Prezident Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan ehtiyojmand oilalarga daraxt ko‘chatlari bepul yetkazilmoqda

Prezident Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan  ehtiyojmand oilalarga daraxt ko‘chatlari bepul yetkazilmoqda

Xususan, hududlarda bog‘lar yaratish, yo‘l bo‘y hamda bo‘sh va qarovsiz yerlarda daraxtlar ekish, “yashil belbog‘lar” barpo etish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi boshlab yuborilgan.

Jumladan, Prezident Xalq qabulxonasi rahbariyati tashabbusi bilan joylarda “Xalq qabulxonalari bog‘”lari yaratilmoqda. Misol uchun, Qashqadaryo viloyati hokimligi, o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi hamkorligida Qarshi shahridagi 7 gektar bo‘sh maydonda “Xalq qabulxonasi bog‘i”ni tashkil etishga kirishildi. Buning uchun chinor, eman, arg‘uvon (bagryannik), qarag‘ay, hind sireni, pavloniya, akatsiya kabi 12 turdagi 2,5 ming tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari keltirildi. Ko‘pning kuchi birlashib, qisqa vaqtda 5 gektar yerga 2,5 ming daraxt ko‘chatlari ekildi, hududdagi mavjud sug‘orish tizimi ham yangilanyapti.

Yoki Toshkent viloyati Prezident Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan 1 gektar maydonga 300 tup archa, 150 tup manzarali va 500 tup mevali (olma, olxo‘ri, gilos, o‘rik, anjir, yong‘oq) daraxt ko‘chatlari ekilib, katta bog‘ yaratildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan esa sektor rahbarlari hamda tumandagi davlat idora va tashkilotlari xodimlari bilan hamkorlikda Amudaryo tumanida “To‘lqin”, “Choyko‘l”, “Qipchoq”, “O‘rta qal’a” OFYlari va “Uyshin”, “Daryo bo‘yi”, “Beshtom” mahallalarining yo‘l bo‘ylariga 3 mingdan ziyod mevali va manzarali daraxtdar ekildi.

Aynan shunday hayrli ishlar Buxoro viloyatida ham amalga oshirildi. Jumladan, Kogon, Jondor va Romitan tumanlarida 2 gektardan oshiq yerda “Xalq qabulxonasi bog‘”lari tashkil etildi. Prezident Xalq qabulxonasi, sekotr rahbarlari, jamoat faollari bilan hamkorlikda 13 mingga yaqin manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari, uzum toklari ekildi. Kelgusida viloyatning boshqa hududlarida ham yana 4 mingta manzarali va 5 mingta mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish rejalashtirilgan.

Ushbu ko‘kalamzorlashtirish va bunyodkorlik ishlarida yuzlab mas’ullar, nuroniylar, yoshlar, ishchilar, ko‘nglli hasharchilar o‘z hissasini qo‘shdi. Bu kabi “Xalq qabulxonasi bog‘”larining yaratilishi barcha hududlarda davom etmoqda.

Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev tashabbusi bilan yana bir hayrli ishga qo‘l urildi. Jumladan, yashash sharoiti og‘ir bo‘lgan yuzlab extiyojmand xonadonlarga tomorqadan samarali foydalanishga ko‘maklashish maqsadida minglab mevali daraxt ko‘chatlari bepul yetkazib berildi.

Xususan, Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi 5 yuzga yaqin ehtiyojmand oilalarga 3 mingdan ziyod ko‘chatlar (olma, gilos, olcha, tut) yetkazib berilib, o‘sha kunning o‘zida ekish ishlari boshlab yuborildi. Bundan tashqari, Prezident Xalq qabulxonasi rahbariyati homiyligida keltirilgan 7 mingdan ortiq tut ko‘chatlari tumanlar kesimida taqsimlanib, joylarga yetkazib berildi.

Misol uchun, Ko‘kdala tumanida yashovchi 30dan ortiq ehtiyojmand oilalar xonadonlariga 500 dan ziyod ko‘chatlar olib kelinib, tuman Xalq qabulxonasi va “mahalla yettiligi” xodimlari tomonidan fuqarolarning tomorqalariga ekilishi ta’minlandi.

Yoki Toshkent viloyati Xalq qabulxonasi tomonidan “Yashil makon” dasturi doirasida Nurafshon shahar “Evalak” MFYda yashovchi ijtimoiy holati og‘ir bo‘lgan Xaitov Baxtiyorning xonadoniga 90 dona terak, 30 dona anor, olxo‘ri mevali daraxt ko‘chatlari ekib berildi. Shuningdek, mahallaning Shijoat va Shijoat tor ko‘chalariga 60 dona mevali daraxt ko‘chatlari o‘tkazildi.

Angren shahrida yashovchi Maxmutova Azadaning tomorqasiga ham 100 dona terak, 10 dona mevali daraxt, 80 dona gul va rayxon ko‘chatlari ekildi.

Prezident Xalq qabulxonasi jamoasining bu boradagi hayrli ishlari davom etmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar