdek, ish topa olmayotgan aholining ishga joylashishiga, xususan, kasb-hunar olishga intilayotgan ayollar va yoshlarni o‘qitish natijasida yoki uy sharoitida tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib, oila daromadlarini oshirishga ko‘maklashilmoqda. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin.
– Aytingchi, mahalla ahlini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida qanday ishlar amalga oshirildi?
– Bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahalla faollari ishtirokida har bir ko‘p xonadonli uylarda yashovchi aholi orasidan boquvchisi yo‘qlar, yolg‘iz onalar, nogironligi borlar, kasallikka chalingan fuqarolar biriktirilgan oilaviy poliklinika bilan hamkorlikda ularning ro‘yxati shakllantirilib, ro‘yxatda turganlarga dori-darmon tarqatilishi nazoratga olingan. Shuningdek, bayramlarda hokimlik, deputatlar, jamg‘armalar hisobidan va homiy tadbirkorlar hamkorligida oziq-ovqat tarqatish, dori-darmonlarni olib berish, kiyim-kechaklar berish, kommunal to‘lovlarni to‘lashda amaliy yordam berish, uylarni ta’mirlash ishlari, issiqlik tizimini o‘tkazish, bolalarga maktab formalari tarqatish amalga oshirildi, daftarda turgan kasallarning davolanishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berildi.
– Ishingizda kambag‘al uy xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash uchun qanday innovatsion va tayyor usullarni qo‘lladingiz? Misollar keltiring va ushbu uy xo‘jaliklari bilan ishlash natijalari haqida batafsil ma’lumot bering.
– Kambag‘al uy xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash uchun mahallamizdagi xonadonlarni 4 toifaga ajratib, qaysi xonadonga qanday yordam ko‘rsatish zarurligini aniqlaganman. 1-toifaga kiruvchi xonadonlarga bo‘sh ish o‘rinlari, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar olib berishga, 2-toifaga kiruvchi xonadonlarga imtiyozli kreditlar olib berishga va eng ko‘proq yordamga muhtoj 3-toifaga kiruvchi xonadonlarga o‘z tashabbusim bilan 4-toifaga kiruvchi, ya’ni tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi xonadonlarni xohishiga qarab homiy sifatida biriktirib, mahalla faollari bilan hamkorlikda ishlarni olib bormoqdamiz. “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi”ga kiritilgan maqsadlardan biri tadbirkorlikni har tomonlama taraqqiy toptirishdir. Shunga asoslangan holda mahallam drayveri sifatida savdo-sotiq va xizmat ko‘rsatish sohalari belgilangan. Hozirgi kunga kelib mahallada 46 ta noturar ob’yektlarda 83 ta savdo-sotiq va xizmat ko‘rsatish nuqtalari mavjud. Joriy yilda tadbirkorlik sub’yektlari sonini bir baravarga oshirib, mahallada ishsizlikni umuman yo‘q qilishni maqsad qilganmiz.
– Tajribangizdan kelib chiqib aytingchi, mahallada qayd etilgan holatlar qanday sabablarga ko‘ra kelib chiqmoqda? Sizningcha, mahalladagi kambag‘allik darajasini qisqartirish uchun yana nimalar qilish kerak?
– Mahallada qayd etilgan kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy omillardan biri, yuqorida aytib o‘tganimdek, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik, ularning kasbga o‘qimaganligidir. Shundan kelib chiqib, kambag‘allik darajasini qisqartirish uchun ishsiz fuqarolar, ya’ni xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha ular uchun o‘quv kurslari tashkillashtirib, o‘qib chiqqan ishsiz xotin-qizlar va yoshlar uchun har bir sektorda mikromarkazlar ochilsa, ishsizlik soni kamayadi va o‘z-o‘zidan kambag‘allik darajasi ham qisqaradi. Mahallada nogironligi bor, boquvchisini yo‘qotgan yoki mehnatga layoqatsiz fuqarolari bor oilalar bo‘lib, bu oilalarda kambag‘allik darajasini qisqartirish uchun ular tadbirkorlar, homiylar yoki davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi zarur. Kambag‘al oilalarni homiylikka oladigan tadbirkorlarga davlat tomonidan berilib turgan imtiyozlarni yanada oshirib, soliq yengilliklari yoki kredit olishda yengilliklar berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
– Mahallaning barqaror rivojlanishida transport, energetika, kommunal, ijtimoiy va boshqa infratuzilmalarning mavjudligi va holati muhim ahamiyatga ega. Bu borada mahallangizdagi muammolarni qanday tavsiflab bera olasiz va ularni hal etish, mahallangizni obodonlashtirish borasida qanday ishlar olib boryapsiz?
– Hozirgi kunda mahallamiz ko‘p xonadonli uylardan iboratligi uchun ushbu ko‘p xonadonli uylarga professional boshqaruv kompaniyasi xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Mahallamizdagi ko‘p xonadonli uylar 1970-1980 yillarda qurilgan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, mahalla faollari bilan mazkur muammolarni bartaraf qilish maqsadida 2022 yili maxsus dastur shakllantirishga erishdik. Dasturda, asosan, 2023 yil mahallaning hamda ko‘p xonadonli uylarning markaziy oqova suv tizimi almashtirilishi, kirish yo‘laklar ta’mirlanishi, qolaversa, yangidan bolalar maydonchalari tashkil qilinishi, piyodalar yo‘lakchasi yangidan barpo etishlishi, 25-son MTMni joriy ta’mirlash ishlari, shuningdek 2 ta ko‘chani asfaltlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilangan. Bundan tashqari, mahalla faollari bilan joriy yilning 27 yanvar kuni yig‘ilish o‘tkazilib, qilanayotgan ishlar yuzasidan hisobotlar berildi va joriy yil dastlabki “Tashabbusli byudjet” jarayonlari boshlanayotganligi uchun “Ochiq byudjet” axborot portali orqali aholi kirib chiqishi uchun qulayliklar yaratish maqsadida ko‘p xonadonli uylarning oldini betonlashtirish taklifini kirgizish, ovoz to‘plash masalalari tushuntirilib, bu tashabbuslar ko‘pchilik tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
– “Mahallabay” tizimi mahalliy darajada hal qilib bo‘lmaydigan muammolarni hal qilishda barcha darajadagi boshqaruv organlarining yaqin o‘zaro hamkorligini ko‘zda tutadi. Bu boradagi ishlar qanday tashkil etilgan?
– Albatta, mahallarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasida oldimizda turgan muammolarni hal etishda yuqori tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab kelmoqdamiz. Hokim yordamchilarining ishlarini tizimli tashkil etish maqsadida respublika vakillaridan biriktirilgan xodimlar, viloyat va shahar hokimligi, viloyat va shahar xalq qabulxonalari, sektorlar, mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi va shahar markazi, Markaziy bank va Agrobank shahar filiali, Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi va ko‘plab shahar tashkilotlari va korxonalari vakillari o‘z vazifalaridan kelib chiqib, hokim yordamchilariga ko‘makchi bo‘lmoqda. Mahallada xonadonma-xonadon yurganimizda, turli muammolarga duch kelganimizda, bizga har bir tegishli tashkilotlar bilan bog‘lanib, joyida bartaraf etib ketish imkoniyati yaratildi. Jumladan, ishlarini to‘g‘ri tashkil qilish uchun hokim yordamchilari bugun yetarli shart-sharoitlar bilan to‘liq ta’minlandi. Ishxonalarimiz ta’mirlanib, faoliyat uchun zarur bo‘lgan barcha zarur uskunalar bilan jihozlangan. Fursatdan foydalanib, ularga o‘zimning minnatdorchiligimni bildiraman.
– Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?
– Faoliyatimizda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida uni shaffoflik va ochiqlik prinsiplari asosida tashkil etishga harakat qilaman. Bunda, avvalo mahalla faollari, aholining o‘ziga tayanaman. Qilinayotgan har bir ish bo‘yicha xalq, deputatlar, mas’ul mahalliy hokimiyat organlari vkillari oldida hisobot beriladi. Har bir ishni xalq bilan bahamjihatlikda, maslahatlashgan holda qilamiz. Bunda gap ko‘p.
– Faoliyatingiz davomida mahallada nimalar o‘zgardi, aholining bunga munosabati qanday? Ularning hokim yordamchilari institutiga va umuman “mahallabay” tizimiga ishonchi ortdimi?
– Xalq orasiga kirib ishlash, uning og‘irini yengil qilish orqali el-yurt ishonchini qozonish oson ish emas. Aholining moddiy ahvoli o‘zgarishi, daromadi oshgani sari ularning o‘zlariga va davlatimizga ishonchi ham kundan-kunga ortib bormoqda. Mahallamizda faoliyat boshlaganimga oz fursat bo‘lishiga qaramay, hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida 2 ta ko‘chaga, Ma’rifat ko‘chasi va 3-daha Obodlik ko‘chasidagi 28-29-uylar oldiga jami 700 metrlik asfalt qilish ishlari, 4-5 ta ko‘p kvartirali uylarning avtomashinalar uchun parkovkasiga, 25-son MTMning kirish qismiga shag‘al to‘shash ishlari amalga oshirilmoqda. Qolaversa, yuqorida aytganimdek dasturga kiritilgan qolgan ishlar joriy yil amalga oshiriladi. O‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun murojaat etgan 72 nafar fuqarodan 46 nafariga 1424,6 mln so‘mlik imtiyozli kredit olib berildi, aholini tadbirkorlikkka jalb qilish maqsadida 2022 yil 56 nafar fuqarodan asbob-uskunalarni subsidiya orqali olish uchun 440 mln so‘mlik arizalar kelib tushgan bo‘lib, 191 mln so‘mlik 23 ta arizalar skoring jarayonidan o‘tib, buyruqlari rasmiylashtirilgan. 411 nafar fuqarolarning daromadli mehnat bilan bandligi ta’minlandi. Jumladan, 207 nafar fuqaro doimiy ish joylariga, 76 kishi haq to‘lanadigan jamoat ishlariga va 128 nafari o‘zini-o‘zi band qilish hisobiga ish bilan ta’minlandi. Yana 68 nafar fuqaro kasb-hunarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitildi. O‘tgan davr davomida 10 ta yuridik va 28 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil qilindi. 4 nafar fuqarolar hunarmandlar uyushmasiga a’zo qilinib, hunarmand sifatida ish boshladi. Xulosa qilib aytganda, hokim yordamchisi lavozimining tashkil etilganligi mahallalarni har taraflama rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash, daromadini oshirish ishiga salmoqli hissa qo‘sha boshladi, deb ishonch bilan aytish mumkin.
Izoh qoldirish