Xususan, qabullarda Oliy sud mas’ullari ko‘rib chiqqan 81 ta masalaning 14 tasi qanoatlantirildi. Har bir ariza-shikoyat Oliy sud, viloyat sudi rahbarlari va murojaatchi ishtirokida ochiq-oshkora muhokama qilinib, hujjatlar sinchiklab ko‘rib chiqilayotgani adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan taqdimnoma (iltimosnoma)lar asosida axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash jazolarini o‘tayotgan 201 nafar mahkumlar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. 186 nafar mahkumning o‘talmay qolgan jazo muddati yengilrog‘iga almashtirildi, 41 nafar sudlanuvchi esa sud zalidan ozod etildi. Bir qator fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 70 nafar fuqaroning foydasiga aliment undirish yuzasidan sud qarori chiqarildi. Shuningdek, fuqarolarning foydasiga jami 596 million 724 ming so‘m qarzdorlik undirildi.
Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi mas’ullari bilan muloqotlarda 151 ta masala o‘rganilib, ularning 52 tasiga joyida yechim topildi. Jumladan, 10 nafar murojaatchining shikoyatlari asosida 236,6 million so‘mlik haqdorlik, ish haqi, 57 million so‘m aliment puli undirib berildi. Murojaatlar asosidagi o‘rganishlar natijasida ichki ishlar organlarining 13 ta qarori bekor qilindi, 4 nafar tadbirkorning elektr energiyasiga ulanish bilan bog‘liq masalasi hal etildi.
Umuman, Toshkent viloyatida sud-huquq masalalari bo‘yicha tashkil qilingan qabullarda jami 232 ta masala ko‘rib chiqilib, 66 tasi ijobiy hal qilindi. Qo‘shimcha o‘rganish, vaqt talab qiladigan qolgan masalalar bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
Bundan tashqari, joriy yilda Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga viloyat aholisidan kelib tushgan 723 ta jamoaviy murojaatdagi 911 ta masala joyiga chiqilib, tegishli tashkilotlar va “mahalla yettiligi” bilan birga o‘rganilmoqda.
Qabullar barcha viloyatlarda davom etmoqda.
Izoh qoldirish