2016-2021 yillarda O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi o‘sdi. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallariga bo‘lgan talab nafaqat mahalliy balki, jahon bozorlarida ham o‘sib bormoqda.
Qurilish materiallari sohasida yangi yo‘nalishlar rivojlantirilib, bunga xorijiy investorlar keng jalb qilindi. Yetakchi xorijiy davlatlar qurilish sohasining rivojlanish tendensiyasidan kelib chiqib, yangi qurilish materiallarini o‘zlashtirish va sohaga innovatsiyani jalb qilishga alohida e’tibor qaratildi, deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ilmiy xodimi Shohrux Bobojonov o‘zining mualliflik maqolasida.
Ma’lumki keyingi yillarda yurtimizda ulkan bunyodkorlik-qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlari shaharu qishloqlarda jadal olib borilmoqda. Shu bilan bir qatorda yildan-yilga energiya tejamkor, import o‘rnini bosuvchi, innovatsion va yangi turdagi qurilish materiallariga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda. Xususan, qurilish materiallariga bo‘lgan talab nafaqat mahalliy balki jahon bozorlarida ham kun sayin o‘sib boryapti. Ushbu yuqori ichki talabga mos ravishda yurtimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi so‘nggi yillarda sezilarli darajada oshdi. Bundan tashqari qurilish materiallari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, mahsulot turini ko‘paytirish maqsadida, mazkur sohada yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Mamlakatimizda nechi xil turdagi qurilish materiallari ishlab chiqariladi?
Tarmoq korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish va ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish, mahalliy xom ashyo resurslarini qayta ishlash sohasida ijobiy natijalarga erishilmoqda. So‘nggi raqamlarga nazar soladigan bo‘lsak, 2020 yilda qurilish materiallari sohasidagi korxonalar tomonidan jami 22 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. 2016 yilda ushbu ko‘rsatkich 6,8 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lib, o‘sish sur’ati 3,2 barobarga yetdi.
Xususan, 2020 yil maboynida 12,5 mln tonna sement (o‘sish 45%), 20,2 mln. kv.m. qurilish oynasi (o‘sish 59,4%), 17,3 mln. kv.m. keramik plitkalar (1,8 barobar), 61 mln. kv.m. gipsokarton (2,1 barobar), 890 ming tonna quruq qurilish aralashmasi (o‘sish 4,8 barobar), 340 ming tonna ohak (o‘sish 13,7%), 2000 o‘ram oboy (o‘sish 89 baravar) o‘sishi ta’minlandi. Ayni kunda yurtimizda 12 yarim mingga yaqin qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yillarda 120 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 180 tadan oshib ketdi.
Valyuta bozorini liberallashtirilganligi, boshqa davlatlar bilan hamkorlikni kengayganligi va ochiq siyosat olib borilayotganligi, mahalliy va xorijiy investorlarga keng yo‘l ochilganligi, bir qancha imtiyozlar va sharoitlar yaratilib, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligi hamda bank sektori rivojlanib, imtiyozli kreditlar ko‘payganligi sababli qurilish materiallari sohasida ham o‘tgan besh yilda katta siljishlar bo‘ldi.
Xususan, 2016 yildan 2021 yilgacha 7 385 ta investitsiya loyiha bo‘yicha 5 386 mln dollar o‘zlashtirildi:
- 2016 yilda jami 668 ta loyiha bo‘yicha 360,2 mln dollar;
- 2017 yilda jami 690 ta loyiha bo‘yicha 560,0 mln dollar;
- 2018 yilda jami 686 ta loyiha bo‘yicha 749,6 mln dollar;
- 2019 yilda jami 866 ta loyiha bo‘yicha 1332,6 mln dollar;
- 2020 yilda jami 761 ta loyiha bo‘yicha 1820,0 mln dollar.
Shuningdek, 2021 yilda ham tasdiqlangan Investitsiya dasturiga asosan qurilish materiallari sohasida umumiy qiymati 2 130,0 mln dollar bo‘lgan 790 ta yirik istiqbolli loyihalar bo‘yicha 1 701,1 mln dollar o‘zlashtirish belgilangan. Bundan tashqari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida ham investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallari jahon bozoriga chiqariladi
Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallariga bo‘lgan talab nafaqat mahalliy balki, jahon bozorlarida ham o‘sib bormoqda. Ayniqsa, gipsokarton, issiqlik saqlovchi shisha momig‘i, ohak, keramik plitkalar, gips kabi mahsulotlar eksporti yildan-yilga ortmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2016 yilda 55,3 mln dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 257 mln dollarga yetkazildi va o‘sish 4,6 barobarni tashkil qildi. 2021 yilda esa 270 mln dollar miqdoridagi qurilish materiallari jahon bozoriga chiqarish rejalashtirilgan.
Xususan, o‘tgan davr mobaynida 28,9 mln dollarlik sement, 19 mln dollarlik alyumin va PVX profillar, 14,2 mln dollarlik keramik plitka, 12,8 mln dollarlik quruq qurilish aralashmalari, 7,7 mln dollarlik ohak, 7,1 mln dollarlik gipsokarton, 3,5 mln dollarlik oboy kabi qurilish materiallarining eksporti amalga oshirildi.
Eksport qilingan an’anaviy bozorlar Qozog‘iston (keramik plitkalar, ohak, gipsokarton, issiqlik saqlovchi shisha momig‘i(steklovolokno) va boshqa mahsulotlar), Qirg‘iziston (keramik plitkalar, bezakli oyna, ohak va boshqa mahsulotlar), Turkmaniston (gipsokarton, gips, lenoleum, lak-bo‘yoq, qog‘oz mahsulotlari), Afg‘oniston (gipsokarton, gips, banka va butilkalar, qog‘oz mahsulotlari) kabi mamlakatlar hisoblanadi.
E’tiborlisi, eksport geografiyasi 2019 yil yakunidan boshlab Ozarbayjon (keramik plitkalar, gulqog‘oz, issiqlik saqlovchi oyna momig‘i(steklovolokno), qog‘oz mahsulotlari), Turkiya (vermikulit, mis va PVX truba va fitinglar), Rossiya Federatsiyasi (keramik plitkalar) va Ukraina (issiqlik saqlovchi oyna momig‘i (steklovolokno), truba va fitinglar, banka va butilkalar kabi mahsulotlar) kabi mamlakatlar hisobiga yanada kengaydi.
O‘tgan 2020 yilda 467,6 mln dollarlik 45 turdagi qurilish materiallari import qilingan bo‘lib, 2019 yilga nisbatan bu ko‘rsatkichni 14,2 foizga kamayishiga erishildi.
Jumladan, ushbu davrda 130,9 mln dollarlik 2,5 mln tonna sement, 38,2 mln dollarlik 5,2 mln o‘ram oboy, 32,9 mln dollarlik 11 mln. kv.m. qurilish oynasi, 31,8 mln dollarlik 17,8 ming tonna lak-buyoq mahsulotlari, 28,4 mln dollarlik 21,9 ming tonna olovbardosh g‘isht, 21,8 mln dollarlik 4,2 mln. kv.m. keramik plitkalar, 21,4 mln dollarlik 10,1 ming tonna PVXdan quvur va fitinglar kabi qurilish materiallari import qilingan.
2017 yil yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan texnik audit natijalariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 22 dekabrdagi PQ-2692-sonli “Sanoat tarmoqlari korxonalarining jismoniy ishdan chiqqan va ma’naviy eskirgan mashina-uskunalarini jadal yangilash, shuningdek, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq uyushma tarkibidagi korxonalar tomonidan 2020 yilda umumiy qiymati 208,5 mln dollarlik 27 ta ma’naviy va jismoniy eskirgan asbob-uskunalarni zamonaviy energiya tejamkoriga almashtirish rejalashtirilgan edi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra 2020 yilning yanvar-dekabr oylarida uyushma tarkibidagi korxonalarda qiymati 221,8 mln dollar bo‘lgan 20 ta asbob-uskunalar yangilandi va almashtirildi.
Qurilish materiallarini eksport qilinishida uning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida 2021 yilda 505 ta, jumladan, avtoklav gazobeton yoki ochiq tuzilishli yengil to‘ldirgichdan yig‘ma temirbeton elementlar, bruschatka va bordyurlar, issiqlik izolyasiyalash materiallari va mahsulotlari, beton va tegishli mahsulotlar, markaziy isitish va markaziy sovutishning yig‘ma tizimlari, binolar va qurilish komponentlarining issiqlik tavsiflari, qurilish oynasi bo‘yicha xalqaro EN standartlar qabul qilinadi.
Qurilish materiallari tarmog‘i iqtisodiyotning “drayver” sohalaridan biriga aylanadi
Shu bilan birga, 2021 yilda tosh, gips va keramikadan tayyorlangan mahsulotlar xavfsizligi to‘g‘risida, temir-beton, beton konstruksiyalar xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar, keramik sanitar-texnik mahsulotlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari bo‘yicha umumiy texnik reglamentlar hamda polimerlar va ulardan olinadigan mahsulotlarning xavfsizligi to‘g‘risida maxsus texnik reglamentlarini qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga sifatli va xavfsiz yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarishga joriy qilish maqsadida qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha 2019 yilda 340 ta va 2020 yilda 626 ta xalqaro standartlar qabul qilindi. Shunday qilib, qurilish materiallari tarmog‘i keyingi o‘n yillikda iqtisodiyotning “drayver” sohalaridan bir bo‘lib qoladi.
Xulosa
Xulosa o‘rnida aytganda, keyingi yillarda sohani isloh qilish, korxonalar samaradorligi va salohiyatini oshirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Tarmoqdagi har bir korxona faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, mahsulotlar sifatini oshirish, energiya tejamkor, innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarish hisobiga tannarxni pasaytirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Korxonalarda “raqamli texnologiyalar”ni qo‘llash, inson hayoti uchun xavfli jarayonlarda avtomatizatsiya darajasi oshirildi. Qurilish materiallari sohasida yangi yo‘nalishlar rivojlantirilib, bunga xorijiy investorlar keng jalb qilindi. Yetakchi xorijiy davlatlar qurilish sohasining rivojlanish tendensiyasidan kelib chiqib, yangi qurilish materiallarini o‘zlashtirish va sohaga innovatsiyani jalb qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, o‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda qurilish materiallari sanoati zamonaviy, modernizatsiyalashtirilgan, texnik va texnologik jihatdan jihozlangan, energiya tejovchi, iqtisodiy barqaror, raqobatdosh tarmoqqa aylandi. Kompaniyada erishilgan salmoqli natijalar esa ko‘plab xorijiy mutaxassislaru ekspertlar tomonidan o‘z e’tirofini topayotgani buning yaqqol tasdig‘idir.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
yetakchi ilmiy xodimi Shohrux Bobojonov
Izoh qoldirish