Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonning hudud va shaharlari darajasida iqtisodiy faollikni baholash uchun sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tungi yorug‘lik (Nighttime Lights, NTL) ma’lumotlaridan foydalandi.
Sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tungi yorug‘lik ma’lumotlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, yorug‘lik intensivligi qanchalik yuqori bo‘lsa, iqtisodiy faollik va shahar infratuzilmasi rivojlanishi darajasi ham shunchalik yuqori bo‘ladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillari natijalari sun’iy yo‘ldosh ko‘rsatkichlari rasmiy statistika bilan yuqori darajada mos kelishini ko‘rsatdi. Jumladan, NASAning tungi yorug‘lik ma’lumotlari asosidagi baholashlarga ko‘ra, 2020–2025 yillarda O‘zbekistonda aholi jon boshiga to‘g‘ri kelgan yalpi ichki mahsulotning (YaIM) nominal o‘sishi 80,3 foizni tashkil etib, bu o‘rtacha yillik 15,8 foizlik o‘sishga to‘g‘ri keladi. So‘nggi 5 yilda YaIM hajmi 2 090 dollardan 3 887 dollarga yetgan.
Qiyoslash uchun, rasmiy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, shu davrda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot o‘sishi 81,8 foizni tashkil etgan bo‘lib, o‘rtacha yillik o‘sish 16,1 foizga teng bo‘ldi. Natijada bu ko‘rsatkich 2 048 dollardan 3 881 dollargacha oshdi
Yirik va o‘rta shaharlarda iqtisodiy faollik
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yilda hududlar kesimida aholi jon boshiga YaHM miqdori bo‘yicha eng katta o‘sish Toshkent shahrida qayd etildi. Bu ko‘rsatkich taxminan 5 ming dollarga oshib, 2025 yil yakunlariga ko‘ra 9,3 ming dollarni (rasmiy statistikaga ko‘ra 9,2 ming dollar) tashkil etdi.
Baholashlarga ko‘ra, 2025 yilda mamlakatning qator yirik va o‘rta shaharlarida ham aholi jon boshiga YaHM hajmi yuqori darajada bo‘lgan. Jumladan, Navoiy shahrida 9,3 ming dollar, Zarafshon shahrida 7,9 ming dollar, Samarqandda 7,2 ming dollar, Qo‘qon va Andijonda 6,7 ming dollardan, Ohongaron, Yangiyo‘l va Buxoroda esa mos ravishda 5,8 mingdan 5,2 ming dollargacha bo‘lgan.
Shuningdek, mamlakatning ayrim hududlarida aholi jon boshiga YaHM o‘sish sur’atlari nisbatan yuqori bo‘ldi. Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich 1,8 ming dollarga oshib, qariyb 4 ming dollarni tashkil etdi.
Navoiy viloyatida ham o‘sish 1,8 ming dollarni tashkil etib, natijada aholi jon boshiga YaHM taxminan 4 ming dollarga yetdi. Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlarida esa mazkur ko‘rsatkich 1,6 ming dollarga oshib, mos ravishda qariyb 3,5 ming va 3,4 ming dollarni tashkil etdi.
Kichik va o‘rta shaharlarda iqtisodiy faollik
Qator kichik va o‘rta shaharlarda aholi jon boshiga YaHMning nisbatan yuqori ko‘rsatkichlari qayd etildi. Jumladan, Termiz shahrida bu ko‘rsatkich 5,1 ming dollarni, Marg‘ilon va Chirchiq shaharlarida qariyb 5 ming dollarni, Namangan shahrida esa 4,8 ming dollarni tashkil etdi. Shuningdek, Kogon va Urganch shaharlarida ham iqtisodiy faollik darajasi nisbatan yuqori bo‘lib qolmoqda.
Tumanlar darajasida iqtisodiy faollik
Toshkent shahri tumanlari kesimida 2020–2025 yillarda aholi jon boshiga to‘g‘ri kelgan YaHMning eng yuqori o‘sish sur’ati Mirobod tumanida kuzatilib, ko‘rsatkich 7,1 ming dollarga oshdi. Shuningdek, Yakkasaroy tumanida 6,3 ming dollarga, Chilonzor tumanida esa 5,6 ming dollarga o‘sish qayd etildi. Natijada ushbu tumanlarda aholi jon boshiga YaHM 10 ming dollardan oshdi, bu esa respublikadagi boshqa tuman va shaharlar o‘rtacha qiymatidan deyarli 3 barobar yuqori.
Tumanlar orasida aholi jon boshiga YaHMning eng yuqori o‘sish sur’atlari Karmana tumanida kuzatilib, ko‘rsatkich 2,5 barobarga oshdi. Shuningdek, Yashnobod va Bektemir tumanlarida 2,4 barobar, Sergeli, Yangihayot va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida esa 2,3 barobar o‘sish qayd etildi.
Yuqori iqtisodiy faollikka ega hududlar kengayishi
Tungi yorug‘lik ma’lumotlaridan foydalanish tumanlar darajasida urbanizatsiya jarayonlarini baholash imkonini berdi. Xususan, 2020–2025 yillarda tungi yorug‘lik intensivligi yuqori (NTL qiymatining 10 dan baland) bo‘lgan, shahar aglomeratsiyalariga xos hududlar soni 22 tadan 31 taga yetdi.
Bunda mazkur hududlarda aholi jon boshiga YaHM o‘rtacha 3,8 ming dollardan 7 ming dollargacha oshgan.
Shu bilan birga, besh yil davomida tungi yorug‘lik darajasi past (NTL qiymati 1 dan kichik) bo‘lgan tumanlar soni 129 tadan 85 taga qisqardi. Bu esa 44 ta tuman shahar tipidagi rivojlanishga o‘tganini tasdiqlaydi.
Mazkur tumanlarda NTL qiymati o‘rtacha 2,5 barobardan ko‘proqqa oshgan bo‘lsa, aholi jon boshiga YaHM 1,7 ming dollardan 3,2 ming dollargacha o‘sdi.
Xulosa
Olingan natijalar tungi yorug‘lik bo‘yicha sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari rasmiy statistikani samarali ravishda to‘ldirishi va hududlarning iqtisodiy faolligini tezkor baholashda qo‘llanilishi mumkinligini tasdiqlaydi.
Bunday yondashuv iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini aniqlash, shuningdek, hududlarda infratuzilma va investitsiya faolligini rivojlantirish uchun davlat qo‘llab-quvvatlashini yanada manzilli yo‘naltirish imkonini beradi.
Abdulaziz G‘aybullayev,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
tel.: (+998) 78 150-32-20 (417)
Izoh qoldirish