3 may kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Ar-Riyod shahrida Saudiya Arabistoni Podshohligining investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, Saudiya Arabistoni hukumati delegatsiyasi shu yil yanvar oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning hayotga tatbiq etilishi atroflicha muhokama qilindi.
Suhbat davomida energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, turizm, transport va logistika sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Energetika va uning infratuzilmasini rivojlantirish sohasiga Saudiya Arabistonining qo‘shimcha investitsiyalarini jalb etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanishicha, joriy yilning mart oyida “ACWA Power” kompaniyasi direktorlar kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi quvvatlarni rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur tasdiqlangan. Dastur Sirdaryo viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy miqdori 3 mlrd dollarga teng bo‘lgan qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Xorijiy tomon Saudiya Arabistoni yirik kompaniyalarining iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati yuqori bo‘lgan mamlakat sifatida O‘zbekistonga qiziqishini ta’kidlab, Saudiya Arabistoni investitsiyalarini qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirishga jalb etish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Shu o‘rinda joriy yilning may-iyun oylari davomida ishbilarmon doiralarning o‘zaro tashriflarini tashkil etish va Toshkent, Ar-Riyod va Jidda shaharlarida qo‘shma biznes-forumlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ikki mamlakat o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lovchi aviaqatnovini yo‘lga qo‘yish orqali o‘zaro sayyohlar oqimlarini ko‘paytirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, har ikki yo‘nalishda ham ziyorat turizmini rivojlantirishning salmoqli salohiyati mavjudligi qayd etilib, tomonlar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada faollashtirishga kelishib oldilar.
Tadbir yakunida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yuzasidan amaldagi sa’y-harakatlar xususida kelishib olindi.
Izoh qoldirish