Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda asosiy masalalar ko‘tarildi

Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda asosiy masalalar ko‘tarildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ilmga asoslangan urug‘chilik va agrotexnologiyalar hisobiga paxta ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda paxtani chuqur qayta ishlash asosida to‘qimachilik mahsulotlari eksportini ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilishda ilmga asoslangan urug‘chilik va agrotexnologiyalar hisobiga paxta hosildorligi va hajmini kamida 30 foizga oshirish, paxtani chuqur qayta ishlab, sohaning eksportini kamida 2 baravarga ko‘paytirish muhokama qilinyapti.

So‘nggi yillarda kunduzgi va tungi harorat bir xil bo‘lib qolayotgani, yangi turdagi hashoratlarning ko‘payib borayotgani ushbu sharoitga chidamli navlarni ko‘paytirishni taqozo qilmoqda. G‘o‘zani o‘g‘itlashni o‘zgartirish, gerbitsid va pestitsidlarni ham tartibga solish vaqti-soati keldi.

Shu bois Prezident huzurida Innovatsiya vaziri I.Abduraxmonov boshchiligida Paxtachilik kengashi tashkil etilishi belgilandi. Kengash:

  • har yili hosildor va ertapishar navlarni hududlar kesimida ko‘paytirish va ekishni har bir klaster bo‘yicha belgilab beradi;
  • iqlim va harorat o‘zgarishlariga mos bo‘lgan o‘g‘itlash sxemasini ishlab chiqadi, gerbitsid va pestitsidlar qo‘llashni tartibga oladi;
  • keyingi yillarda hashoratlar eng katta muammo bo‘lishini inobatga olib, ularga qarshi kurashish bo‘yicha har bir hududga mos agrotexnologiyalarni ishlab chiqadi.

Yil yakuniga qadar har bir klasterda urug‘chilik, tuproq tahlili va biolaboratoriyalar hamda urug‘ tayyorlash sexlari ishga tushiriladi.

Davlat-xususiy sheriklik asosida Andijon, Buxoro va Surxondaryoda Paxtachilik instituti va Genomika markazining urug‘chilik va agrotexnologiya korxonalari tashkil qilinadi.

Shuningdek, har bir klaster yil yakuniga qadar tuproq unumdorligini tahlil qilib, yer maydonlari pasportini ishlab chiqishi va hosildorlikni oshirish choralarini belgilab olishi kerakligi ta’kidlandi.

Prezident barcha klasterlar suvni ilm bilan tejab ishlatishi shartligini qayd etdi.

So‘nggi ikki yilda 169 ming gektar paxta maydonlarida tomchilab sug‘orish joriy qilindi. Yil yakuniga qadar 160 ming gektar, kelgusi yilda ham yana shuncha paxta maydonida tomchilatib sug‘orishni joriy qilish vazifasi qo‘yildi.

Agar tomchitalib sug‘orishni joriy etish sohasida erkin raqobat bo‘lsa, ilm bilan yondashilsa, ushbu texnologiyani joriy etish xarajatini gektariga 15-20 million so‘mga bemalol tushirish mumkin (hozirda 27 million so‘m).

“Lekin, katta fojia – ayrim rahbarlar bu ezgu islohotga o‘ziga yaqin ta’minotchilar va bilimsiz odamlarni aralashtirayapti. Shu orqali korrupsiya boshlangani haqida menda yetarli ma’lumotlar bor", dedi Prezident.

Moliya va Suv xo‘jaligi vazirliklariga bir hafta muddatda:

  • yangi ishga tushirilgan elektron portalga hamma ta’minotchilarni kiritish;
  • taklif qilinayotgan suv tejovchi texnologiyalar narxi va xizmatlar sifatini baholab boradigan shaffof tizim yaratish topshirildi.

Bunda eng maqbul shartlar va narxlarni fermerlarning o‘zi tanlaydi. Ishlab chiqaruvchi esa kamida 3 yil fermerga servis xizmatini ko‘rsatishni kafolatlashi shart.

Umuman, klasterlar hamkor fermerlari bilan birga olgan daromadidan bir qismini jamg‘arib, ichki irrigatsiya tizimini yaxshilashni ham yo‘lga qo‘yishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda klasterlar faoliyatining huquqiy kafolatlari kuchaytirilishi belgilandi. Avvalo, hokimlarga klasterlarning ichki ish faoliyatiga aralashish taqiqlanadi.

“Klaster o‘zini ishi bilan shug‘ullansa, tumanda sanoat, ish o‘rinlari, eksport va daromad bo‘ladi. Buni tushunmagan hokimlar esa klasterlarni kun davomida majlisma-majlis olib yurish, boshqa ishlarga jalb qilish bilan ovora”, dedi Prezident.

Yangi klasterlarni tashkil etish tartibiga ham o‘zgartirish kiritiladi. Bundan buyon bitta tumanda ko‘pi bilan 2 ta klaster tashkil etishga ruxsat beriladi (hozir – 3 tagacha).

Paxta xom ashyosi va ip-kalavani qayta ishlashni tizimli tashkil etish uchun Bosh vazir o‘rinbosari S.Umurzoqov boshchiligida Respublika komissiyasi tuzilishi belgilandi. Komissiyaning asosiy vazifasi yuqorida aytib o‘tilgan 9 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish rejasini har bir viloyat, tuman va shahar, qolaversa, klaster kesimida belgilash va ijrosini tashkil etish hisoblanadi.

Klasterlar paxtadan ip-kalavagacha ishlab chiqarish zanjirini joriy etishga mas’ul bo‘ladi. Agar klasterning o‘zida xohish bo‘lsa, bemalol o‘zi qayta ishlashni to‘liq siklda amalga oshirishi mumkin.

Bundan buyon, alohida industrial zonalar tashkil qilinib, ularda tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilar uchun barcha sharoitlar yaratib beriladi.

Komissiya elchilar va klasterlar bilan birga bu industrial zonalar boshqaruviga chet el kompaniyalarini jalb qilib, nufuzli brendlarni olib keladi.

“O‘zbek paxtasiga boykot bekor qilinganidan so‘ng, xorijiy brend va yirik kompaniyalar mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilishga, milliy mahsulotlarimizga katta qiziqish bildirmoqdalar. Lekin, ochiq aytish kerak, to‘qimachilik sanoatini tashqi bozorlarga olib chiqish, brendlar va yirik korxonalarni jalb qilishda elchixonalar ishlamayapti.

Misol uchun, bizdagi Turkiya, Xitoy, Germaniya kabi boshqa davlatlar elchilari o‘z mamlakati tadbirkorlarining manfaatini himoya qilish uchun vazir, hokim, hatto korxonagacha borishdan charchamaydi. Lekin, bizning elchilarda bunday tashabbus hali yo‘q!”, dedi Prezident.

Shu munosabat bilan yil yakuniga qadar:

  • Ispaniya, Germaniya va Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Polsha, Yaponiya, Turkiya, AQShdagi elchilar bilan birga 50 ta xorijiy brendlarni yurtimizga olib kelish;
  • xalqaro ko‘rgazmalarda kamida 30 ta o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchi mahsulotini olib chiqib, 50 million dollardan buyurtma olishni ta’minlash topshirildi.

Shuningdek, brendlarni jalb qilishga:

  • bo‘yalgan trikotaj mato va gazlama eksport qiluvchilarga 10 foizgacha miqdorda subsidiya beriladi;
  • xorijiy brendlar va ularga tayyor mahsulot yetkazib berayotgan mahalliy korxonalarning buyurtmalariga asosan alohida avia-reyslar yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, brendlar uchun zarur bo‘lgan furnituralarning 90 foizi import qilinmoqda. Shuning uchun, mutasaddilarga:

  • bir oy muddatda furnitura va aksessuarlar ishlab chiqarish dasturini ishlab chiqish;
  • Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlarida yil yakuniga qadar 4 tadan furnitura korxonalarini ishga tushirish topshirildi.

Prezident tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning Aksessuar va furnitura ishlab chiqaruvchilar uyushmasini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yanada kengaytirilishini ta’kidladi.

Jumladan, Eksport agentligi tomonidan:

  • eksport qiluvchi korxonalarga 5 million dollargacha aylanma mablag‘ uchun resurslar ularning eksport hajmidan kelib chiqib ajratiladi;
  • korxonalarning xorijda omborxonalarni ijaraga olish xarajatlarini qoplab berish uchun cheklangan maydon 100 kvadrat metrdan 500 kvadrat metrga oshiriladi.

Eksportyorlar nomiga ochilgan akkreditivlarni kredit ta’minoti sifatida qabul qilishga ruxsat beriladi. Ya’ni, korxona eksport qilgan kundan boshlab o‘z xizmat ko‘rsatuvchi bankidan akkreditivning 80 foizi miqdorida kredit olishi mumkin bo‘ladi.

Klaster va to‘qimachilik korxonalarining moliyaviy hisobot xalqaro standartlariga o‘tishi qo‘llab-quvvatlanadi. Bundan buyon moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish xarajatlarining 50 foizgacha qismi Moliya vazirligi tomonidan qoplab beriladi.

Yig‘ilishda to‘qimachilik korxonalarini paxta tolasi va ip-kalava bilan uzluksiz ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Ichki bozorda tanqislik tufayli paxta tolasining narxi xalqaro birjalardan yuqori bo‘lib, 1 tonnasi 37 million so‘mgacha yetmoqda. Oqibatda 22 mingdan ziyod xodim ishlaydigan 59 ta ip-yigiruv korxonasiga oyiga 25 ming tonna tola yetishmaydi.

Shu bois, Komissiya nazorati ostida:

  • Nyu-York birjasida paxta tolasi narxi keskin oshsa, tola mahalliy birjaga 10 foiz chegirma bilan qo‘yiladi;
  • klasterlar o‘z ehtiyojidan ortiq tolani oyma-oy majburiy birjaga chiqaradi;
  • barcha ip-kalava korxonalari ishlab chiqargan mahsulotning kamida 30 foizini birja orqali sotadi;
  • birjada sotib olingan ip-kalava uchun to‘lovni bank kafolati orqali 3 oygacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmi joriy etiladi;
  • qayta ishlash quvvatlariga ega bo‘lmagan klasterlarga imtiyozli kredit 14 oyga beriladi (hozir – 24 oy).

Soha uchun soliq va bojxona ma’murchiligi yengillashtiriladi. Bunda, hududlar va sanoat tarmoqlarining eksport salohiyatini oshirish uchun bojxona hududida qayta ishlash tizimi yanada soddalashtiriladi. Xususan:

  • to‘qimachilik sanoatida xom ashyoni bojxona hududida qayta ishlashni bojxona to‘lovlari bo‘yicha ta’minotsiz amalga oshirishga ruxsat beriladi;
  • olib kelingan xom ashyodan bojxona hududida qayta ishlab chiqarilgan tovarni “eksport” rejimida olib chiqish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, to‘qimachilik sanoati uchun mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan sovutish uskunasi, yigiruv “bochok”lari kabi tovarlar uchun uch yil muddatga bojxona imtiyozlari taqdim etiladi.

Shu bilan birga, eksport kontraktlari bo‘yicha kelib tushmagan mablag‘lar 5 foizdan oshmasa, ular muddati o‘tgan qarzdorlik sifatida hisobga olinmaydi.

Yig‘ilishda to‘qimachilik sohasida mutaxassislar tayyorlash, ilm va izlanish bo‘yicha To‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda O‘zbekiston-Koreya to‘qimachilik texnoparki yaxlit tizim asosida ishlashi belgilandi. Shuning uchun Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxobov rektor etib tayinlandi.

Institutda yangi o‘quv yilidan:

  • 3 va 4-kurs talabalarini o‘qitishda “dual” ta’lim tizimi joriy qilinadi.

Endi, ular haftaning uch kunida institutda nazariy darslar, qolgan uch kunida to‘qimachilik texnoparki va korxonalarda amaliy o‘quv mashg‘ulotlar asosida o‘qitiladi;

  • nufuzli xorijiy to‘qimachilik oliygohlari bilan hamkorlikda kamida 6 ta yo‘nalishda talabalar almashish dasturi yo‘lga qo‘yiladi.

Mutasaddilarga elchilar bilan birga yil yakuniga qadar Turkiya, Koreya va Hindiston kabi ilg‘or tajribaga ega mamlakatlardan 40 nafar malakali o‘qituvchilarni olib kelish topshirildi.

Shu bilan birga, To‘qimachilik texnoparkini sohaga yangi tajriba va innovatsiyani olib kiradigan markazga aylantirish vazifasi qo‘yildi.

Prezident “tonirovka” masalasiga to‘xtaldi.

“Har bir islohotimiz, taklif va tashabbuslarimiz, bu – eng avvalo inson qadri uchun. Shu bois, xalqimizga qanday yengilliklar bersak, u bizdan rozi bo‘ladi, degan savol barcha rahbarlarni har kuni, har daqiqa o‘ylantirishi kerak.

Har gal joylarga chiqqanimda oddiy-oddiy odamlar bilan uchrashib, muammolarini eshitaman, yana qancha aholimizda shunday muammolar borligi haqida o‘ylayman va unga yechim qidiraman. Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilayotgan masalalardan ham xabardorman.

Mana, bugungi kunda mamlakatimizda yengil avtomashinalar soni 3,5 milliondan oshdi. Haydovchilarimizda ham ko‘plab e’tirozlar to‘planib qolgan. Shu bois, bugun haydovchilar va yo‘lovchilar anchadan beri kutgan, ularning kayfiyatini ko‘taradigan qarorni imzoladim”, dedi Prezident.

Prezident ta’kidlaganidek, 1 iyuldan boshlab:

  • avtomobilning orqa yon oynalarini qoraytirish to‘lovlari bekor qilinadi, ya’ni bepul bo‘ladi;
  • old va orqa yon oynalarni to‘liq qoraytirish to‘lovlari 6 barobargacha arzonlashtiriladi;
  • ishlab chiqarilganiga 10 yildan ko‘p bo‘lmagan yengil mashinalarni majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi bekor bo‘ladi.

Endi, 10 yildan 15 yilgacha bo‘lgan yengil mashinalar – ikki yilda, 15 yildan ortiq bo‘lganlari esa bir yilda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.

"Bu hali boshlanishi. Men Prezident maslahatchilari, Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarga topshiriq berganman. Odamlarimizni qiynayotgan, ahamiyatini yo‘qotgan tartib va cheklovlarni bekor qilish bo‘yicha Ishchi guruhi barcha yo‘nalishlarda muntazam ishlayapti.

Joylardan tushgan asoslangan takliflar va yechimlar bo‘yicha doimiy tarzda xalqimizning foydasiga xizmat qiladigan qarorlar qabul qilib boriladi”, dedi Prezident yig‘ilish yakunida.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar