Qishloqning yarim asrlik muammosi hal etildi

Qishloqning yarim asrlik muammosi hal etildi

“Obod qishloq” dasturi bu yil Marhamat tumani “Birlik” mahallasida yashayotgan 3 ming 200 nafardan ziyod aholi hayotida ham yangi davrni boshlab berdi. Mahalla guzaridan sport o‘yingohigacha, yo‘llardan to elektr-u suv tarmoqlarigacha – barchasi yangilanmoqda. Asosiy maqsad – og‘ir sharoitdagi hududlarda mustahkam infratuzilma yaratish, aholi hayotiga bevosita daxldor tizimli masalalarni hal qilish, xalq roziligini ta’minlashdan iborat.

Birlik mahallasidagi tuproq ko‘chalar beton qoplamali yo‘lga aylantirilmoqda. Hozirda 5 ta ko‘chadagi qariyb 1,4 km. beton yo‘l qurish ishlari yakunlandi. Bundan tashqari, 3,5 km. yo‘lga tosh-shag‘al to‘shaldi, 2 km. ko‘cha asfaltlandi. Tekis-ravon ko‘chalar chetlarida piyodalar yo‘laklari barpo qilinib, ko‘chatlar ekilmoqda. Bu esa yosh-u keksani birdek quvontirmoqda.

Bu jarayonda mahalla ahlining eng katta muammosi ham hal qilinib, 5 km. ichimlik suvi quvurlari yangilandi, bitta suv minorasi qurildi. Elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash uchun 100 dan ortiq simyog‘ochlar beton tayanchlarga, 4,5 km. eskirgan elektr tarmoqlari zamonaviysiga almashtirildi.

Bunyodkorlik va obodlik harakati bilan yangi mahalla guzari ish boshladi. E’tiborlisi, bu majmuada avlodlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik hisobga olingan: keksa, o‘rta va yosh avlod uchun mos-u foydali sharoit yaratilgan. Guzardagi sog‘lomlashtirish klubi, mini futbol maydonchasida yoshlar sport bilan mashg‘ul bo‘lsa, so‘lim va bahavo “Otalar choyxonasi” nuroniylar xizmatida.

Dastur doirasida “Birlik” MFYdagi 28-umumta’lim maktabi ham bosh-oyoq yangilanmoqda, 120 o‘rinli qo‘shimcha bino ham qurilmoqda. Maktab to‘liq ishga tushgach, jami 600 nafar o‘quvchini o‘z bag‘riga oladi va bu bilan qamrov 100 foizga oshiriladi. Ayni paytda yangi maktab binosida qurilish-pardozlash ishlari yakuniga yetkazilyapti.

Uyma-uy o‘rganishlar natijasida “Temir daftar”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz insonlar bandligini ta’minlash uchun, avvalo, qishloqda yangi-yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilmoqda. Aytaylik, yaqinda mana bu tikuvchilik korxonasi ish boshlashi bilan mahalladagi 30 ga yaqin xotin-qizlar shu yerda ishli bo‘lishdi. Ayni paytda ular tayyorlayotgan mahsulotlar ichki bozorga chiqarilmoqda.

“Obod mahalla” dasturi Andijon tumani “Sadda tagi” mahallasidagi yo‘l, ichimlik suvi, elektr energiyasi va ijtimoiy infratuzilma bilan bog‘liq ko‘p yillik tizimli masalalarni ham hal qilish imkonini bermoqda.

“Sadda tagi” mahalla fuqarolar yig‘ini tashkil etilganiga salkam yarim asr bo‘lgan esa-da, Andijon shahrining shundoq biqinidagi bu mahallaning biror ko‘chasi asfalt qilinmagan edi. Bu yil mahalladagi barcha tuproq ko‘chalar avval tosh-shag‘alli yo‘lga aylantirildi. So‘ng uning 20 km. qismiga beton qoplandi. Yo‘llar chetlari yashil hududga aylantirilib, yo‘laklar, veloyo‘laklar tashkil etildi. Ko‘chalarga zamonaviy tejamkor yoritkichlar o‘rnatildi.

“Sadda tagi” mahallasida ichimlik suvi va elektr ta’minotida ham muammolar bor edi. Joriy yil avvalida bu boradagi muammolar tahlil qilingach, 2 ta transformator, 291 ta beton tayanch o‘rnatilib, 7.3 km. elektr tarmog‘i yangilandi. Har bir xonadonga obi hayot olib kirish uchun 11.9 km. suv tarmog‘i tortildi.

Bunyodkorlik va obodlik nafasi bu yil “Sadda tagi”ni to‘la qamrab oldi. Dastur doirasida mahalla idorasi uchun ham yangi bino bunyod etilayotgani hududdagi mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va profilaktika inspektori faoliyatini yangi asosda tashkil qilishda yanada qulay sharoit yaratadi.

Avvallari mahalla ahli farzandlarini boshqa qishloqdagi bolalar bog‘chalariga olib borgan bo‘lsa, endi hududning o‘zida davlat xususiy sheriklik asosida 100 o‘rinli zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti bunyod etildi.

“Sadda tagi” mahallasidagi yirik loyihalardan biri 5 qavatli ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirilishi bilan 2 mingta ish o‘rni yaratiladi. Hozirda korxonada qurilish-montaj ishlari yakuniga yetkazildi, xorijdagi ilg‘or tajribalar asosida zamonaviy jihozlar olib kelib o‘rnatildi. Asosan trikotaj mahsulotlirini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlirining 90% eksportga yo‘naltiriladi.

Muxtasar aytganda, joriy yilda Andijon viloyatidagi iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli nisbatan og‘ir 72 ta qishloq-mahalladagi 44,6 km. yo‘lga tosh-shag‘al, 30,4 km. yo‘lga asfalt, 33 km. beton qoplamasi yotqizildi, 221 km. ichimlik suvi tarmog‘i tortildi, 55 dona ichimlik suvi inshooti qurildi-ta’mirlandi, 42 ta transformator yangilandi, 125 km. elektr tarmog‘i tortilib, 38 mingta simyog‘ochlar beton ustunlarga almashtirildi.

Shuningdek, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari asosida viloyatdagi ijtimoiy soha ob’yektlarining 35 tasida qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangan bo‘lsa, yana 49 ta ob’yektda bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Andijonning olis va chekka qishloqlari ham butkul yangi qiyofaga kirayotgani, qishloq hayotidagi o‘zgarishlar odamlarning kundalik hayotida o‘z ifodasini topayotgani esa davlatimiz rahbarining “Xalqimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni aynan bugun ko‘rishi kerak”, “Inson qadri uchun” g‘oyalarining real hayotdagi yana bir amaliy ifodasi bo‘lmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar