Tadbirkorlarga charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida kreditlar ajratiladi va charm mahsulotlari savdosiga ixtisoslashtirilgan “Multibrand” do‘konlari tashkil etiladi

Tadbirkorlarga charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida kreditlar ajratiladi va charm mahsulotlari savdosiga ixtisoslashtirilgan “Multibrand” do‘konlari tashkil etiladi

“Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–4982-son, 08.02.2021 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 2021-2022 yillarda charmdan tayyor mahsulotlar, charm-attorlik, shuningdek, mo‘yna va jundan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 50 million AQSh dollari miqdoridagi kredit liniyalari ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tijorat banklarida ochiladi.

Kredit liniyalari tegishli tijorat banklariga 3 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 7 yil muddatgacha, yillik 4 foiz stavkasi shartlarida ochiladi.

Kreditlar tadbirkorlarga zamonaviy yangi uskuna va texnologiyalarni xarid qilish uchun 2 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 7 yil muddatgacha, yillik 6 foiz stavkasida ajratiladi.

Qaror bilan 2023 yil 1 yanvargacha O‘zbekistonga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladigan xomashyo, materiallar va furnituralar ro‘yxati (71 ta) tasdiqlandi.

Shuningdek, “Oybek-avtoyo‘l” (Toshkent viloyati) va “Sariosiyo-avtoyo‘l” (Surxondaryo viloyati) chegara o‘tkazish punktlaridan qo‘shni davlat chegarasigacha bo‘lgan joylarda eksperiment tariqasida mahalliy tayyor mahsulotlar savdosiga ixtisoslashtirilgan savdo nuqtalari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, respublika hududlarida va xorijda charm mahsulotlari savdosiga ixtisoslashtirilgan “Multibrand” do‘konlari tashkil etilib, uning elektron savdo platformasi yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda tadbirkorlarning 540 ta loyihasiga 16,5 trln so‘m kreditlar ajratiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar