Byudjet xarajatlari samaradorligini oshirish orqali iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish
Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisoboti, 2025 yil 7 oktyabr
Davlat moliyasini boshqarishning ilg‘or usullarini joriy etish byudjet xarajatlari samaradorligini o‘rtacha 33 foizga oshirish imkonini beradi. Ushbu xulosa 174 ta mamlakat ma’lumotlari tahlili asosida shakllantirilgan.
Byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish va ularni oqilona taqsimlash YaIMni 6–11 foizga oshirish imkonini berishi mumkin.
YaIMning 1 foiziga teng mablag‘ni byudjetning joriy xarajatlaridan ta’lim sohasiga qayta yo‘naltirish YaIMni 3–6 foizga, xuddi shunday hajmdagi mablag‘ni infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltirish esa 1,5–3,5 foizga oshirishi mumkin.
Byudjet xarajatlarini qayta ko‘rib chiqish davlat mablag‘larini tejash imkoniyatlarini aniqlashga yordam beradi. Jumladan, Slovakiyada ushbu yondashuvning qo‘llanilishi davlat xarajatlarini 7 foizga qisqartirish imkonini bergan.
Loyihalarning ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligini xarajatlar va foydalar tahlili (cost-benefit analysis) asosida oldindan baholash davlat investitsiya dasturlari natijadorligini oshiradi.
Togoda loyihalarni majburiy baholash tartibining joriy etilishi va ularni moliyalashtirishning o‘rta muddatli byudjet rejalashtirish tizimi bilan bog‘lanishi davlat investitsiyalari samaradorligini 5 foiz bandga oshirish imkonini bergan.
Estoniya va Shvetsiya tajribasi byudjet mablag‘larini erishilgan natijalar asosida taqsimlash hamda o‘rta muddatli rejalashtirish barcha yo‘nalishlarda xarajatlarni bir xil qisqartirishga nisbatan yuqoriroq samara berishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Litiyli akkumulyatorlarga muqobil natriy-ionli akkumulyatorlar sanoat miqyosida ishlab chiqarilmoqda
Xitoyning CATL kompaniyasi litiy o‘rniga natriydan foydalaniladigan natriy-ionli akkumulyatorlarni sanoat miqyosida ishlab chiqarishni boshladi.
Natriyning tabiatda keng tarqalgani akkumulyatorlar ishlab chiqarishning litiy yetkazib berishga va uning narxidagi o‘zgarishlarga bog‘liqligini kamaytirish imkonini beradi.
Ushbu turdagi akkumulyatorlar elektr energiyasini saqlash tizimlari va shahar elektr transporti uchun istiqbolli hisoblanadi. Chunki ular hatto past haroratlarda ham yuqori sig‘imini saqlab qolish xususiyatiga ega.
Xususan, −40°C haroratda akkumulyator o‘z sig‘imining 90 foizdan ortig‘ini saqlab qolgan.
Chilida rudadan mis ajratib olish darajasini oshiruvchi texnologiya joriy etildi
Chilidagi Las Luces mis boyitish korxonasida Finlyandiyaning Metso kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Sampo Cell texnologiyasi sanoat miqyosida joriy etildi. 2026 yil sentyabr oyida bozorga taqdim etilgan ushbu texnologiya ruda tarkibidagi yirik zarrachalar bilan birga yo‘qotiladigan metall miqdorini kamaytirishga qaratilgan.
Sampo Cell an’anaviy flotatsiya usulida boyitish jarayonida chiqindiga chiqib ketadigan yirik mis tarkibli zarrachalarni ajratib olish imkonini beradi.
Texnologiyaning qo‘llanilishi natijasida misni ajratib olish darajasi 2,6 foiz bandga oshgan.
Yangi uskunani mavjud boyitish liniyalariga ishlab chiqarish quvvatlarini jiddiy modernizatsiya qilmasdan o‘rnatish mumkin.
Shu bilan birga, texnologiya elektr energiyasi sarfini 30 foizgacha, texnologik suv sarfini esa 40 foizgacha qisqartirish imkonini beradi.
Izoh qoldirish