13 va 16 fevral kunlari Prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishlarda tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar belgilangan bo‘lib, eng ustuvor islohotlar dasturlari va 2026 yilda “O‘zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi loyihalari tasdiqlandi.
Joriy yilning iqtisodiy vazifalari
2025 yilda yalpi ichki mahsulot 7,7 foizga o‘sib, 147 mlrd. dollardan oshdi. Iqtisodiy o‘sishning yarmidan ko‘pi xizmatlar hisobiga ta’minlandi. Qishloq xo‘jaligida har gektardan o‘rtacha daromad 4,5 ming dollardan 5 ming dollargacha o‘sdi, mehnat unumdorligi esa 4,7 foizga oshdi. Bir yil ichida bir dollar qo‘shilgan qiymat yaratishga sarflangan energiya xarajatlari 15 foizga kamaydi.
2026 yilda 6,6 foizlik iqtisodiy o‘sish orqali yalpi ichki mahsulot hajmini 167 mlrd. dollarga yetkazish rejasi belgilandi. Shuningdek, yig‘ilishda tarmoq va hududlarda yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash vazifalari qo‘yildi.
Strategik korxonalarning samaradorligini oshirish va xarajatlarni qisqartirish uchun 19 ta strategik korxona rahbariga xaridlar, logistika, raqamlashtirish va energiya samaradorligi bo‘yicha keskin choralar ko‘rib, tannarxni 10-15 foizga qisqartirish vazifasi topshirildi.
Hududiy sanoat. Uch yil ichida respublika sanoati 21 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, bir qator tumanlarda o‘sish 10 foizga ham yetmadi. Shu bois respublika sanoatini kamida 8,5 foizga o‘stirish bo‘yicha tarmoqbay va hududbay rejalarini tasdiqlashga qaror qilindi.
Yiliga 650 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega 4 ta yirik korxona mavjud. Bu yil 300 dan ziyod mahalliy korxona bilan kooperatsiya asosida yana 763 ta detal ishlab chiqarishni boshlash va avtomobil ishlab chiqarish hajmini 510 mingga yetkazish zarurligi ta’kidlandi. Avtokredit stavkalarini pasaytirish va hajmini oshirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Investitsiyalarni jalb qilish va loyihalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha yangi boshqaruv yondashuvlari belgilandi. Bu yil 50 mlrd. dollar xorijiy investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Investitsiya loyihalari bilan ishlashda nafaqat loyihaning ishga tushirilishi, balki uning ekspluatatsiyasi, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratilishi va mahsulotlar eksporti ustidan ham qat’iy nazorat o‘rnatiladi. Shu maqsadda dasturga kiritilgan har bir loyihani ishga tushgandan keyin uch yil davomida monitoring qiladigan “Yagona milliy loyiha boshqaruvi” platformasi yaratiladi.
Joriy yilgi qurilish hajmini 400 trln. so‘mga yetkazish, sohada kamida 17 foiz o‘sishni ta’minlash topshirildi. Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun byudjetdan 40 trln. so‘m mablag‘ ajratildi. Hududlardagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek, Qoraqalpog‘iston, Samarqand va Farg‘onada buyurtmachi xizmatlariga tajriba tariqasida xususiy sektorni jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.
Bu toifadagi korxonalarda energiya samaradorligi bo‘yicha yangicha tizim joriy etilishi va uch yillik dastur ishlab chiqilishi belgilandi. 2026 yilda kichik va o‘rta korxonalarda 100 mln. kub metr gaz va 500 mln. kilovatt-soat elektr energiyasini tejash choralarini ko‘rish rejalashtirilgan. Yoritish ustunlariga kichik quyosh paneli, batareya hamda kun yorishishiga qarab, o‘zi o‘chib-yonadigan datchik o‘rnatishni boshlash topshirildi.
Davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushini oshirish. Davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar ulushi 68 foizga yetgan bo‘lsa-da, bir qator yirik korxonalarda bu ko‘rsatkich 40 foizga ham yetmagan. Tadbirkorlar davlat xaridi, ekspertiza va sertifikatlash jarayonlarida byurokratiya ko‘pligini aytmoqda. Endi vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar loyihalarning barcha bosqichlarida – muzokaralar va tenderlardan tortib qurilish va xomashyo ta’minotigacha – mahalliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirishga shaxsan javob berishlari belgilandi.
Vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning asosiy vazifasi yangi mahsulotlar bilan tashqi bozorlarga kirib borish bo‘lishi zarurligi qayd etildi. O‘tgan yili eksport 22 foizga o‘sib, 24 mlrd. dollarga yetgan bo‘lsa-da, ko‘p rahbarlar hali ham bu sohada eskicha ish uslubidan voz kechmagan. Endilikda eksport bo‘yicha talab faqat hajm emas, balki yangi mahsulot va yangi bozorlar bo‘yicha bo‘lishi belgilandi.
Ichki bozorda narx-navo barqarorligini ta’minlash. Yanvar oyida yillik inflyasiya 7,2 foizni tashkil etgani, inflyasiyaning 45 foizi oziq-ovqat mahsulotlari hisobiga, ayniqsa, 13 foizi go‘sht narxi hisobidan shakllangani qayd etildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va mehnat unumdorligi markaziga inflyasiya xavflarini aniqlab borish, har hafta tuman va shahar bozorlarini tahlil qilish, talab prognozini shakllantirish hamda har chorakda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari balansini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Ustuvor yo‘nalishlarni dasturiy amalga oshirish
Tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalarni ro‘yobga chiqarish mexanizmlari tasdiqlangan eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2026 yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi loyihalarida o‘z aksini topdi.
Mazkur loyihalar ilg‘or xorijiy tajriba asosida mutlaqo yangi yondashuv asosida ishlab chiqildi. Ularda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan belgilab berilgan joriy yildagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va maqsadli ko‘rsatkichlari, shuningdek, ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilangan. Islohot dasturlari va davlat dasturi o‘rtasidagi farqlar aniq ko‘rib chiqilgan. Islohotlar dasturlari davlatimiz rahbarining xalqimiz va Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar, shuningdek, 2026 yil uchun eng ustuvor islohotlarni qamrab olgan.
Ushbu dasturlar doirasida “hujjat ishlab chiqish”dan “natijaga erishish” tamoyiliga o‘tilmoqda. Har bir tashabbusni amalga oshirish mexanizmlari va yil yakuniga mo‘ljallangan ijro natijalarini baholash uchun asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) belgilangan. Dasturlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish mexanizmiga ega va ayrim tashabbuslar bo‘yicha alohida hujjat qabul qilishni talab etmaydi. Har bir islohotlar dasturining ijrosi uchun shaxsan javobgar bo‘lgan mas’ul rahbar va muvofiqlashtiruvchi davlat tashkiloti belgilanmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida esa strategiyaning 2026 yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlari ijrosi tashkil etiladi. Dastur bilan 337 ta banddan iborat amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanmoqda. 2026 yilda sohalar kesimida eng muhim 59 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi va asosiy strategik islohotlarni nazarda tutuvchi 12 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
Dasturlar ijrosini moliyalashtirishga jami 250,5 trln. so‘m ajratilishi va 50,4 mlrd. dollar mablag‘ jalb qilinishi ko‘zda tutilgan. Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha Adliya vazirligi va Hisob palatasi doimiy monitoring olib boradi. Vazirlar Mahkamasi har chorakda amalga oshirilgan ishlarni muhokama qiladi. Har yarim yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot hamda har oy Prezidentga axborot kiritib boriladi. Bosh vazir zimmasiga islohot dasturlari doirasidagi tashabbuslarni amalga oshirish va moliyalashtirishni muvofiqlashtirish hamda ularning amalga oshirilishini qat’iy nazorat qilish vazifasi yuklatildi.
Davlatimiz rahbari taqdimot qilingan loyihalar bilan batafsil tanishdi, tegishli farmonni imzolab, islohot dasturlarini va “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqladi.
"Iqtisodiy sharh" jurnali №2/2026
Izoh qoldirish