Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida bir qancha topshiriqlar berdi

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida bir qancha topshiriqlar berdi

Bugun, 22 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida bo‘lib turibdi. Davlat rahbari viloyatning klaster va sanoat korxonalarida, fermer xo‘jaligi dalasida bo‘ldi, bunyodkorlik ishlari, mahallalardagi o‘zgarishlar bilan tanishdi.

Ayni vaqtda Qarshi shahrida xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari hozirgi tahlikali zamonda ichki imkoniyatlarga tayanish va ularni samarali ishga solish zarurligini ta’kidladi.

Sessiyada Qashqadaryo viloyati hokimini tasdiqlash masalasi ko‘rildi.

- Qayerga uddaburron rahbar qo‘yilgan bo‘lsa, natija bo‘layapti. Qashqadaryoga, 3 yarim milliondan ko‘p aholisi bo‘lgan elga rahbar bo‘lish oson emas. Bunday rahbar topish ham oson emas. Qashqadaryoning yeri boy, tuprog‘i unumdor, odamlari mehnatkash. Faqat ularni birlashtirib, yelkadosh bo‘lib, halol ishlash kerak. Hokimni hokim qiladigan, uni ishini ko‘rsatadigan shu xalq. Mahalliy deputatlar, nuroniylar, umuman, odamlar befarq bo‘lmasa, Qashqadaryoning qadamlari tezlashadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Davlatimiz rahbari 2021 yil noyabr oyidan buyon Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Azimov Murotjon Berdialiyevich nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

Dolzarb muammolarni hal etish uchun mablag‘ ajratiladi

Bu yil Qashqadaryoda ijtimoiy soha va infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb muammolarni hal etish uchun respublika byudjetidan qo‘shimcha 360 milliard so‘m ajratamiz - Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan 100 million dollar imtiyozli mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Ushbu qo‘shimcha ajratilayotgan 360 milliard so‘m va 100 million dollar hisobiga ahvoli eng og‘ir bo‘lgan ob’yektlarda bajariladigan ishlarning dastlabki manzilli ro‘yxati shakllantirildi.

Prezident dushanba kuniyoq Moliya vazirligi 100 milliard so‘m ssuda hamda Investitsiyalar vazirligi 100 milliard so‘m mablag‘ni ajratishi bo‘yicha topshiriq berdi.

125 milliard so‘m hisobidan koeffitsiyenti 2,5 dan yuqori bo‘lgan 19 ta maktabga qo‘shimcha bino quriladi. 62 milliard so‘m hisobidan 4,5 mingta sinfxonani 66 mingta parta va 5 mingta doska bilan ta’minlanadi.

Shavkat Mirziyoyev bergan topshiriqlar:

- 337 milliard so‘m hisobidan ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini yaxshilash bo‘yicha loyihalarni bir hafta muddatda boshlashi kerak.

- qo‘shimcha ajratilayotgan 125 milliard so‘mga Koson, Nishon va Kasbi tumanlaridagi 150 kilometr yaroqsiz lotoklarni almashtirish kerak.

- qo‘shimcha ajratilgan 354 milliard so‘m evaziga yo‘llar va ko‘priklarni ta’mirlash ishlarini sifatli amalga oshirishi lozim.

- qo‘shimcha ajratilgan 93 milliard so‘m hisobidan tibbiyot, sport ob’yektlarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish ishlarini ta’minlashi kerak.

Kitob tumanidagi Urgut erkin iqtisodiy zonasi filiali hududi orqali 15 kilometr temir yo‘l qurishiga byudjetdan 50 milliard so‘m berilishi ma’lum qilindi.

Shavkat Mirziyoyev: kuni kecha hududlarda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 300 million dollar mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi qarorni imzoladim.

Shundan 45 million dollarni Qashqadaryodagi tadbirkorlar loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiramiz. Gazi, cuvi, infratuzilmasi bor yerlarda yaxshi loyihalar kerak. Ishchi joylar osmondan tushmaydi. Agar yana mablag‘ ko‘paytirish kerak bo‘lsa, men yana ko‘rib chiqishga roziman.

Shavkat Mirziyoyev bir oy muddatda Yakkabog‘, Chiroqchi, Qamashi, Shahrisabz va Kitob tumanlarida 25 ming gektar yerlarni suv bilan ta’minlash uchun 365 milliard so‘mlik “Ayoqchisoy” sel suv omborini qurish bo‘yicha taklif ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.

Viloyatning og‘riqli muammosi – uy-joy qurish bo‘yicha rejalar

Shavkat Mirziyoyev: Joriy yilda jami 5 ming 36 kvartirali 143 ta ko‘p qavatli uy-joylar foydalanishga topshiriladi. Koson tumanining “Do‘stlik”, Yakkabog‘ tumanining “Ayg‘irko‘l” mahallalarida va Ko‘kdala tumanining Yettitom shaharchasida “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etishni boshladik. Bunda, shu yilning o‘zida 1 ming 316 kvartirali 65 ta ko‘p qavatli uylar, 3 ta bog‘cha, 3 ta maktab, 1 ta tibbiyot muassasasi va ko‘plab zamonaviy xizmat ko‘rsatish ob’yektlari quriladi.

Bundan tashqari, “O‘zbekneftgaz” tomonidan yangi tashkil etilgan “GTL" zavodi ishchilarini uy-joy bilan ta’minlash uchun G‘uzor tumanida ham “Yangi O‘zbekiston” massivi barpo etiladi va joriy yilda 200 xonadonli 10 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshiriladi.

Joriy yilda viloyat aholisiga 730 milliard so‘mlik imtiyozli ipoteka kreditlari hamda 1 ming 795 ta ehtiyojmand oilaga 72 milliard so‘m subsidiya ajratilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, bu yil 30 ta qishloq va mahallalar “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bilan qamrab olinib, bunga 460 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Natijada, 131 ming nafar aholi, jumladan “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan 4 ming nafar fuqaroning yashash sharoiti yaxshilanadi.

Yana 99 ta ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash, atrofini obodonlashtirish, bolalar maydonchalarini qurishga 36 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Qashqadaryoda ichimlik suvi bilan ta’minlashni to‘liq 100 foizga yetkazish uchun harakatdan to‘xtamaymiz, suv bo‘lmasa, aholi sog‘lig‘i yaxshi bo‘lmaydi- Shavkat Mirziyoyev.

Infratuzilma dasturi doirasida va qo‘shimcha ajratilayotgan jami 575 milliard so‘m hisobidan 1 ming 823 kilometr ichimlik suv tarmoqlari, 74 ta suv inshooti quriladi va rekonstruksiya qilinadi.

Natijada, 500 ming nafar aholi ilk bor sifatli ichimlik suv bilan ta’minlanadi, 160 ming nafar aholining suv ta’minoti yaxshilanadi. Markazlashgan ichimlik suv ta’minoti 43 foizdan 58 foizga yetkaziladi.

Elektr energiyasi, gaz muammosi

Joriy yilda 1 ming 215 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 330 dona transformator va 3 ta yuqori kuchlanishli podstansiya quriladi.

Natijada, 479 ta mahalladagi 270 ming aholi va 5 mingdan ziyod tadbirkorlarning elektr energiya ta’minoti yaxshilanadi.

Davlat rahbari Kitob, Shahrisabz tumanlari va Shahrisabz shahrining gaz ta’minotini yaxshilash uchun 1 sentyabrga qadar qo‘shimcha 14 kilometr gaz tarmog‘i tortib kelish bo‘yicha topshiriq berdi.

Bunda, 9 mingdan ziyod aholining gaz ta’minoti qayta tiklanadi va 240 ta korxonaning gaz ta’minoti yaxshilanadi, 300 ta korxona gaz tarmog‘iga ulanadi.

Shavkat Mirziyoyevning qashqadaryolik xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bergan topshiriqlari:

- 8,5 ming nafar xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun 83 milliard so‘m imtiyozli kreditlar yo‘naltiriladi.

- viloyatda 500 nafar ehtiyojmand ayollarga uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar beriladi.

- ijarada yashayotgan 785 nafar ayollarga kompensatsiya ajratiladi, 112 nafar muhtoj va uy-joysiz yolg‘iz ayollar ijtimoiy uylarga joylashtiriladi.

- 4 ming 700 nafar yolg‘iz va muhtoj ayollarning farzandlari uchun davlat bog‘chalari to‘lovi byudjetdan qoplab beriladi.

- yangi o‘quv yilidan 12 ming 410 nafar talaba qizlarga kontrakt to‘lovi uchun foizsiz kreditlar berishni boshlasin.

- yangi o‘quv yilidan boshlab, magistraturada kontrakt asosida o‘qiyotgan 702 nafar talaba qizlarning kontrakt pullarini byudjetdan to‘lab berishni ta’minlasin.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar