Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Surxon vohasi Zarautsoy, Kampirtepa, Jarqo‘ton, Sopollitepa, Dalvarzintepa kabi qadimiy obidalar, Boysuntog‘ tizmasidagi ajib tilsimli G‘ur-g‘urtepa g‘ori, Sangardakning mo‘jizaviy sharsharasi, Xo‘jamayxona, Omonxona shifobaxsh buloqlari va boshqa ko‘plab moddiy va nomoddiy boyliklari bilan hamisha sayyohlar e’tibori markazida bo‘lgan.
Surxondaryo viloyati O‘zbekistonning eng janubiy mintaqasidir. U shimolda Hisor tizmasi, sharqda Bobotog‘, g‘arbda Ko‘hitang va Boysun tog‘lari etaklarini, janubda esa Amudaryoni egallaydi.
Surxondaryo viloyati tog‘ va ekoturizm bilan ajralib turadi. Mintaqada tabiiy landshaftning ajoyib go‘zalligini namoyon qiladigan g‘orlar, massivlar va daralarni ko‘rish mumkin. Bu joylar sayyohlar va sarguzasht izlovchilarning katta e’tiborini tortadi.
Viloyatda ekoturizmni rivojlantirish borasida ham xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, zamonaviy qulayliklarga ega mehmonxonalar, mehmon uylari va xostellarning ko‘pchiligi viloyatning tog‘li hududlarida joylashgan. Ayniqsa, Boysun, Denov, Sariosiyo hamda Sherobod tumanlarida ekoturizm yaxshi rivojlanmoqda. Sariosiyo tumanidagi “To‘palang” suv ombori hududida ekoturizm markazi tashkil etilgan.
Surxondaryo vodiysi yangi madaniyat rivojining sarchashmasi bo‘lgan. U tarixga taniqli shoirlar, dinshunoslar, islom dini arboblari, faylasuflarning nomlarini berdi. Ularning sharofati bilan o‘rta asrlarning ajoyib me’moriy yodgorliklari paydo bo‘ldi. Ushbu yodgorliklarning ahamiyati butun Islom olami uchun muhim.
Viloyatning eng qadimiy shahri va markazi bo‘lgan Termizda va uning atrofida zardushtiylar, nestorianlar, buddistlar kabi turli xalqlarning shaharlari va qal’alarining xabarlari, me’morchilik va arxeologiya obidalari, shuningdek, islom me’morchiligi yodgorliklari saqlanib qolgan.
Ko‘rsatkichlar dinamikasida ijobiy o‘sish
Turizm sohasida olib borilgan islohotlar natijasida o‘tgan 6 yil davomida viloyatda mehmonxonalar va boshqa xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida qiymati 597,1 mlrd.so‘mga teng bo‘lgan 118 ta loyiha amalga oshirilgan va 2 ming nafar aholining bandligi ta’minlangan.
Aytish kerakki, bugungi kunda viloyatda 49 ta mehmonxona, 141 ta oilaviy mehmon uylari, 9 ta xostel, 40 ta turistik toifaga kiruvchi transport vositalari ishlab turibdi.
Jumladan, 2022 yilda qiymati 178,6 mlrd.so‘mlik 38 ta loyiha ishga tushirilgan.
Shuningdek,
- Termiz shahrida “SAXOVAT IPAK SERVIS” MChJ tomonidan 15 mlrd.so‘m mablag‘ evaziga mehmonxona loyihasi amalga oshirildi. Ushbu mehmonxona o‘tgan davr mobaynida 10 ming nafardan ortiq sayyohlarga xizmat ko‘rsatdi.
Viloyatda turistlar tashrif maskanlari sonini ortirish maqsadida Termiz hayvonot bog‘ini rekonstruksiya qilish ishlariga byudjet mablag‘lari hisobidan 19 mlrd.so‘m sarflandi.
O‘tgan 6 yil davomida viloyatda yirik savdo komplekslarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Shundan,
- Termiz shahrida “Ice berg” muz saroyi, “Indinem” savdo majmuasi;
- Termiz tumanidagi “Sargo centr” majmuasi;
- Angor tumanida “Angor Baraka” savdo markazi;
- Qumqo‘rg‘on tumanida “Baraka savdo majmuasi” foydalanishga topshirildi.
Ushbu savdo markazlarida bolalar o‘yin maydonchalari, savdo nuqtalari, milliy hunarmandchilik mahsulotlari, restoran va kafelar tashkil etilgan.
Surxondaryo viloyatida 2017 yilda turistlar tashrif buyuradigan atiga 48 ta turizm ob’yektlari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ob’yektlar soni 116 ta (241,6 %)ga yetkazildi.
Mavjud 116 ta turizm ob’yektlaridan, Termiz shahrida 6 tasi, Jarko‘rgon, Sho‘rchi va Denov tumanlarida 5 tadan, Boysun, Qumqo‘rg‘on, va Sariosiyo tumanlarida 4 tadan ob’yektlar joylashgan.
Shuningdek, Termiz tumanida “Marvarid”, “Oksus”, “Eko turizm” maskanlari tashkil etildi.
Buning natijasida turistlar uchun qulayliklar yaratilib, ularning viloyat hududida bo‘lish kunlari 1 kundan - 3 kungacha oshirildi.
Boysun tumanidagi 7 ta, “Inkabod”, “Dashtig‘oz”, “Mustaqillik”, “Tuzbozor”, “Bibishirin”, “Temir Darvoza” va “Sayrob” mahallalari turizm yo‘nalishiga ixtisoslashtirildi.
Mazkur mahallalarda turizm sohasini rivojlantirish va sayyohlarga qulay sharoit yaratish maqsadida:
- 5 ta mehmonxona va 22 ta mehmon uylari;
- 10 ta o‘tov (qora uy);
- 4 ta hunarmand markazi va 1 ta turizm xizmat markazi;
- 1 ta sport turizmi va sayr xizmati majmuasi;
- 11 ta ovqatlanish shoxobchasi va 8 ta transport, texnik-servis xizmatlari tashkil etildi.
Xususan, Boysun tumani “Inkobod” mahallasi Omonxona qishlog‘ida bugungi kunda 1 ta sog‘lomlashtirish markazi, 2 ta mehmonxona, 1 ta xostel va 20 dan ortiq oilaviy mehmon uylari faoliyat yuritmoqda.
Viloyatdagi turizm ob’yektlarining infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida jami 37,2 mlrd.so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi.
Shundan,
- madaniy meros ob’yektlari va ularning hududlarini rivojlantirishga hamda turizm va yondosh infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan loyihalar uchun 14,4 mlrd.so‘m;
- yo‘l infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 23,1 mlrd.so‘m mablag‘ ajratilgan.
Shundan, Denov tumani markazida joylashgan Said Otaliq madrasasini tiklash-ta’mirlash uchun 19,0 mlrd.so‘m mablag‘ ajratildi.
Bundan tashqari,
- Termiz tumanidagi “Qoratepa” va “Fayyoztepa” yodgorliklari;
- Sho‘rchi tumani “Dalvarzintepa” yodgorligi;
- Boysun tumanidagi “Omonxona bulog‘i” va “Xo‘jaqo‘chqor ota” ziyoratgohi;
- Oltinsoy tumanidagi “So‘fi Olloyor” va “Xo‘jaipok ota” ziyoratgohlariga olib boruvchi jami 25 km yo‘llar ta’mirlandi.
Surxondaryo viloyatiga 2022 yil yakuniga ko‘ra 1,1 mln nafar, shundan, qo‘shni Tojikiston Respublikasidan 2022 yil davomida 256 ming nafar, boshqa xorijiy davlatlardan (85 ta davlatdan) 150 ming nafar va 694 ming nafar mahalliy sayyohlar tashrif buyurgan.
Bu esa o‘tgan vaqt mobaynida viloyatga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni 13 barobarga ortganligini ko‘rsatadi.
O‘tgan yillarda tashrif buyurgan turistlar o‘rtacha 80-90 dollar atrofida sarflab, bor yo‘g‘i bir kun qolgan bo‘lsa, 2022 yil yakunida esa tashrif buyurayotgan sayyohlar o‘rtacha 250-300 dollargacha bo‘lgan mablag‘ sarflab, 3 kungacha tunab qolishgan.
Viloyatga tashrif buyurgan turistlar tomonidan 2018 yilda 1,7 mln. dollar sarflangan bo‘lsa, 2022 yilda esa ushbu ko‘rsatkich qariyib 7 barobarga ortib 12 mln. dollarni tashkil etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 135-sonli qarorga muvofiq aholining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida, tuman yoki shahar markazlarida piknik zonalar tashkil qilish vazifasi belgilangan.
Mazkur qaror doirasida Denov, Sariosiyo, Uzun va Oltinsoy tumanlarida piknik zonalar tashkil etildi.
2030 yilgacha vazifalar
2030 yilgacha bo‘lgan davrda viloyatda turistlar tashrif buyuradigan yangi va yirik ob’yektlar sonini kamida 140 taga oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Termiz shahri, Boysun, Sariosiyo, Denov, Sherobod va Oltinsoy tumanlarida mehmonxonalar soni 85 tadan 150 taga yetkaziladi.
Mehmonxonalardagi o‘rinlar soni 6450 taga yetkaziladi.
Bundan tashqari viloyatning tog‘li hududlarida 25 ta xostellar va 200 dan ortiq oilaviy mehmon uylari tashkil etilishi va ulardagi o‘rinlar soni 2500 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga viloyatning Termiz, Boysun, Sherobod, Sariosiyo va Oltinsoy tumanlarida dam olish va sog‘lomlashtirish markazlari quriladi.
Sherobod tumanidagi Xo‘jaikon tuz g‘ori atrofida tadbirkorlik sub’yektlarini jalb qilgan holda 2 ta sog‘lomlashtirish markazi tashkil etiladi.
Bundan tashqari, turistlar doimiy tashrif buyuradigan Oltinsoy tumanidagi Xo‘jaipok bulog‘ida 1 ta, Boysun tumanidagi Omonxona bulog‘i 1 ta, Sariosiyo tumanidagi Sangardak sharsharasi va Termiz tumanidagi Uchqizil ko‘li atroflarida 1 tadan, jami 6 ta aholi uchun zamonaviy va arzon sog‘lomlashtirish va dam olish markazlari quriladi.
Buning natijasida viloyatda tabiiy sog‘lomlashtirish markazlari soni 10 taga yetkaziladi.
Bunda birgina Boysun tumanining o‘zida tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan qariyb 100 mlrd.so‘m evaziga 2 ta yirik turizm kompleksi qurilishi rejalashtirilgan.
Ushbu kompleksda mehmonxonalar, restoranlar, sog‘lomlashtirish markazlari va boshqa xizmat ko‘rsatish markazlari quriladi.
Kelgusi yillarda Surxondaryo tarixida muhim rol o‘ynagan 10 ta jumladan, Xumxona, Tallitog‘ara, Qoratepa, Zurmola, Uzundara, Poyonqo‘rg‘on, Dalvarzintepa, Robot, Burgutqal’a, Hayitobod tepa kabi madaniy meros ob’yektlarida arxeologik qazishma ishlarini olib borishlari uchun davlat tomonidan 50 mlrd.so‘m mablag‘ ajratiladi.
Bundan tashqari, viloyatdagi tabiiy ofatlar natijasida katta ziyon yetayotgan Qirqqiz, Zurmola, Fayoztepa, Qoratepa kabi buddizm ob’yektlarining ustini yopish bo‘yicha amaliy ishlar olib boriladi.
Shu bilan birga, har yili 5 tadan Surxondaryo viloyatining madaniy meros ob’yektlarida arxeologik qazishma ishlari olib boriladi.
Bundan tashqari viloyatdagi turistlar doimiy tashrif buyuradigan 30 ta turistik ob’yektlarga olib boruvchi 42 km yo‘llar holati yaxshilanadi.
Viloyatdagi Madaniy meros ob’yektlarini saqlash, ularni restavratsiya qilish va ularga olib boruvchi yo‘llar holatini yaxshilash maqsadida 50 mlrd.so‘m miqdoridagi mablag‘lar ajratiladi.
Termiz shahrida qariyb 30 mlrd.so‘mga viloyatning buyuk tarixiy shaharlarini o‘zida umumlashtirgan “Etno shaharcha” bunyod etiladi.
Ushbu shaharchada viloyatning tarixi, dini, madaniyati va etnografiyasi namoyish etiladi, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun shou konsert tomoshalari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, viloyatda 2030 yilda 8 ta yangi masjidlar qurilib, aholiga diniy amallarini bajarishlari uchun foydalanishga topshiriladi.
Viloyatga keluvchi turistlar sonini ko‘paytirish maqsadida, avia va temir yo‘l qatnovlari soni orttiriladi.
Buning natijasida 2030 yilga kelib viloyatga tashrif buyuruvchi xorijiy turistlar soni kamida 900 ming nafarga, mahalliy sayyohlar soni 5 mln nafarga yetkaziladi.
Xorijlik sayyohlarga xizmat ko‘rsatish hajmlari oshiriladi va bir kunlik xarajatlari hozirgi 80 dollardan - 150 dollargacha yoki 1,8 barobarga ortadi.
Viloyatning xorijlik sayyohlarga xizmat ko‘rsatish orqali yillik daromadi 70 mln.dollarga yetkaziladi.
Bundan tashqari, viloyatda o‘tkazilayotgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali o‘tkaziladigan kunlar 2 kundan - 7 kungacha uzaytirish, “Al-Hakim at-Termiziy” xotirasiga bag‘ishlangan kurash musobaqasida ishtirok etuvchi davlatlar sonini ko‘paytirish, xorijlik ishtirokchilar bilan birga kurash sport turiga qiziquvchi muhlislarni ham keng jalb etish mo‘ljallangan.
Surxon vohasida xalqaro darajadagi rassom Ro‘zi Choriyev nomidagi xalqaro rassomlar ko‘rik tanlovi tashkil etiladi va Ro‘zi Choriyevning 100 yillik yubileyi keng nishonlanadi.
Ushbu tadbirlarni tashkil etish va tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida Surxondaryo viloyatiga tashrif buyuruvchi sayyohlarning qolish kunlari hozirgi 3 kundan 5 kungacha uzayishi kutilmoqda.
Muxtasar aytganda, Surxondaryo viloyatining shonli o‘tmishi, bugungi zamonaviy qiyofasi, qolaversa, yaratilayotgan qulay infratuzilmalar vohaning jozibador turistik salohiyatini yanada oshirishga imkon bermoqda.
Izoh qoldirish