Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni notijorat maqsadlari uchun olib o‘tish tartibi yanada takomillashtiriladi

Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni notijorat maqsadlari uchun olib o‘tish tartibi yanada takomillashtiriladi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, ma’muriy va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, shuningdek, bojxona organlari faoliyatini rivojlantirish uchun munosib shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shuning bilan bir qatorda, jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni xalqaro standartlar asosida yanada soddalashtirilmoqda.

Xususan, bugungi kunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 fevraldagi PQ-3512-sonli “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan bojxona to‘lovlari undirilmaydigan tovarlarni respublikamizga olib kirishni chegaraviy normalari o‘rnatilgan.

Davlat bojxona qo‘mitasi jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadida olib o‘tilayotgan tovarlarni bojxonada deklaratsiyalanishi tartibini yanada takomillashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadida tovarlarning olib o‘tish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasini ishlab chiqdi.

Loyihada, O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegara o‘tkazish punktlari orqali tovarlarni olib kiruvchi jismoniy shaxslar uchun, qonunchilik bilan o‘rnatilgan tartibda, bir qancha bojxona to‘lovlari o‘rniga yagona bojxona to‘lovini undirishni nazarda tutuvchi bojxona to‘loviga tortish va bojxona rasmiylashtiruvining soddalashtirilgan tartibini joriy etish nazarda tutiladi.

Shu bilan birga, loyihada yagona bojxona to‘lovi, xususan, respublikamizga jismoniy shaxslar tomonidan bojxona to‘lovlari undirilmaydigan chegaraviy normadan oshgan tovar qiymatidan kelib chiqib, tovarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodi va kelib chiqish mamlakatidan qat’iy nazar, barcha toifa(kategoriya)dagi tovarlar bo‘yicha undirilishi ko‘zda tutilgan.

Yagona bojxona to‘lovini quyidagi miqdordagi stavkalarda o‘rnatish taklif etiladi:

- oziq-ovqat mahsulotlari uchun - 30%, lekin kamida 1 kg uchun 2 AQSh dollari;

- nooziq-ovqat mahsulotlari uchun - 50%, lekin kamida 1 kg uchun 4 AQSh dollari.

Stavkalar amalda o‘rnatilgan bojxona bojlari, aksiz solig‘i va qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkalarining (keyingi o‘rinlarda QQS) o‘rtacha yig‘indisi asosida hisoblanadi.

Masalan, sut mahsulotlaridan biri bo‘lgan pishloq tovariga 15% miqdorida bojxona boji, 10% miqdorida aksiz solig‘i va 15% miqdorida qo‘shilgan qiymat solig‘i belgilangan. Jami bo‘lib ushbu tovarga 44% miqdorida bojxona to‘lovlari to‘lanishi lozim.

Joriy qilinayotgan tartibga muvofiq esa pishloq mahsulotiga 30% miqdorida yagona bojxona to‘lovi joriy etilmoqda.

Shu kabi holatni shokolad mahsulotlari misolida ham ko‘rish mumkin, xususan ushbu mahsulotga 30% miqdorida bojxona boji, 10% miqdorida aksiz solig‘i va 15% miqdorida qo‘shilgan qiymat solig‘i belgilangan. Jami bo‘lib ushbu tovarga 61% miqdorida bojxona to‘lovlari to‘lanishi lozim.

Joriy qilinayotgan tartibga muvofiq shokolad mahsulotiga 30% miqdorida yagona bojxona to‘lovi joriy etilmoqda.

Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlari hisoblanuvchi va Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasining 6105 tovar pozitsiyasida tasniflanadigan kiyim kechak tovarlari uchun 20% miqdorida bojxona boji va 15% miqdorida qo‘shilgan qiymat solig‘i belgilangan. Jami bo‘lib ushbu tovarga 38% miqdorida bojxona to‘lovlari to‘lanishi lozim.

Hozirgi amaliyotda jismoniy shaxslar tomonidan olib kelingan ushbu tovarlarning kelib chiqish sertifikatlari taqdim qilinmagan taqdirda Bojxona kodeksining 300-moddasi talablariga muvofiq ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan bojxona bojlarining stavkalari ikki baravar oshirilgan miqdorida hisoblanadi. Bu holatda pishloq mahsulotiga 51%, shokolad mahsulotiga 95%, kiyim kechak tovarlariga 61% miqdorida bojxona to‘lovlari belgilanadi.

Ushbu tahlillardan ko‘rinib turibdiki, yagona bojxona to‘lovining joriy etilishi chegara o‘tkazish punktlarida jismoniy shaxslar tomonidan bojxona to‘lovlari undirilmaydigan me’yorlardan ortiq tovarlar uchun to‘lovlarni hisoblash tartibotlarini keskin soddalashtiradi va tirbandliklarni oldini oladi.

Shuningdek, chegara o‘tkazish punktlari orqali harakatlanayotgan jismoniy shaxslar tomonidan olib o‘tilayotgan belgilangan me’yordan ortiqcha tovarlar uchun to‘lovlarni hisoblashga sarflanayotgan o‘rtacha vaqtni 40 daqiqadan 10 daqiqagacha qisqartirish imkonini beradi.

Ta’kidlash joizki, bu kabi amaliyot Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlarda ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu davlatlarda jismoniy shaxslar tomonidan bojsiz olib kirish normasidan oshgan olib o‘tilayotgan tovarlar bo‘yicha bojxona rasmiylashtiruvi QQS, aksiz va bojxona bojini o‘rniga, soddalashtirilgan tartibda, yagona bojxona to‘lovini undirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Mazkur to‘lov shakli tovarlar qiymatidan 30%, lekin har bir kg.dan 4 yevrodan kam bo‘lmagan miqdorda, xususan normadan oshgan qismiga undiriladi.

Shu bilan birga, loyihada jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali qo‘l yuki bilan olib kirilgan oziq-ovqat mahsulotlarining sanoat qadoqlari bo‘lishi majburiy shartini kiritish taklif etilmoqda.

Chunki, hozirgi vaqtda chegara bojxona postlari orqali jismoniy shaxslarning qo‘l yuki ichida sanoat qadoqlarisiz oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish holatlari ko‘plab uchramoqda.

Mazkur vaziyatni o‘rganish natijasida, mamlakatga import qilingan oziq-ovqat mahsulotlari sifati yaxshi emasligi hamda mahsulotga qo‘yilgan sanitariya-epidemiologik va gigiyenik talablarga javob bermasligi aniqlandi.

Xalqaro tajribani o‘rganish shuni ko‘rsatmoqdaki, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi, Xitoy Xalq Respublikasi, AQSh mamlakatlarida jismoniy shaxslar tomonidan ayrim turdagi tovarlar (go‘sht, sut mahsulotlari, mevalar, sabzavotlar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari)ni olib o‘tish chog‘ida sanoat qadoqlarining mavjud bo‘lishi sharti nazarda tutilgan va sanoat qadoqlari bo‘lmagan tovarlarni olib kirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunga sabab qo‘l yukida olib kirilayotgan hatto ozgina miqdordagi go‘sht qadoqlanmagan bo‘lsa, u bilan oqsim, cho‘chqa grippi, parranda grippi, Qrim kongo lixoradkasi, Qorason kabi kasalliklar kirib kelishi ehtimoli paydo bo‘ladi hamda pirovard natijada davlatning butun bir chorvachiligi qirilishi mumkin.

Yoki ikkinchi holatda mevalar yoki urug‘larda o‘simliklar kasalliklarini tarqatuvchi zararli organizmlarni kirib qolishi davlatning o‘simlik dunyosini nobud bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Texnik tartibga solish sohasida normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovarlarni olib kirilishini oldini olish uchun, jismoniy shaxslar tomonidan olib kirishda tadbirkorlik faoliyati maqsadini nazarda tutmaydigan tovarlar toifa(kategoriya)lari ro‘yxatini loyiha bilan tasdiqlash nazarda tutilmoqda.

Mazkur ro‘yxatga meditsina, xirurgik, stomatologik yoki veterinar mebellari, markaziy isitish uskuna-anjomlari, va boshqalar kiritilgan.

Ushbu tovarlar olib kirilgan taqdirda, bojxona idoralari tomonidan ular shaxsiy extiyoj uchun olib kiriladigan tovarlar toifasiga kiritilmay, ularga belgilangan tartibda notarif boshqaruv usullari (sertifikat, ruxsatnoma va hk.) qo‘llaniladi.

Mazkur qaror loyihasi https://regulation.gov.uz saytida umumxalq muhokamasi uchun joylashtirildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar