Xalqaro sug‘urta bozoridagi asosiy tendensiyalar: savdoni rivojlantirish, sun’iy intellekt va iqlim o‘zgarishini yumshatish haqida

Xalqaro sug‘urta bozoridagi asosiy tendensiyalar:  savdoni rivojlantirish, sun’iy intellekt va iqlim o‘zgarishini yumshatish haqida

Mutaxassislarning fikricha, xalqaro sug‘urta xizmatlari bozorida ayrim jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Bunga jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan turbulentlik, “raqamlashtirish” hamda iqlim o‘zgarishlari sabab bo‘lmoqda.

  1. Jahon miqyosida sug‘urta xizmatlari bozori yiliga o‘rtacha 3% ga o‘smoqda, 2008-2018 yillarda sug‘urta mukofotlari miqdori deyarli $3 trln.dan $4 trln.ga oshgan.

Mutaxassislarning baholashlaricha, global sug‘urta bozori 2023 y. yakunlariga ko‘ra, $5,5 mlrd. foyda keltirgan.

  1. Hozirgi kunda dunyodagi eng yirik sug‘urta bozori AQSh hisoblanadi (2022 y. yakunlariga ko‘ra, $2,7 trln. sug‘urta mukofoti to‘langan). Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha kuchli beshlikdan Xitoy ($696 mlrd.), Yaponiya (404 mlrd.), Buyuk Britaniya ($399 mlrd.) va Fransiya ($296,4 mlrd.) davlatlari joy olgan.

Ayni vaqtda, mintaqalar kesimida Shimoliy Amerika va G‘arbiy Yevropada sug‘urta mukofotlari hajmi mos ravishda 4% va 6%ga kamaygan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha o‘sish dinamikasi Xitoyda kuzatilmoqda — so‘nggi 10 y. ichida boshqa mamlakatlarga nisbatan deyarli 3 baravar o‘sgan (4% dan 11% gacha).

Ta’kidlash kerakki, davlatlarning sug‘urta bozori umumiy rivojlanish tendensiyalariga ega bo‘lsa-da, ayrim farq qiluvchi jihatlari mavjud. Jumladan, AQShda sug‘urta tashkilotlari davlatga tegishli emas. Ular asosan 3 ta sug‘urta turini taklif qiladi: a) tijoriy; b) xususiy mulk (avtomobil, uy-joy); v) shaxsiy (hayot va sog‘lik, tibbiy, nafaqa va h.k.).

Germaniya sug‘urta bozorining o‘ziga xosligi shundaki, umumiy bozorning 51 foizini mulkiy sug‘urtalar tashkil qiladi. Mamlakat sug‘urta xizmatlari davlat va xususiy sektorga bo‘lingan.

Davlat sug‘urta xizmatlari asosan ijtimoiy ta’minotni (ishsizlik va qarilik nafaqalari, tibbiyot va h.k.) hamda xususiy sektorga tegishli aksiyadorlik sug‘urtalarini o‘z ichiga oladi. Ahamiyatlisi, Germaniyada sug‘urta tashkilotlari boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishi ta’qiqlangan.

RF sug‘urta bozorida so‘nggi yillarda “raqamlashtirish” jarayoni faollashmoqda. Jumladan: a) fermerlar uchun “Agrostraxovka.rf” raqamli platforma ishlab chiqilgan; b) sug‘urta bo‘yicha turli e’tirozlarni muvofiqlashtirish uchun avtomatlashtirilgan robot faoliyati ishga tushirilgan; v) 40% sug‘urta tashkilotlari 10 ta marketpleysda qayd etilgan. Bundan tashqari, ekspertlarning baholashlaricha, 2023 y.da mamlakatda kibersug‘urta bozori 80% ga ortgan.

  1. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, so‘nggi yillardagi iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq hodisalar bir tomondan, sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan talabni oshirmoqda, boshqa tomondan esa, turli tabiiy falokatlar, fors-major holatlarining ortishi sug‘urta kompaniyalar faoliyatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, tabiiy ofatlar natijasida aholiga yetkazilgan moddiy zarar hajmini aniqlash bilan bog‘liq bahsli holatlar ortmoqda. Shuningdek, ayrim hollarda tabiiy falokatlar nisbatan tez-tez kuzatiladigan hududlardan sug‘urta kompaniyalari o‘z faoliyatini to‘xtatmoqda va hokazo.

Bu o‘z navbatida, sug‘urta tizimini “raqamlashtirish” hamda sun’iy intellektni joriy qilishni taqozo etmoqda. Xususan, sug‘urtaning zamonaviy ekotizimini yaratish, xizmat tezligini optimallashtirish, ma’lumotlar tahlili va kiberfiribgarlikdan himoya qilish hamda sun’iy intellektni joriy etish kabi holatlarni ajratib ko‘rsatish mumkin.

  1. 3. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sug‘urta bozori ijobiy rivojlanish tendensiyalarini ko‘rsatmoqda. Buni o‘tkazilgan tahlillar asosida quyidagi yo‘nalishlarda ko‘rish mumkin.

Birinchidan, sohaning huquqiy asoslari mustahkamlandi, raqobatbardosh sug‘urta bozorini rivojlantirishga qaratilgan bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Ikkinchidan, sug‘urta tashkilotlari soni ortishi kuzatildi — 2017 y.da O‘zbekistonda 27 ta sug‘urta kompaniyasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib, ularning soni 41 taga yetdi.

2023 yilda sug‘urta mukofotlarining umumiy hajmi 7,2 trln. so‘mni tashkil etgan va bu o‘tgan yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 67% foizga o‘sgan. Bunda ixtiyoriy sug‘urta turlaridan kelib tushgan sug‘urta mukofotlari hajmi 2023 yilda 6713,6 mlrd. so‘m (93%)ni tashkil qilgan.

Sug‘urta polislari soni esa 1,4 baravar o‘sib, 8,4 mln.taga yetdi va shartnomalar foydalanuvchilar uchun qulay elektron shaklga o‘tkazildi. 2022 yilda sug‘urta kompaniyalari ustav kapitali 2017 yildagiga nisbatan 5,8 baravar o‘sib, 1,88 trln. so‘mni tashkil qildi. 2022 yilda mijozlar uchun sug‘urta to‘lovlarining umumiy miqdori 2,6 trln so‘mni tashkil qildi va bu 2017 yildagiga nisbatan 9,6 baravar ko‘p degani.

Hududlardagi tarkibiy tuzilmalar soni 2017 yildagiga nisbatan 1,5 baravar oshdi va deyarli 2 mingtaga yetdi. Barcha hududlarda 15,4 ming nafar xodim va sug‘urta agentlari uchun barqaror ish o‘rinlari yaratildi. Hozirda sug‘urta kompaniyalari turli yo‘nalishlarda 110 dan ortiq turdagi sug‘urta mahsulotlarini taklif qilmoqda.

Uchinchidan, sohada amalga oshirilgan qator islohotlarga qaramasdan, ekspertlarning fikricha, mamlakat sug‘urta bozori to‘liq shakllanib ulgurmagan.

Mutaxassislarning fikricha, mamlakat sug‘urta xizmatlari bozoridagi qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda: a) sug‘urta badallari hajmining pastligi; b) aholi orasida sug‘urta xizmatlariga ishonchsizlik bilan qarash mavjudligi; v) “raqamlashtirish” jarayonlarining tugallanmagani; g) yangi avlod kadrlarini tayyorlashga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani; d) yuqori geografik konsentratsiyaning mavjudligi, ya’ni sug‘urta tashkilotlarining aksariyati Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan.

Aholi jon boshiga sug‘urta mukofotlari jahonda o‘rtacha $874 ni tashkil qiladi, davlatlar kesimida — Qozog‘istonda $92, Belarusda $77, Ozarbayjonda $50, Armanistonda $32, O‘zbekistonda $15,5 ni tashkil etadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim sug‘urta xizmatlari majburiy bo‘lishiga qaramay, ish beruvchilarning atigi 7,2%, tashuvchilarning 8,6% xavfli ob’yektlarning 1,8 foizi va qurilish-montaj ishlarining 9,2% sug‘urtalangan.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar