“Sug‘urta bozorini raqamlashtirish va hayot sug‘urtasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5265-son, 23.10.2021 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2022 yil 1 iyuldan sug‘urtaning barcha turlarini (klasslarini) elektron shaklda amalga oshirishga ruxsat beriladi.
2023 yil 1 yanvardan majburiy sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha sug‘urta polislarini qog‘oz blankalarda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi.
2022 yil 1 yanvardan 2025 yil 1 yanvargacha hayot sug‘urtasi sohasidagi sug‘urta tashkilotlarining mazkur faoliyati qismi uchun hisoblanadigan foyda solig‘i bo‘yicha belgilangan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.
2022 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 yanvargacha ish beruvchi tomonidan o‘z xodimlari uchun baxtsiz hodisalardan ehtiyot shart sug‘urta qilish va tibbiy sug‘urta turlari bo‘yicha tuzilgan sug‘urta shartnomalari asosida O‘zbekistonda sug‘urta faoliyatini amalga oshirishga litsenziyasi bo‘lgan yuridik shaxslarga yo‘naltiriladigan mablag‘lar jismoniy shaxslarning jami daromadi sifatida qaralmaydi.
2022 yil 1 iyungacha transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha yagona axborot tizimi negizida barcha sug‘urta polislarini ro‘yxatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etiladi.
Sug‘urta shartnomalarini Yagona axborot tizimi orqali rasmiylashtirish sug‘urta tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
2022 yil 1 iyuldan inflyasiyaga bog‘langan davlat qimmatli qog‘ozlari chiqariladi.
Izoh qoldirish