Markaziy Bank, Coliq va Bojxona qo‘mitalari hamda Respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan taqdim etilgan tezkor ma’lumotlarga asoslanib, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilchilari har oyda O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama tahlil qilib boradi.
Tadbirkorlik faoliyatini o‘rganishga kompleks yondashuv barqaror iqtisodiy muhitni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Bu nafaqat hududiy miqyosda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida tadbirkorlik rivojlanishini har tomonlama tahlil qilish, balki mamlakatning iqtisodiy dinamikasiga ta’sir etuvchi fundamental qonuniyatlarni aniqlash imkonini beradi. Shu nuqtai nazardan, soliq tushumlarini baholash alohida ahamiyatga ega, chunki ular iqtisodiy faollik, investitsion jozibadorlik va tadbirkorlik tashabbusining ko‘rsatkichidir.
Monitoring natijalariga ko‘ra, 2025 yil mart oyidagi respublikada soliq tushumlari 2024 yilning shu davriga nisbatan 19,6%ga o‘sib, ijobiy dinamikani ko‘rsatmoqda. Ushbu o‘sish tadbirkorlik faolligining mustahkamlanganini tasdiqlaydi, bu esa tadbirkorlarning davlatning iqtisodiy siyosatiga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganini, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi va tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganidan dalolat beradi.
Soliq tushumlarining hududiy tarkibi tahlili natijasida bir qator ijobiy tendensiyalar aniqlandi. Toshkent (49,5%), Namangan (40,0%), Andijon (39,9%), Sirdaryo (35,3%), Buxoro (34,1%), Farg‘ona (33,0%) viloyatlarida, shuningdek, poytaxtda 49,6%ga sezilarli o‘sish qayd etildi. Ushbu ko‘rsatkichlar hududlarda tadbirkorlikning faol rivojlanayotganidan, investitsiya faolligi va aholi bandligining o‘sayotganidan dalolat beradi.
Shunday qilib, daromad solig‘i tushumlari 20,3%ga oshdi, bu bevosita aholi bandligining kengayishi, ish haqining oshishi va fuqarolarning xarid qobiliyatining ortganidan dalolat beradi. Ushbu ko‘rsatkich barqaror iqtisodiy o‘sish konsepsiyasiga mos keladigan ish o‘rinlarini yaratish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi davlat siyosatining samaradorligini tasdiqlaydi.
Mulk solig‘i 21,1%ga oshdi, bu ko‘chmas mulk bozorining barqarorligini va aktivlar qiymatining o‘sishini aks ettiradi. Ushbu tendensiya sohaning yuqori investitsion jozibadorligini ko‘rsatib, qurilish va infratuzilmani rivojlantirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari samaradorligini tasdiqlaydi. O‘z navbatida, yer solig‘i tushumlarining 11,1%ga o‘sishi yangi hududlarning iqtisodiy aylanmaga jalb qilish bilan bog‘liq bo‘lib, bu qishloq xo‘jaligi, sanoat va logistika infratuzilmasining faol rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida ham sezilarli o‘sish kuzatildi: bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 15,0%ga oshdi. Ushbu ko‘rsatkich xalqaro savdo hajmining o‘sishi, mamlakatning eksport salohiyatining kengayishi va jahon iqtisodiy jarayonlarga integratsiyaning kuchayishini tasdiqlaydi. Ayniqsa, bojxona tushumlarining yuqori o‘sish sur’atlari Sirdaryo viloyatida 190,0%ga qayd etildi, shuningdek, Navoiy viloyatida (+42,8%) o‘sdi. O‘rtacha, ammo barqaror o‘sish Namangan (16,1%), Surxondaryo (13,4%) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (39,5%) va Toshkent shahrida (18,7%) kuzatildi.
Bojxona tushumlarining oshishi bir qator asosiy tovar yo‘nalishlari bo‘yicha import qilinadigan mahsulot hajmining o‘sishi bilan bog‘liq. Texnologik asbob-uskunalar, oziq-ovqat mahsulotlari, plastmassa va kauchuk mahsulotlari, kimyo sanoati mahsulotlari, yog‘och va karton mahsulotlari, qog‘oz va qog‘oz mahsulotlari, tosh, keramika va shisha buyumlar, mineral mahsulotlar, tamaki mahsulotlari va o‘simliklar va ularni qayta ishlangan mahsulotlar toifalarida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
2025 yilning uchinchi oyida tovarlar eksporti ijobiy dinamikani davom ettirdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,1%ga o‘sdi. Eksport ta’minotining o‘sishi mamlakatning xalqaro bozorlardagi mavqeini mustahkamlanganidan, eksport qilinadigan tovarlar turi kengayib borayotganidan va milliy mahsulotlarning raqobatbardoshligi oshganidan dalolat beradi. Eksportning eng salmoqli o‘sishi Surxondaryo (124,3%), Samarqand (55,8%), Buxoro (25,4%), Namangan (11,0%) viloyatlari va Toshkent (10,0%) shaharlarida qayd etildi. Hududlarda tashqi savdo operatsiyalarining o‘sishi ishlab chiqarish bazasining diversifikatsiyasi va korxonalarning global ta’minot zanjirlariga faol jalb qilinishidan dalolatdir.
Shu bilan birga, kreditlash hajmining sezilarli darajada oshgani kuzatildi, bu investitsiya faolligining muhim ko‘rsatkichidir. 2025 yil mart oyida berilgan kreditlar hajmi 2024 yilning shu davriga nisbatan 53,7%ga oshdi. Kreditlar berishning sezilarli darajada o‘sishi Sirdaryo (115,2%), Namangan (60,3%), Surxondaryo (54,1%), Andijon (46,6%), Navoiy (38,8%), Qashqadaryo (36,4%), Xorazm (32,1%), Jizzax (30,1%) viloyatlarida va Toshkent (70,8%) shahrida qayd etildi. Kredit resurslarining mavjudligi tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va iqtisodiyotning turli tarmoqlariga innovatsion yechimlarni joriy etishga yordam beradi.
Xususiy sektorning faol rivojlanayotganini yangi tadbirkorlik sub’yektlari sonining sezilarli darajada oshgani tasdiqlaydi. 2025 yil mart oyi davomida 19 425 ta yangi korxona ro‘yxatga olindi, bu qulay ishbilarmonlik muhiti va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. Eng ko‘p yangi sub’yektlar Toshkent (1913), Xorazm (1722), Farg‘ona (1670), Samarqand (1416), Qashqadaryo (1170), Buxoro (1169), Surxondaryo (1123) viloyatlari va Toshkent (4459) shahrida ro‘yxatga olingan. Ushbu ko‘rsatkichlar hududlarning ishbilarmonlik faolligi va investitsion jozibadorligini sezilarli darajada ekanligini tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, tovar birjasi savdosi sohasida ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 30,8%ga o‘sdi, bu bozor likvidligi oshganidan va tadbirkorlarning birja savdolariga bo‘lgan qiziqishi ortganidan dalolat beradi. Savdo hajmining eng yuqori o‘sishi Qashqadaryo (113,8%), Surxondaryo (80,2%), Jizzax (67,5%), Sirdaryo (36,2%), Samarqand (31,1%), Toshkent (25,7%), Navoiy (24,2%), Buxoro (21,1%) viloyatlarida qayd etildi.
Samarali kreditlash va moliya bozorlarini faol rivojlantirish iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, birja operatsiyalarining o‘sishi va kreditlash hajmining o‘sishi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlaydigan va investitsiyalarni jalb qiladigan barqaror moliyaviy infratuzilmani yaratishga yordam beradi.
Sultonmurod Ozodov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish