Infografika: O‘zbekistonning ShHTga a’zo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligi

Infografika: O‘zbekistonning ShHTga a’zo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligi

Shanxay hamkorlik tashkiloti

Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) — 2001 yilda tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilot. Hozirgi kunda ShHT tarkibiga 10 ta davlat a’zo: Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston.

ShHTda kuzatuvchi davlat maqomiga ega 2 ta davlat — Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston mavjud. Shuningdek, 15 ta davlat ShHTning muloqot bo‘yicha sheriklari hisoblanadi: Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Misr, Kamboja, Qatar, Quvayt, Laos, Maldiv orollari, Myanma, Nepal, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Shri-Lanka.

2017 yilda Hindiston va Pokistonning, 2023 yilda Eronning, 2024 yilda esa Belarusning ShHTga to‘laqonli a’zo bo‘lishi tashkilotning geografik qamrovini kengaytirib, uning xalqaro maydondagi o‘rni va iqtisodiy salohiyatini oshirdi.

Tashkilot tarkibining kengayishi savdo va investitsiya aloqalarini rivojlantirish, transport va tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, mintaqalararo ishlab chiqarish va logistika aloqalarini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratdi.

O‘zbekistonning ShHT davlatlari bilan tashqi savdo ko‘rsatkichlari

ShHTga a’zo mamlakatlar, ayniqsa, Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlari qatoriga kiradi.

2017–2025 yillarda O‘zbekistonning ShHT davlatlari bilan tovar aylanmasi 3,1 barobar oshib, 12,9 mlrd dollardan 40,6 mlrd dollarga yetdi. Eksport hajmi qariyb 1,8 barobar o‘sib, 5,8 mlrd dollardan 10,65 mlrd dollarga, import esa 4,2 barobar oshib, 7,1 mlrd dollardan 29,96 mlrd dollarga yetdi.

2025 yilda ShHT mamlakatlari bilan tovar aylanmasining O‘zbekiston umumiy tashqi savdosidagi ulushi 50%ni tashkil etdi. Eksportda ShHT davlatlarining ulushi qariyb 31,5%, importda esa 63,3%ga teng bo‘ldi. 2025 yilda O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasi 81,2 mlrd dollar, eksport 33,8 mlrd dollar, import 47,4 mlrd dollarni tashkil etdi.

2025 yilda ShHT mamlakatlariga eksport hajmi 10,65 mlrd dollarni tashkil etdi. O‘zbekiston umumiy eksporti tarkibida 9,9 mlrd dollarlik nomonetar oltin mavjud bo‘lib, oltinni hisobga olmaganda ShHT mamlakatlarining eksportdagi ulushi qariyb 44,5%ni tashkil etdi.

2025 yilda O‘zbekistonning ShHT mamlakatlari bilan tashqi savdosida asosiy hamkorlar quyidagilar bo‘ldi:

  • tovar aylanmasida Xitoy — 17,23 mlrd dollar, Rossiya — 12,99 mlrd dollar, Qozog‘iston — 4,97 mlrd dollar;
  • eksportda Rossiya — 4,34 mlrd dollar, Xitoy — 2,47 mlrd dollar, Qozog‘iston — 1,55 mlrd dollar, Qirg‘iziston — 771,1 mln dollar, Tojikiston — 683,1 mln dollar;
  • importda Xitoy — 14,76 mlrd dollar, Rossiya — 8,64 mlrd dollar, Qozog‘iston — 3,42 mlrd dollar.

ShHT davlatlari O‘zbekistonning tayyor mahsulotlari uchun muhim eksport bozorlari hisoblanadi. Meva-sabzavot va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, elektrotexnika tovarlari, to‘qimachilik va avtomobil sanoati mahsulotlari eksportida tashkilotga a’zo mamlakatlar muhim o‘rin egallaydi.

O‘z navbatida, ShHT davlatlari O‘zbekiston iqtisodiyoti va ishlab chiqarishi uchun zarur bo‘lgan mashina va uskunalar, sanoat mahsulotlari, xomashyo va oziq-ovqat tovarlarining yirik yetkazib beruvchilari hisoblanadi. 2025 yilda O‘zbekiston umumiy importining 31,2%i Xitoy, 18,3%i Rossiya, 7,2%i Qozog‘iston va 2,4%i Hindiston hissasiga to‘g‘ri keldi. Faqat ushbu to‘rtta ShHT davlati mamlakat importining 59%dan ortig‘ini ta’minladi.

Investitsiyaviy hamkorlik

2025 yilda O‘zbekistonda asosiy kapitalga yo‘naltirilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 33,5 mlrd dollarni tashkil etdi.

Asosiy kapitalga yo‘naltirilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar tarkibida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 281,1 trln so‘mni, O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostidagi xorijiy kreditlar 32,5 trln so‘mni, kafolatlanmagan xorijiy kreditlar esa 108,5 trln so‘mni tashkil etdi.

Xorijiy investitsiyalar va kreditlarning salmoqli qismi ishlab chiqarish sohalariga yo‘naltirildi. Jami hajmning 33,2%i ishlab chiqarish sanoatiga, 17,1%i elektr va gaz ta’minotiga, 11,9%i tog‘-kon sanoatiga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, xorijiy investitsiyalar va kreditlar transport va omborlash, qurilish, axborot va aloqa hamda boshqa tarmoqlarga yo‘naltirildi.

2025 yilda ShHTga a’zo davlatlar orasida O‘zbekistonga kiritilgan investitsiyalar hajmi bo‘yicha Xitoy yetakchi bo‘lib, uning investitsiyalari 13 mlrd dollarni tashkil etdi. Rossiyadan 2,6 mlrd dollar, Qozog‘istondan 870 mln dollar, Erondan 265 mln dollar, Hindistondan 247 mln dollar, Qirg‘izistondan 197 mln dollar, Tojikistondan 196 mln dollar, Belarusdan 76,5 mln dollar va Pokistondan 52,5 mln dollar investitsiya kiritildi.

Ushbu ko‘rsatkichlar ShHT doirasidagi investitsiyaviy hamkorlikda Xitoy va Rossiyaning salmog‘i yuqori ekanini, shu bilan birga Markaziy Osiyo davlatlari hamda tashkilotning boshqa a’zolari bilan investitsiya aloqalari mavjudligini ko‘rsatadi. Investitsiyalar sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, infratuzilma va boshqa yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun moliyaviy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

ShHTning asoschi davlatlaridan biri sifatida O‘zbekiston tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat va transport-logistika hamkorligini yanada kengaytirishdan manfaatdor.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar