Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oldingi yillardagi o‘sish ko‘rsatkichlari, shuningdek, dunyodagi joriy inqirozli vaziyat, mahalliy bozorda kutilayotgan tendensiyalar ichki iste’mol bozorlari narxlari indeksiga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.
Hisobotga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-dekabr oylarida (o‘tgan yil dekabr oyiga nisbatan) Respublika bo‘yicha o‘rtacha inflyasiya ko‘rsatkichi 12,3%, shundan oziq-ovqat mahsulotlari 15,6%, nooziq-ovqat mahsuloti 10,7%, xizmatlar ko‘rsatish 8,3%ni tashkil etdi.
Jumladan, ushbu davrda Samarqand viloyati bo‘yicha o‘rtacha inflyasiya ko‘rsatkichi 12,3%ni (respublika ko‘rsatkichi 12,3%), shundan oziq-ovqat mahsulotlari 15,9% (respublika ko‘rsatkichi 15,6%ga nisbatan 0,3 punktga ko‘p), nooziq-ovqat mahsulotlari 10,9% (respublika ko‘rsatkichi 10,7% yoki 0,2 foizga ko‘p) hamda xizmatlar ko‘rsatish 7,7% (respublika ko‘rsatkichi 8,3% yoki 0,6 punktga kam)ni tashkil etdi.
Bunda, eng yuqori o‘sish restoranlar va mehmonxonalar xizmatlari 28%ga, dam olish, sport va madaniyat xizmatlari 18,4%ga, sog‘liqni saqlash xizmatlari 15,9%ga, oziq-ovqat mahsulotlari va spirtsiz ichimliklar 15,5%ga va maishiy tovarlar va xizmatlar, ijtimoiy va turli tovarlar hamda boshqa xizmatlar 14,2%ga oshgan.
Shu bilan birga, o‘tgan davrda Samarqand viloyatida ayrim oziq-ovqat mahsulotlarning narxi sezilarli darajada oshgan. Jumladan:
- piyoz – 107,1% (respublikada o‘rtacha 97,8%)ga;
- buxanka noni – 46,8% (respublikada - 54,8%)ga;
- bug‘doy uni – 45,2% (respublikada – 44,5%)ga;
- shakar – 42,6% (respublikada – 43,6%)ga;
- tuxum (10 donasi) – 27,6% (respublikada – 28,3%)ga;
- barcha navdagi guruch – 23,3% (respublikada – 24%)ga;
- sabzi – 22,2% (respublikada – 22,7%)ga.
O‘z navbatida, ushbu davrda o‘tgan yilning dekabriga nisbatan kartoshka narxi 6%ga arzonlashganligi kuzatilmoqda.
Bundan tashqari, Samarqand viloyatida 2022 yilning dekabr oyida o‘tgan noyabr oyga nisbatan iste’mol narxlari indeksi 1,2%ga, shundan oziq-ovqat mahsulotlari 1,8%ga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,7%ga va xizmatlar 0,8%ga o‘sishi kuzatilgan. Bunda, piyoz narhi 6,4%ga, tuxum (10 donasi) 6,2%ga, sabzi 4,7%ga, kartoshka 2,6%ga, buxanka noni 1,5%ga va barcha turdagi guruchlar 1,2%ga yuqori o‘sish darajasi ko‘zatilgan bo‘lsa, shakar narhi 2,7%ga, paxta yog‘i (1 litr) 1,4%ga, tovuq go‘shti (butun) 1,1%ga va kungaboqar yog‘i (1 litr) 0,9%ga arzonlashgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, tuman va shahar hokimliklari aholi ehtiyojlari uchun yetishmaydigan asosiy turdagi iste’mol tovarlarini zahirasini yaratish va muqobil bozorlardan import qilish (xususiy sektorni jalb qilgan holda) orqali ichki bozorni kafolatli ta’minlash hamda inflyasiya ushlab turish va narh-navoni barqaror bo‘lishini ta’minlash yuzasidan zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Izoh qoldirish