Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir avvalida davlatimiz rahbari Tadbirkorlar kuni munosabati bilan mukofotlangan soha vakillaridan bir guruhiga davlat mukofotlarini topshirdi.
Prezidentning tadbirkorlar bilan muloqoti arafasida tadbirkorlar tomonidan 12 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning asosiylarini quyidagilar tashkil qiladi:
Birinchi – yangi loyihalarni boshlash, biznesni kengaytirish va aylanma mablag‘larni ko‘paytirish uchun, tadbirkorlarda 6 milliard dollar qo‘shimcha kreditlarga ehtiyoj mavjud.
Bu haqda, 3 mingga yaqin murojaat kelib tushgan.
Ikkinchi – 1,5 ming tadbirkor soliq ma’murchiligining murakkabligi va tekshiruvlar bo‘yicha o‘z e’tirozlarini bildirgan;
Uchinchi – tadbirkorlik uchun sharoitlar barcha tuman va shaharlarda ham bir xil emas. Buni yaqinda joriy etilgan hududlarning investitsiyaviy reytingi yaqqol ko‘rsatib berdi.
Barcha tuman va shaharlarda tadbirkorlikni teng rivojlantirish bo‘yicha, har bir hudud uchun alohida yondashuvlar zarur.
To‘rtinchi – infratuzilmaga ulanish, yer va joy ajratish masalalari bo‘yicha biznes vakillarining ko‘plab muammolari hal etilmasdan turibdi.
Bu borada ham, 2 mingdan ortiq murojaatlar bor.
Beshinchi – mulk daxlsizligi, tadbirkorlik faoliyatiga aralashish ham biznes vakillarini jiddiy tashvishga solayotgani sir emas.
Oltinchi – bizda kichik va o‘rta biznes tushunchalari, ularning o‘sishiga turtki beruvchi alohida qo‘llab-quvvatlash choralari belgilanmagan.
Davlatimiz rahbari soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan 5 ta yo‘nalishda tashabbuslarni bildirdi.
Birinchi yo‘nalish – korxonalarni toifalarga ajratib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida yondashuvni belgilash.
Bunda, korxonalar yillik aylanmasi bo‘yicha toifalarga ajratiladi. Bular:
- 1 milliard so‘mgacha bo‘lgani – mikro biznes;
- 10 milliard so‘mgacha bo‘lgani – kichik biznes;
- 100 milliard so‘mgacha bo‘lgani o‘rta biznes toifasiga kiradi.
Shundan kelib chiqib, 2023 yil 1 yanvardan boshlab mikro biznes uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan stavkalari o‘rniga yagona 4 foizli soliq stavkasi joriy etiladi.
Bunda, olis hududlardagi va alohida toifadagi tadbirkorlar uchun amaldagi 1 va 2 foizli stavkalar saqlab qolinadi. Yoki, ular ixtiyoriy ravishda yiliga 20-30 million so‘m to‘lasa, buxgalteriya hisobini yuritish va soliq idoralariga taqdim etish majburiyatidan ozod etiladi.
Aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshib, umumiy soliq to‘lash tartibiga o‘tgan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘ini 2 barobar kam to‘laydi.
Ushbu imkoniyatlar 370 ming tadbirkorga yengilliklar yaratadi va ularga juda katta stimul beradi.
Aylanmasi 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlarga:
- xabardor qilish orqali, soliq to‘lovlarini olti oygacha foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi (amalda 15 foizlik stavka qo‘llanadi);
- agar tadbirkor xohlasa, uning soliq hisobotlarini soliq idoralari ko‘makchi bo‘lib yuritib beradi.
Prezident tez o‘sib borayotgan yuqori salohiyatli o‘rta korxonalar sonini hozirgi 3,5 mingtadan 10 mingtaga yetkazish zarurligini ta’kidladi.
Buning uchun, 2023 yil 1 yanvardan:
- kichikdan o‘rta biznesga o‘tgan korxonalar ikki yil davomida foyda solig‘ining faqat 50 foizini to‘laydi;
- mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi;
- soddalashtirilgan soliq, moliyaviy va statistika hisobotlari joriy etiladi;
- davlat xaridlarida 20 foiz kvota o‘rnatilib, ushbu xaridlar doirasida ularga oldindan 50 foiz mablag‘ to‘lab beriladi (amalda 15 foiz).
Ochiq muloqotda kichik va o‘rta biznes uchun eng muammoli masalalardan biri qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va qaytarish bilan bog‘liqligi ta’kidlandi.
Prezident 2021 yilgi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida biznes uchun soliq yukini tushirish siyosatini davom ettirib, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini yanada tushirishga va’da bergan edi.
«Ochiq aytishim kerak, “iqtisodiyot pandemiya tufayli hali to‘liq tiklanmadi, jahon iqtisodiyotidagi vaziyat yaxshi emas, shu sababli buni keyinga qoldiraylik”, deb taklif berganlar ham bo‘ldi.
Lekin sizlarni ishontirib aytaman: biz islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz va 2023 yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 12 foizga tushiramiz!», - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Joriy yil 1 oktyabrdan boshlab, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha hisob-kitobi to‘liq yo‘lga qo‘yilgan korxonalarga mablag‘larni 7 kun ichida qaytarish tizimi joriy etiladi.
Joriy yil 1 iyuldan boshlab bo‘sh bino, foydalanilmayotgan yer uchastkasiga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qo‘llash bekor qilindi. Lekin avval oshirib hisoblangan soliqlar nima bo‘ladi, degan savol 19 ming tadbirkorni bezovta qilmoqda va bu bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.
«Shularni inobatga olib, tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari bo‘yicha hisoblangan 2 trillion so‘mlik qarzlaridan butunlay voz kechsak, nima deysizlar?», - deya tadbirkorlarga murojaat qildi davlatimiz rahbari.
Prezident ilgari surgan ikkinchi yo‘nalish – tadbirkorlarimiz faoliyatini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay moliyalashtirish tizimini yaratishdir.
Bu borada kichik biznes loyihalariga 20 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Uchinchi yo‘nalish haqida so‘z yuritar ekan, Prezident kredit berish masalaning faqatgina bir tomoni ekani, biznes yurib ketishi uchun yetarli shart-sharoit, infratuzilma va kafolatli bozor kerakligini alohida qayd etdi.
Shu sababli, eng avvalo, tuman va shaharlarning sharoitidan kelib chiqib biznes uchun alohida yondashuvlar joriy etiladi.
To‘rtinchi yo‘nalish - tadbirkorlarning mulk huquqini himoya qilish masalasidir.
Bundan buyon yer va mulk ajratish haqidagi qarorlarni bekor qilish faqat va faqat sud tartibida amalga oshiriladi.
«Fursatdan foydalanib, barcha hokimlarning e’tiborini bir masalaga qaratmoqchiman – mulk huquqiga oid qarorlarni ular tomonidan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ya’ni, huquq beruvchi hujjatni faqat sud haqiqiy emas, deb topishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, tadbirkorlarni qiynayotgan yana bir amaliyot – tyergov jarayonida mol-mulkni xatlab qo‘yish bilan bog‘liq.
Misol uchun, o‘tgan 3 yilda tergovchilar tomonidan aniqlangan zarardan ikki barobar ko‘p mol-mulk xatlangan (1,5 trillion so‘m).
Endi, har bir xatlovning asosli ekani sud tomonidan ko‘rib chiqiladi, qarorni faqat sud qabul qiladi.
«O‘ylaymanki, shundagina adolat bo‘ladi», - dedi davlatimiz rahbari.
Beshinchi yo‘nalish tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish va ularni javobgarlikka tortish masalalari bilan bog‘liq.
Tadbirkorlarga nisbatan yangi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga 3 yillik moratoriy e’lon qilinadi.
Shuningdek, tadbirkorlarga nisbatan majburiyatlar yuklaydigan yangi qonun hujjatlari qabul qilinganda, yo‘l qo‘ygan xatosi uchun tadbirkorga 6 oy davomida jazo qo‘llanilmaydi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, kichik biznes vakillari tomonidan soliq tekshiruvlari bilan bog‘liq jarimalarning turi ko‘pligi va og‘irligi masalasi bo‘yicha juda ko‘plab murojaatlar kelib tushdi.
Misol uchun, bugungi kunda aylanmadan soliq to‘layotgan 370 mingdan ziyod kichik tadbirkorlarning soliq bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovi 1 million so‘m atrofida.
Lekin, kassa cheki bermagani uchun 5 milliondan 10 million so‘mgacha moliyaviy, shuningdek 3 milliondan 12 million so‘mgacha ma’muriy jarima solinadi.
Ya’ni, kichik tadbirkorlar uchun ham, yirik korxonalar uchun ham jazo bir xil.
Umuman, savdo sohasida faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlarimizni qariyb 30 yildan beri qiynab keladigan muammo ham yechiladi, ya’ni savdo qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘liq bekor qilinadi (Jinoyat kodeksining 189-moddasi).
Birinchi marta xato qilgan kichik biznes vakillariga jazo chorasi qo‘llanilmaydi. Buning o‘rniga kamchiliklarni bartaraf etishga soliq idoralari ko‘makchi bo‘ladigan tizim joriy etiladi.
Jarimalar miqdori ham tadbirkorlarning to‘layotgan solig‘idan oshib ketmasligi kerak.
"Bizda quruvchi, madaniyat, ta’lim kabi soha vakillari uchun faxriy unvonlar mavjud.
Lekin, Yangi O‘zbekiston poydevorini yaratishga eng katta hissa qo‘shib kelayotgan zahmatkash tadbirkorlarning e’tibordan chetda qolgani adolatdan emas.
Shu bois, ko‘p ish o‘rinlari yaratgan, biznesning yangi yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘ygan, o‘z sohasida innovatsiya va islohotlar qilgan va el-yurt orasida obro‘ topgan biznes vakillarini munosib e’tirof etish uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta’sis etishni taklif qilaman", dedi Prezident ochiq muloqotda.
Prezident Savdo-sanoat palatasi va uning xududiy bo‘linmalarining faoliyati ham tubdan o‘zgarishini aytdi. Bundan buyon, ular:
- tuman, shahar tadbirkorlarini birlashtirib, ularni qiynayotgan muammo va masalalarni aniqlash bilan amalda shug‘ullanadi;
- har bir tuman va shaharda ilg‘or metodikalar asosida biznesga o‘qitish maktablarini tashkil qiladi;
- hokim va boshqa hududiy rahbarlarga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolatiga ega bo‘ladi;
- mahalliy Kengash va hokimlar bilan har oy kamida ikki marta tanqidiy muhokamalarni o‘tkazadi.
Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasining o‘ziga ham:
- Hukumatga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan masala kiritish;
- tadbirkor manfaatini ko‘zlab Oliy sudga ariza berish hamda iqtisodiy, ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan shikoyat kiritish vakolatlari beriladi.
Savdo-sanoat palatasi Hukumat bo‘ysunuvidan to‘liq chiqariladi.
Yuqorida aytilgan barcha takliflarni amalga oshirish uchun Prezident huzurida Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tuziladi.
Prezident Administratsiyasi rahbariga ikki hafta muddatda ushbu kengash ishini tashkil qilish topshirildi.
Prezidentimiz so‘zini yakunlab, ayni paytda tadbirkorlar bilan fikr almashmoqda, ularning taklif va tashabbuslarini tinglamoqda.
Izoh qoldirish