Rossiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari ogohlikka chaqirildi

Rossiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari ogohlikka chaqirildi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga tayanib xabar berishicha, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va ommabop messenjerlarda Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi chegara ochilgani hamda Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston hududi orqali Vatanimizga qaytishlari mumkinligi haqidagi yolg‘on xabarlar tarqalmoqda. Bundan tashqari, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan ayrim shaxslar Rossiya-Qozog‘iston chegarasiga odamlarni yetkazib qo‘yish va chegarani kesib o‘tishda “yordam berish”ni va’da qilib, turli e’lonlar tarqatmoqda.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi vatandoshlarimizdan bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonmasliklarini so‘rab qoladi. Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘istonda joriy etilgan karantin choralari, shu jumladan mamlakatlarga kirish bo‘yicha cheklovlar o‘z kuchida qolmoqda.

Afsuski, shu kunlarda Samara viloyatidagi Bolshaya Chernigovka qishlog‘i, Orenburg viloyatidagi Buzuluk tumani va Sol-Iletsk shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining yana to‘planishi kuzatilmoqda. Ularning ko‘pchiligi, yolg‘on xabarlarga ishonib, Rossiyaning turli hudularidan kelgan va Qozog‘iston orqali Vatanimizga qaytish istaginini bildirmoqda.

Koronavirus infeksiyasi tarqalayotgan bir paytda fuqarolarning bir joyda to‘planishi ularning virus bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Bunday holat ayniqsa qariyalar, kasallar, doimiy kasalligi bor fuqarolar uchun nihoyatda xavflidir.

Yana bir bor, Rossiya hududidagi vatandoshlarimizdan turli yolg‘on xabarlar va mish-mishlarga ishonmasliklarini, Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegara punktlariga borishga urinmaslik, hozirgi yashash joylarida qolib, karantin choralariga qat’iy rioya qilishlarini so‘rab qolamiz, deyiladi xabarda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar