Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ko‘chmas mulk bozoridagi talab o‘zgarishlarini muntazam ravishda tahlil qilib boradi.
Yanvar oyida o‘zbekistonliklar orasida ko‘chmas mulk sotib olishga talab oshdi. Shu bilan birga, ikkilamchi bozorda uy-joy narxi 1%ga ko‘tarildi.
Yanvar oyida 18 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari ro‘yxatga olindi, bu 2022 yil dekabr oyiga nisbatan 19,7%ga ko‘pdir.
Eng yuqori o‘sish sur’atlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 3 baravar, Namangan – 78,3% va Sirdaryo – 68% viloyatlarida qayd etildi.
2022 yil yanvar oyiga nisbatan uy-joy oldi-sotdi shartnomlarining soni 2,7%ga oshdi.
1-rasm. Ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomalari sonining o‘zgarishi, 2018-2023 yillar
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ko‘chmas mulk bozorini qo‘llab-quvvatlashning asosiy vositasi imtiyozli va subsidiyalangan ipoteka kreditlari, shuningdek, davlat dasturlarini rag‘batlantirishga e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning dekabr oyida ehtiyojmand yosh oilalar uchun "Mening birinchi uyim" ipoteka dasturi maqbul shartlar asosida ishga tushirilganini ma’lum qilgan edi. Dastur Toshkent viloyatidan boshlanadi.
Markaziy bank prognoziga ko‘ra, ipoteka kreditlashning yuqori stavkalari 2023 yilda O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori o‘sishining asosiy omili bo‘ladi.
2022 yil yakunlariga ko‘ra, banklar tomonidan aholiga berilgan ipoteka kreditlari hajmi 1,5 baravarga – 9,8 trln. so‘mdan 14,4 trln. so‘mga oshdi. Shu bilan birga, birlamchi va ikkilamchi bozorlarning o‘sishi ham 1,5 baravar – 7,4 trln. so‘mdan 10,8 trln. so‘mga va mos ravishda 2,4 trln. so‘mdan 3,6 trln. so‘mga yetdi.
Toshkentda uy-joy ijarasi narxlarining o‘zgarishi
Yanvar oyida poytaxtda ijaraning o‘rtacha narxi deyarli o‘zgarmadi va 2022 yil dekabr oyida 1,4%ga biroz pasaygan holda 1 kv.m. uchun 10,1 doll.ni tashkil etdi.
Ijaraning eng yuqori narxlari poytaxtimizning Shayxontohur (15,7 doll.), Yakkasaroy (11,8 doll.) va Mirobod (12,2 doll.) tumanlarida qayd etildi.
Ijaraning nisbatan past narxlari Uchtepa (8 doll), Sergeli (6,9 doll) va Bektemir (6 doll) tumanlarida qayd etildi.
Shu bilan birga, 2022 yilning mos davriga kelib, Toshkent shahrida ijaraning o‘rtacha narxi deyarli 25%ga oshdi. O‘tgan yilning yanvar oyidan buyon uy-joylarni ijaraga berish bo‘yicha eng yuqori o‘sish sur’atlari Shayxontohur (56,7%), Sergeli (29,9%) va Chilonzor (25,8%) tumanlarida qayd etilgan.
Ikkilamchi ko‘chmas mulk bozori
Hisob-kitoblarga ko‘ra, respublikada yanvar oyida ikkilamchi uy-joy bozorida 1 kv.m. uchun uy-joy narxining o‘rtacha o‘sishi oyiga 0,9%ni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yil yanvar oyidan buyon 20,2%ga o‘sdi.
Yil boshidan buyon Navoiy – 29,3% va Farg‘ona – 29% viloyatlarida va Toshkent – 28,3% shahrida uy-joy narxining sezilarli o‘sishi kuzatildi.
Toshkent shahrida ikkilamchi bozorda yanvar oyida narxlarning o‘sishi oyiga 1,9%ni tashkil etdi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Yunusobod – 2,9%, Olmazor – 2,8% va Shayxontohur tumanlarida - 2,7% qayd etildi.
2-rasm. Toshkent shahri va hududlar ma’muriy markazlarida ikkilamchi uy-joy narxlarining o‘zgarishi (1kv.m. uchun AQSh dollarida)
2022 yil yanvar oyidan boshlab Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 28,3%ga oshdi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori sharhi – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan o‘tkaziladigan yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, unda turar-joy ko‘chmas mulki savdosi dinamikasi, uy ijarasi narxlarining o‘zgarishi va ikkilamchi ko‘chmas mulk bozoridagi savdo dinamikasi aks ettiriladi.
Joriy yilning yanvar oyidan boshlab ma’lumotlarni qarama-qarshi jihatlardan tozalash usuli takomillashtirildi. Yangilangan ma’lumotlar olingani bois dekabr uchun baholash qayta ko‘rib chiqildi.
Izoh qoldirish