O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 201-sonli Qaroriga asosan Qashqadaryo viloyatini 2022-2026 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Qashqadaryo viloyatida 2022-2026 yillarda yalpi hududiy mahsulot (YaHM) hajmini 1,5 baravarga, sanoat mahsulotlari hajmini 1,5 baravarga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni 1,2 baravarga, xizmatlar hajmini 2,9 baravarga hamda qurilish ishlari hajmini 1,2 baravarga oshirish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘riladi. Natijada, jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaHM hajmi 13,9 mln so‘mdan 22,1 mln so‘mga oshadi.
Tegishli sohalarni rivojlantirish orqali viloyatning byudjet tushumlari hajmi 3 483 mlrd so‘mdan 5 528 mlrd so‘mga (1,6 baravar o‘sish) yetkaziladi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlar natijasida kelgusi besh yilda jami 51 585 ta yangi kichik biznes sub’yektlari tashkil etiladi. 438,4 ming nafar aholining bandligini ta’minlash orqali viloyatda ishsizlik darajasi 9,2%dan 7,6%ga, kambag‘allik darajasi 50% ga qisqartiriladi.
3 872 ta loyihalar bo‘yicha umumiy qiymati 3 579,2 mln dollarlik investitsiya loyihalari ishga tushiriladi va investitsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangidan 72 ta kichik sanoat zonalari tashkil etiladi.
Hududiy ekport hajmi 1,6 baravarga oshirilgan holda, jami 1,6 mlrd dollarlik mahsulot va xizmatlar eksporti yo‘lga qo‘yiladi.
Kelgusi besh yillikda aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 43,4%dan 68,4%ga, oqova suv tizimi bilan qamrov darajasini 6,3%dan 14,2%ga oshirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan bir qatorda elektr tarmog‘ini yaxshilash maqsadida umumiy uzunligi 61 99,1 km bo‘lgan elektr tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, 1 673 ta transformatorlarni o‘rnatish va ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Viloyatning yo‘l infratuzilma salohiyatini yaxshilash maqsadida umumiy uzunligi 814,9 km bo‘lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini asfaltlash hamda 3 554,3 km ichki xo‘jalik yo‘llarini yaxshilash, 125 ta ko‘priklarni qurish va ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Shu bilan bir qatorda, umumiy qiymati 455,1 mlrd so‘mlik 275 ta issiqlik ta’minoti tizimi ob’yektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan.
Kelgusi besh yillik istiqbolda viloyatda maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 52,1%dan 62%ga oshiriladi, bu borada xususiy sektor tomonidan 57 346 o‘rinli 2 029 ta nodavlat va oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish choralari ko‘riladi. 744 ta umumta’lim maktablarida qurilish rekonstruksiya ishlari olib boriladi. Jumladan, 24 ta yangi umumta’lim maktablari quriladi, 548 ta umumta’lim maktablarida rekonstruksiya, 172 ta umumta’lim maktablarida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Viloyat hududlarida 15 ta yangi sport ob’yektlari quriladi 14 ta sport ob’yektlarida rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib boriladi.
Eldor Zayniddinov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Qashqadaryo viloyat filiali bosh ilmiy xodimi
Izoh qoldirish