Samarqand viloyatida turizmni rivojlantirish uchun 30 mln dollar ajratiladi

Samarqand viloyatida turizmni rivojlantirish uchun 30 mln dollar ajratiladi

Prezidentning 22.09.2021 yildagi “Samarqand viloyatida keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini yanada jadallashtirish hamda turizm salohiyatini oshirish maqsadida amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga asosan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasiga (keyingi o‘rinlarda - Jamg‘arma) 30 mln. dollar miqdoridagi kreditni ajratadi. U 5 yil muddatga, 2 yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda, yillik 3% stavka bo‘yicha ajratiladi.

Samarqand viloyati hokimligi kreditdan maqsadli va samarali foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan ijro etuvchi organ hisoblanadi. Kreditni qoplash va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlar Samarqand viloyatining mahalliy byudjeti qo‘shimcha manbalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Samarqand viloyati hokimiga bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Jamg‘arma tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarning manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlash topshirildi.

Shuningdek, belgilanishicha, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan Samarqand viloyati hokimligiga ajratilgan kreditning 2021 yilda so‘ndiriladigan asosiy qismi Prezidentning 2018 yil 16 martdagi PQ-3608-son qaroriga muvofiq 2022 yilga o‘tkaziladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 22.09.2021 yildan kuchga kirdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar