Jahon matbuoti sharhi

Jahon matbuoti sharhi

Xalqaro taraqqiyot banklari iqlim loyihalarini moliyalashtirish hajmini 120 mlrd dollarga yetkazmoqchi (Yevropa investitsiya banki)

Xalqaro taraqqiyot banklari COP31 konferensiyasida iqlim loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma rejalarini taqdim etdi. 2025 yilda daromadi past va o‘rta bo‘lgan mamlakatlarga ajratilgan mablag‘lar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 21 foizga o‘sib, 102,6 mlrd dollarga yetgan. Shundan 68 mlrd dollar issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga, 34,6 mlrd dollar esa iqlim o‘zgarishiga moslashish choralariga yo‘naltirilgan. 2030 yilga borib ushbu mamlakatlarga har yili 120 mlrd dollar ajratish, shuningdek, qo‘shimcha 65 mlrd dollargacha xususiy kapital jalb etish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, banklar investitsiya loyihalarini tayyorlash va moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlik mexanizmlarini kengaytirmoqda. COP31 doirasida infratuzilmani rivojlantirish, suv resurslarini boshqarish va iqlim xavflarini kamaytirishga davlat hamda xususiy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan yangi hamkorlik tashabbusi taqdim etildi. Shuningdek, 30 dan ortiq tadbirni qamrab olgan, dastlabki portfeli 14 mln dollarlik uzoq muddatli iqlim strategiyalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi amalga oshirilmoqda.

Ushbu moliyalashtirish mexanizmlari O‘zbekiston uchun ham ahamiyatli bo‘lib, energetika, sanoat va suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilishga xalqaro moliya institutlari hamda xususiy investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Davlat investitsiya fondlari sun’iy intellekt va strategik infratuzilmaga sarmoyalarni kengaytirmoqda (Reuters)

PwC xalqaro konsalting kompaniyasining 12 noyabrda e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, jahonda suveren investitsiya fondlari aktivlari 2030 yilga qadar qariyb 50 foizga o‘sib, 22,4 trln dollarga, davlat pensiya jamg‘armalari aktivlari esa 36,3 trln dollarga yetishi prognoz qilinmoqda.

Davlat investitsiya fondlari an’anaviy moliyaviy aktivlarga sarmoya kiritishdan sun’iy intellekt va infratuzilma loyihalarini bevosita moliyalashtirishga o‘tmoqda. Bu ularning texnologik rivojlanish va iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlarga ta’sirini kuchaytirmoqda.

Hisobotga ko‘ra, sun’iy intellekt sohasiga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar asosan AQShda jamlanmoqda, bu esa ilg‘or texnologiyalar sohasida kapitalning geografik konsentratsiyasi kuchayayotganini ko‘rsatadi.

Germaniyaning yirik banklari moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashish uchun yagona tizim yaratmoqda (Reuters)

Germaniyaning Deutsche Bank, Commerzbank va jamg‘arma banklari moliyaviy firibgarlikka qarshi kurashish maqsadida qo‘shma korxona tashkil etishga kelishib oldi.

Yangi tizim banklar o‘rtasida shubhali operatsiyalar va ehtimoliy firibgarlik holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni almashish orqali moliyaviy jinoyatlarni erta bosqichda aniqlash imkonini beradi.

Banklar ma’lumotiga ko‘ra, firibgarlar ko‘pincha turli banklardagi hisobvaraqlardan foydalanib, qisqa vaqt ichida mablag‘larni bir moliya muassasasidan boshqasiga o‘tkazadi. Hozirgacha har bir bank faqat o‘z tizimidagi operatsiyalarni kuzatib kelgan. Ma’lumotlar almashinuvi shubhali tranzaksiyalar zanjirini aniqlash va firibgarlik xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar