Shavkat Mirziyoyev Toshkentda yangi ochilgan zargarlik korxonasini borib ko‘rdi (+ foto)

Shavkat Mirziyoyev Toshkentda yangi ochilgan zargarlik korxonasini borib ko‘rdi (+ foto)

Zargarlik mahsulotlari butun dunyoda xaridorgir. Ushbu tarmoqda jahon bo‘ylab ishlab chiqarish hajmi yiliga 5-6 foizga o‘sayotgani, tovar aylanmasi 250 milliard dollardan oshayotgani bu sohada ulkan bozor borligini ko‘rsatadi.

Mamlakatimizda bu soha ko‘p yillar e’tibordan chetda qolgandi. Zargarlik korxonalari asbob-uskunalarining 80 foizi eskirgan, ayrimlarida ishlab chiqarish to‘xtagan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 8 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda zargarlikni chinakam sanoat darajasiga olib chiqish vazifasini qo‘ygan edi. Ko‘p o‘tmay, o‘sha yili 18 mayda davlat rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, sohaga chet el investitsiyalarini faol jalb etish, raqobatbardosh va sifatli zargarlik buyumlarini tayyorlashda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Yaqinda poytaxtimizning Chilonzor tumanida ishga tushirilgan “Gold Moon Tashkent” mas’uliyati cheklangan jamiyat ana shu imkoniyatlar natijalaridan biri.

Davlatimiz rahbari bugun ushbu korxona faoliyati bilan tanishdi.

Qiymati qariyb 21 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha doirasida yiliga 6 tonna zargarlik buyumlari ishlab chiqarish quvvati tashkil etilgan. Italiya, Germaniya va Turkiyadan zamonaviy asbob-uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Ishga 400 dan ortiq mohir zargar jalb qilingan. Italiyalik dizayner va texnik xodimlar ularga o‘z mahorat va tajribalarini o‘rgatmoqda.

Sobiq “FONON” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi negizida ochilgan ushbu shirkat mahsulotlari zamonaviyligi, sifati va nafisligi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda ularning xaridori ko‘payib, import o‘rnini bosmoqda. Shuningdek, zavod binosida savdo do‘koni tashkil etilgan. Mahsulotlarning 15 foizini Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va boshqa davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.

- Zargarlik xalqimizda azaldan bo‘lgan, bugun ham bor, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Bizning maqsadimiz - yoshlarni zamonaviy texnologiyalar va dizaynga o‘rgatib, kamida 10 ming nafar yigit-qizni ish bilan ta’minlash, O‘zbekiston milliy brendini jahon bozoriga chiqarish. Yurtimizda xomashyo, qo‘li gul hunarmandlar bor. Bu soha milliy an’analarni tiklash, o‘zligimizni anglash nuqtai nazaridan ham katta poydevor.

Korxona xomashyoni mamlakatimizning tog‘-kon sanoati kombinatlaridan birja savdolari orqali oladi. Bu mahalliy hunarmandlar uchun ham qulaylik yaratadi. Zavod ularga yarim tayyor mahsulotlar yetkazib beradi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar