Xalq ta’limi vazirligi respublikamizning barcha maktablari maxsus «Edusation» tarifiga o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.
Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan markazlashgan holda shartnomalar tuzilishi natijasida hozirda 5 mingga yaqin umumta’lim maktablari «O‘zbektelekom» tomonidan maxsus ishlab chiqilgan «Education» tarif rejasiga ulandi. Keng polasali Internet tarmog‘iga ulanishi imkoniyati bo‘lgan qolgan maktablarni ham ushbu tarifga o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.
Tarif bo‘yicha quvvati 500 o‘quvchi o‘rnidan kam bo‘lgan maktablar uchun internet tarmog‘iga ulanish tezligi 10 Mbit/s, 501 dan 1 000 gacha – 40 Mbit/s, 1 000 va undan yuqori o‘quvchi o‘rinli maktablar, informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktablar – 100 Mbit/s tezlikda ulanishi ko‘zda tutilgan. «Tas-IX» tarmoqlariga ulanish tezligi barcha «Edusation» tariflarida 100 Mbit/s tashkil etadi.
Yangi tarif yordamida elektron ta’lim resusrlari (kitob.uz, edumarket.uz, edukids, Kundalik.com tizimi va boshqalar)da ishlash, Ochiq onlayn kurslaridan foydalanish, qo‘shimcha ta’lim olish uchun YouTube va boshqa tashqi platformalardan foydalanish mumkin.
Bugungi kunda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan barcha maktablarda kompyuter xonalari doimiy ravishda ochiq turishi va o‘quvchilar bundan samarali foydalangan holda o‘zlarining AKT savdxonligini oshirishi uchun sharoitlar yaratilishi ustida ish olib borilmoqda.
Bundan tashqari o‘qituvchilar o‘z ustida ishlashlari uchun xalqaro ta’lim platformalari va resurslaridan erkin foydalanishlariga imkoniyat yaratildi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kungacha barcha maktablar Ziyonet tarifidan foydalangan bo‘lib, undagi tezlik hamda internet resurslari chegaralangan edi.
Izoh qoldirish