Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 13 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini qo‘riqlash va muhofaza qilish tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati hamda Davlat xavfsizlik xizmati rahbarlari ishtirok etdi.
Chegara qo‘shinlari faoliyatining amaliy natijalari hamda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan o‘tgan yil 27 avgust kungi yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosining borishi ko‘rib chiqildi.
Chegara xavfsizligi yanada oshiriladi
Bugungi kunda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi xavfsizligini ta’minlash samaradorligini yanada oshirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Zamonaviy avtomatlashtirilgan chegara nazorati tizimlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, Chegara qo‘shinlari bo‘linmalarining kuch ishlatar, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro uyg‘un hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarini professional tayyorlash sifatini oshirish, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ijtimoiy muhofaza qilish masalalari har tomonlama ko‘rib chiqildi.
Markaziy Osiyo davlatlarining chegara idoralari bilan aloqalarni izchil rivojlantirib borish, turli xalqaro tashkilotlar bilan qo‘shma tadbirlarni ko‘paytirish hamda xorijiy sheriklar bilan chegaraoldi hamkorlikni faollashtirish yuzasidan erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezident boshqa davlatlarga bordi-keldini ko‘paytirish kerakligini ta’kidladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqada savdo, turizm aloqalari va madaniy almashinuvlarni mustahkamlash, odamlarning bordi-keldisini ko‘paytirish maqsadida fuqarolar va xorijlik mehmonlar uchun Davlat chegarasini kesib o‘tishda qulay sharoitlar yaratish muhimligiga e’tibor qaratdi.
Amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilinib, mutasaddi tuzilmalar rahbarlariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Izoh qoldirish