O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholarida

O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholarida

2024 yil avgust oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida biroz pasayish tendetsiyasi kuzatildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tahliliga ko‘ra, avgust oyida ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni iyul oyiga nisbatan 3,5%ga kamayib, 22,2 mingtani tashkil etdi.

Yillik hisobda ko‘chmas mulk bozorida faollik sezilarli pasayib, o‘tgan yilga solishtirganda uy-joy savdosi bilan bog‘liq shartnomalar soni 20,8%ga kamaygan.

Hududiy dinamika

2024 yil avgust oyida hududlar kesimida ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk bitimlari sonida eng katta pasayish Sirdaryo (22,6%), Xorazm (13,2%) viloyatlari va Toshkent shahrida (9,7%) qayd etildi.

Shuningdek, yillik hisobda faollikning pasayishi Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida keskinroq qayd etilib, ko‘chmas mulk bozorida bitimlar soni mazkur hududlarda 30 foizdan yuqoriroq kamaygan.

Ikkilamchi bozordagi uy joy narxlari

Joriy yilning avgust oyida respublika bo‘yicha ikkilamchi bozor uy-joy narxlari o‘rtacha 0,7%, yillik hisobda esa (o‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan) 9,7%ga oshdi.

Hududlar kesimida ikkilamchi bozor uy-joy narxlari sezilarli darajada Xorazm (21,4%), Surxondaryo (14,6%), Buxoro (13,4%) va Qashqadaryo (13,3%) viloyatlarila ko‘tarilgan.

Toshkent shahri ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar o‘tgan 2 oydagi pasayishidan so‘ng avgustda barqarorlashdi: uy-joy narxi 0,2 foizga ko‘tarilib, bir metr kvadrat uchun 1 128 dollarni tashkil etdi.

Poytaxtning aksariyat tumanlarida ikkilamchi uy-joylar narxi o‘zgarishsiz qoldi; faqat Mirobod va Olmazor tumanlarida narxlar mos ravishda 1,7% va 1,3%ga qimmatlashdi.

Toshkentning yana uchta tumanida narxlar biroz pasaydi - Shayxontohurda - 1,1%, Sergelida – 0,9% va Chilonzorda – 0,6%.

Yillik hisobda Toshkentda ikkilamchi uy-joylar narxining o‘sishi 4,2 foizni tashkil etdi.

Uy-joy ijara bozori

2024 yil avgust oyida Toshkent shahrida uy-joy ijara narxlarining o‘tgan ikki oydagi pasayishidan so‘ng barqarorlashuvi kuzatilmoqda. Ijara o‘rtacha narxi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarmagan - 1 metr kvadrat uchun 8,3 dollar. Solishtirish uchun ijara narxlari iyulda 0,6%ga, iyunda 1,2%ga pasaygan.

Bu turli omillar, jumladan, ijarachilar faoliyatidagi mavsumiy tebranishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Toshkent shahri tumanlari kesimida ijara narxidagi farqlar keskin o‘zgarmagan. Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqori bo‘lib, ijara narxi 10 dollar atrofida.

Bektemir va Sergeli tumanlarida ijara narxlari nisbatan arzon shakllanib, o‘rtacha 6 dollarni tashkil etdi.

O‘tgan yilning avgust oyiga solishtirganda Toshkent shahrida ijara narxlari 7,3%ga pasaygan. Bu esa bozorning ushbu segmenti umumiy pasayish tendensiyasi saqlanib qolayotganligini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga yil davomida ijara narxining sezilarli pasayishi Yakkasaroy (14,8%), Yashnobod (13,3%), Shayxontohur (11,5%) va Yunusobod (10%) tumanlarida kuzatildi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozori Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tadqiqot yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, unda birlamchi va ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorlaridagi faollik dinamikasi taqdim etib boriladi

Jaloliddin Usmonov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

tel: (78) 150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar