Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.
Yurtimizda sanoat, energetika, infratuzilma, servis sohalarida ko‘plab yirik loyihalar ishga tushirilmoqda. Har bir hududda yangi uy-joy massivlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, turizm va madaniyat maskanlari bunyod etilmoqda.
Mamlakatimiz sanoati rivoji uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 3-mis boyitish fabrikasi ham ana shunday keng ko‘lamli ishlar va bunyodkor xalqimizning fidokorona mehnati mahsulidir.
“Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish dasturi doirasida 196 gektar maydonda amalga oshirilayotgan qiymati 2 milliard 700 million dollarlik ushbu loyiha shunchaki korxona emas, balki mamlakatimiz sanoat qudratini yanada mustahkamlaydigan, tabiiy boyliklarimizni chuqur qayta ishlashga xizmat qiladigan zamonaviy industrial majmua hisoblanadi.
Fabrika yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlab, 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarish quvvati bilan nafaqat Markaziy Osiyodagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchi majmualardan biri, balki dunyodagi yirik boyitish fabrikalari sirasiga kiradi.
Loyihani jahon standartlari darajasida amalga oshirish maqsadida Italiyaning “Wood”, Buyuk Britaniyaning “Worley Parsons” kabi kompaniyalari jalb etildi. Fabrikada jahonning yetakchi kompaniyalari – “Metso”, “FLSmidth”, “Weir Minerals” va “Siemens” texnologiyalari joriy etilgan.
Mazkur loyiha hududdagi turdosh sanoat tarmoqlari rivojiga ham kuchli turtki berdi. Qurilishda ishlatilgan metall konstruksiyalar hajmiga teng materialdan 10 ta Eyfel minorasi, temir-beton sarfiga esa qariyb 2,5 ta Burj Xalifa minorasini barpo etish mumkin. Bu fabrikaning megaloyiha ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
“Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida fabrika hududida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Tomchilatib sug‘orish tizimlari va ekodizayn yechimlari sanoat hamda tabiat muvozanatini ta’minlashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz o‘z nutqida so‘nggi yillarda tog‘-kon sanoatida amalga oshirilgan islohotlar natijalari va kelgusi rejalar haqida so‘z yuritdi.
Konlarni investorlarga berish bo‘yicha shaffof tizim yaratilganining hisobiga to‘qqiz yilda 10 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritildi. Bugun sohada 65 ta xususiy korxona faoliyat yuritmoqda.
Natijada tarmoqda ishlab chiqarish 1,7 barobar o‘sib, o‘tgan yilda 270 trillion so‘mga yetdi. Sanoat hajmi va byudjetga tushumning to‘rtdan biri ushbu tarmoq hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Muhimi, yuqori daromadli eng ko‘p ish o‘rinlari ham aynan shu sohadagi korxonalarda.
Xorijiy hamkorlar bilan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani ham eng katta yutuqlardan biri bo‘lgani ta’kidlandi.
Xususan, Olmaliqda “Moskva po‘lat va qorishmalar instituti” universiteti filiali (“MISiS”), Olmaliq texnika instituti, Toshkent shahrida Geologiya fanlari universiteti (Uxan geologiya universiteti bilan hamkorlikda) hamda Italiyaning Piza universiteti filiali tashkil qilindi. Navoiy konchilik texnologiyalari universitetida ham Rossiya, Kanada, AQSh, Fransiya va Chilining ilg‘or oliygohlari bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yildi.
Buning samarasi o‘laroq, ilgari qimmatbaho va rangli metallar asosan xomashyo shaklida eksport qilingan bo‘lsa, bugun yiliga 100 ming tonna mis o‘zimizda qayta ishlanib, yuqori qiymatli mahsulot yaratilmoqda, qisqa muddatda zargarlik sanoatida ishlab chiqarish 3,3 karra o‘sib, 13 trillion so‘mdan oshdi.
Prezidentimiz joriy yilning o‘zida ishga tushadigan loyihalarni hisobga olib, misni chuqur qayta ishlash quvvatlari 240 ming tonnaga yetishini ta’kidladi. Yaqin ikki-uch yildagi yangi loyihalar natijasida bu ko‘rsatkichlar yanada oshadi.
Mis sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, “yashil” taraqqiyot uchun strategik xomashyoga aylangani ko‘rsatib o‘tildi.
– Kimki mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratsa, kelajak sanoatini barpo etgan bo‘ladi. Qaysi davlat bu xomashyoni chuqur qayta ishlash uchun kuchli infratuzilma yaratsa, u minglab oilalarga daromad, hududlarga taraqqiyot, mamlakatga qudrat olib keladi. Shu bois, biz islohotlarimizning ilk kunlaridan geologiya-qidiruv ishlariga alohida e’tibor qaratib, mavjud zaxiralar va ularni ishga solish bo‘yicha imkoniyatlarimizni belgilab oldik, – dedi davlatimiz rahbari.
Birgina “Yoshlik-1” konidan joriy yilning o‘zida 20 million tonna ruda qazib olinadi. Bu raqam kelgusi ikki yilda 60 million tonnaga yetadi.
Umuman, “Yoshlik-1” va “Qalmoqqir” konlarida 45 million tonna mis, 5 ming tonnadan ziyod oltin zaxirasining borligi, ushbu zaxira sanoatga kamida 100 yilga yetadigan kafolatli xomashyo bazasi bo‘lishi ta’kidlandi. Konlardagi molibden, selen, tellur, reniy kabi noyob metallar yangi innovatsion yo‘nalishlardagi loyihalar uchun mustahkam zamin yaratadi.
3-mis boyitish fabrikasi to‘liq ishga tushganidan keyin Olmaliq kombinatida mis konsentratining kunlik hajmi hozirgi 2 ming 400 tonnadan 5 ming tonnaga oshadi. Shu bilan birga, loyiha doirasida 6 mingdan ziyod yoshlar yuqori daromadli ish joyiga ega bo‘ladi. Fabrikada AQSh, Germaniya, Rossiya, Xitoy va Finlyandiyaning tog‘-kon sanoatidagi eng ilg‘or texnologiyalari joriy qilinmoqda. Barcha texnologik jarayonlar raqamlashtirilib, sun’iy intellekt asosida yagona boshqaruv tizimiga ulanadi. Bularning hisobiga energiya sarfi 10 foizga, tannarx 15 foizga kamayadi, mehnat unumdorligi esa 10 foizga oshadi.
Bundan tashqari, qiymati 2,5 milliard dollarlik yangi mis eritish zavodini barpo etish bo‘yicha ishlar ham boshlangan.
Umuman, ushbu 2 ta yirik quvvat hisobiga mis katodi ishlab chiqarish yillik hajmi 148,5 ming tonnadan 300 ming tonnaga, oltin 20 tonnadan 33 tonnaga, kumush 161 tonnadan 203 tonnaga, molibden 850 tonnadan 1,7 ming tonnaga yetishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, uran qazib olish va kimyo sanoati uchun zarur xomashyo bo‘lgan sulfat kislotasini ishlab chiqarish 3 karra oshadi.
Prezidentimiz bu ko‘rsatkichlarni yana 1,5 karra oshirishga xizmat qiladigan 4-misni boyitish fabrikasi bo‘yicha loyihaoldi ishlar jadal ketayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston 2030 yilga qadar ishlab chiqarishni oltinda 175 tonnaga, kumushda 500 tonnaga, uranda 15 ming tonnaga, misda 500 ming tonnaga yetkazishni maqsad qilgan. Bu borada amalga oshirilayotgan 22 milliard dollarlik loyihalar doirasida yaratiladigan 40 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rinlari yoshlarimiz uchun katta imkoniyat bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari fabrikani qurishda faol ishtirok etayotgan barcha ishchi-xodimlar, quruvchi va mashinistlar, muhandis va texnologlar, geolog va konchilar, o‘zining tajribasi va kasbiy salohiyati bilan yoshlarga ustozlik qilayotgan faxriylar, loyihaga o‘z hissasini qo‘shayotgan xorijiy hamkorlarga chuqur minnatdorchilik bildirdi. Fabrikaning yangi mehnat jamoasiga esa kelgusi ishlarida ulkan zafarlar tiladi.
Kombinat ishchilari, mehnat faxriylari, professor-o‘qituvchilar bilan muloqot bo‘ldi.
Marosim yakunida davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, fabrika faoliyatiga start berdi.
Izoh qoldirish